Top.Mail.Ru

Ipoteka krediti: qurilish va rekonstruksiya uchun kreditdan foydalanish tartibi qanday?

Avvalo, ipoteka krediti rasmiylashtirish jarayonida qanday tavakkalchiliklarni hisobga olish lozim?

Ipoteka krediti: qurilish va rekonstruksiya uchun kreditdan foydalanish tartibi qanday?

Avvalo, ipoteka krediti rasmiylashtirish jarayonida qanday tavakkalchiliklarni hisobga olish lozim? Odatda, ipoteka krediti asosan katta mablag‘ olish hisobiga rasmiylashtiriladi, shu sababli yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka krediti olish istagidagi shaxslar quyidagi savollarga aniqlik kiritib olishi zarur:

1.     Boshlang‘ich badal uchun qancha mablag‘im bor va qancha summa bankdan ipoteka krediti rasmiylashtirishim kerak? Chunki, qoidaga ko‘ra ipoteka shartnomalari tegishli shartlariga asosan, uy-joy uchun to‘lanuvchi boshlang‘ich to‘lov (25-30 foizi) mijoz mablag‘i, qolgan 70 foizi esa tijorat banklari mablag‘lari hisobidan kredit ajratish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

2.     Kreditni oyma-oy to‘lab borish uchun har oy daromadingizning qancha qismini tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit to‘lovini to‘lashga tayyorsiz va buni qancha muddatda bajara olasiz?

3.     Daromadingiz va kelgusi xarajatlaringizni baholang.

4.     Agar kredit to‘lovingiz yillik daromadingizning ½ dan ko‘prog‘idan oshsa, sizda qarzni to‘lay olmaslik xavfi mavjud.

5.     Shoshilmasdan ipoteka kreditlari taqdim etilayotgan barcha tijorat banklarining takliflarini solishtiring, shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘qing. Shartnomaning har bir bandini to‘g‘ri tushunganingizga ishonch hosil qiling. 

Tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlari nechi yil muddatga ajratiladi va qaysi banklar tomonidan kreditni rasmiylashtirish mumkin? 

Ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan taʼminlash maqsadida qabul qilingan Farmonga ko‘ra, ipoteka krediti O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi pul mablag‘larini tijorat banklariga 20 yil muddatga bozor shartlari asosida joylashtiradi hamda tijorat banklari aholiga o‘z mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ipoteka kreditlarini taqdim etadi. 

Xususan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka krediti olish istagidagi shaxslar O‘zsanoatqurilishbank, Hamkorbank, Mikrokreditbank, O‘zMilliy bank, Aloqabank, Qishloqqurilishbank, Turonbank, Oriyentfinansbank, Xalq bank, Agrobank, Ipotekabank va Asakabanklarga murojaat qilishlari mumkin.

Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) istagidagi shaxsga qo‘yiladigan talablar qanday?

  • ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgan kunida 18 yoshga to‘lgan va 
    60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
  • doimiy ish joyiga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga, shuningdek ipoteka krediti bo‘yicha hisoblangan foizlarni va asosiy qarzni to‘lov jadvaliga muvofiq har oyda to‘lash uchun yetarli bo‘lgan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa daromad manbaiga ega bo‘lgan shaxslar;
  • qarz yuki ko‘rsatkichi (ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya berish nazarda tutilgan hollarda foiz uchun subsidiyani hisobga olgan holda) 70 foizdan yuqori bo‘lmagan shaxslar;
  • Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining kamida 15 foiz miqdorida (boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxslar;
  • ipoteka kreditini ajratishni ko‘rib chiqish vaqtida kredit tashkilotlaridan avvalgi olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan shaxslar.

Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining  85 foizigacha hamda:

  • Qishloq joylarda – 267,75 mln. so‘mgacha;
  • Hududlardagi shaharlarda – 309,4 mln. so‘mgacha (Toshkent shahridan tashqari)

Ipoteka krediti rasmiylashtirish jarayonida moliyalashtirish qay yo‘sinda amalga oshiriladi va bunda kredit rasmiylashtiruvchi shaxsga naqd pul ko‘rinishida ajratiladimi?

 Moliyalashtirish 3 bosqichda amalga oshiriladi, yaʼni 1-bosqich-30 foiz, 2-bosqich – 70 foiz, 3-bosqich -  100 foiz. Kredit qurilish tashkilotlariga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ipoteka kreditini rasmiylashtirish uchun jismoniy shaxs bankka qanday hujjatlarni taqdim etishi lozim?

1) kredit buyurtmanomasi;

2) qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchi pasportining (harbiy guvohnoma) nusxasi;

3) qarz oluvchi/birgalikda qarz oluvchining moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;

4) yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda boshlang‘ich badal mablag‘larini shakllantirilganligini tasdiqlovchi xujjat;

5) pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma (Pudrat tashkiloti jalb qilgan holda qurilish, rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganda)

6) yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) uchun yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini tasdiqlovchi xujjat;

7) loyiha-smeta hujjatlari;  

Kredit rasmiylashtirishda imtiyozlar mavjudmi? 

Albatta, kredit rasmiylashtiruvchi shaxsga ipoteka krediti ajratish vaqtida 6 oylik imtiyozli davr  (mijoz talabiga ko‘ra) belgilanadi. Qarz oluvchining xohishiga ko‘ra ipoteka krediti bo‘yicha to‘lovlarni annuitet yoki differensial usulda amalga oshirish huquqi beriladi. 

Yakka tartibda uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish qay tartibda amalga oshiriladi:

  • Uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish ishlarini boshlashdan avval o‘z tanloviga ko‘ra loyihalash tashkilotiga loyiha – smeta hujjatlari uchun buyurtma beradi;
  • uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish va kelishish uchun shahar (tuman)lar qurilish bo‘limlariga murojaat qiladi;
  • uy-joyning qurilishi yoki rekonstruksiya ishlari tugallangandan keyin qarz oluvchi 1 (bir) oy muddatda  uy-joyni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi;
  • belgilangan tartibda uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;
  • o‘z hisobidan qurilishi (rekonstruksiya ishlari) tugallangan ipoteka predmetini yo‘qolish va shikastlanish tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish shartnomasini tuzadi;
  • ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma yoki qonun asosida ipotekani rasmiylashtiradi va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.

 

11:50 • 27 September, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish