Bugungi kunda kredit olishning ko’plab usullari mavjud. Oilaviy tadbirkorlik uchun, uy- joy ta’mirlash, shaxsiy ehtiyojlar, ta’lim uchun, overdraft, mikroqarz va boshqalar…
Aksariyat banklarda kredit olish uchun hujjat rasmiylashtirish jarayoni uzoq vaqtni oladi. Ishonchli kafil shaxs topish yoki garov sifatida ko’chmas mulkni biriktirish kabi shartlar esa barcha uchun ham mos kelavermaydi.
Bu kabi holatlarni hisobga olgan holda mehnatga layoqatli aholini moddiy qo’llab- quvvatlash maqsadida 2021-yilning 3-dekabr kuni Prezident Sh. Mirziyoyev tomonidan “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi PF-29-sonli farmon imzolandi.
Unga muvofiq yangi lavozim turi joriy etilib, uning tumanlar (shaharlar) kesimidagi vakillarining vazifa va majburiyatlari belgilab berildi.
Farmonga ko’ra, hokim yordamchisi, har kuni o’zlariga biriktirilgan mahalladagi 10 ta xonadon bilan shaxsan tanishib, ulardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni aniqlashi, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirishi, aholining ishsiz hamda yordamga muhtoj qatlami bilan doimiy suhbat olib borishi kerak.
Shuningdek, hududni rivojlantirishning drayver sohalarini aniqlab, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolarni ishga jalb etish, mehnatga layoqatli va moddiy yordamga muhtoj kichik biznes vakillariga kredit olishga ko’mak berish va qonunchilikda belgilab berilgan boshqa vazifalar ham lavozim majburiyatlariga kiritilgan.
Quyida hokim yordamchisi tomonidan tavsiya beriladigan kredit, subsidiya, grant va moddiy yordam turlarining ro’yxati keltirilgan.
T/r | Moddiy yordam turi | Tavsiya | Miqdori |
1. | Oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun | Kredit | Belgilangan tartibda |
2. | Yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun | Subsidiya | BHMning 30 baravarigacha |
3. | Sug‘orish vositalarini xarid qilish uchun | Subsidiya | BHMning 10 baravarigacha |
4. | Urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun miqdorda subsidiya ajratish uchun | Subsidiya | BHMning 3 baravarigacha |
5. | Qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritishi uchun miqdorda uchun subsidiya ajratish. | Subsidiya | BHMning 10 baravarigacha |
6. | “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga 3 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratish sharti to‘qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun | Subsidiya | har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravari miqdorida |
7. | “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi a’zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish uchun | Subsidiya | BHMning 10 baravari miqdorida |
8. | “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiyalar ajratish. | Subsidiya | 7 million so‘mgacha |
9. | Tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovi uchun | Subsidiya | Ijara narxiga mos ravishda |
10. | Hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlarini qoplash uchun | Subsidiya | A’zolik badali narxida |
11. | O‘rmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz shaxslarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularga ish haqi to‘lash xarajatlarini qoplash uchun | Subsidiya | 6 oy davomida o‘rtacha ish haqining 50 foizi miqdorida, biroq har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobaridan oshmagan miqdorda |
12. | Usta-shogird an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashi uchun | Subsidiya | Belgilangan tartibda |
13. | Kasb-hunar ta’limi muassasalariga — band bo‘lmagan shaxslar, ayniqsa, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun grant ajratish. | Grant | Belgilangan tartibda |
14. | Kasb-hunarga o‘qitish markazlari, kollejlar va oliy o‘quv yurtlarida kasb-hunarga tayyorlash va boshqa yo'nalishlarda qayta tayyorlash va malakasini oshirishni moliyalashtirish uchun grant ajratish. | Grant | Belgilangan tartibda |
15. | Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish markazlariga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan qoplab berish. | O‘qitish xarajatlarini qoplab berish | Xarajatlarning 75 foizigacha qismini |
16. | Tomorqa yer egasi bo‘lgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun | Urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun xarajatlarni to‘lab berish | BHMning 8 baravarigacha miqdorda |
17. | “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan fuqaroga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning ijara xarajatlari uchun | Ijara xarajatlarini qoplab berish | noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha |
18. | Tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun | Asbob uskuna va mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiya ajratish | BHMning 40 baravarigacha miqdorda |
19. | “Har bir yoshga — bir gektar” tamoyili asosida g‘alladan bo‘shagan yerlarda takror sug‘oriladigan yer maydonlaridan ekin ekish uchun va dehqon xo‘jaligi yuritish uchun | Ikkilamchi ijara huquqi asosida ekin maydonlarini ajratib berish | Belgilangan tartibda |
20. | “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ajratilgan yer maydonlarini sug‘orish tizimi va elektr energiyasi bilan ta’minlash, berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun | Subsidiya | Belgilangan tartibda |
21. | Band bo‘lmagan aholini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish bo’yicha | Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish | Belgilangan tartibda |
Hokim yordamchisi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa kredit, subsidiya, grant yoki moddiy yordam ajratish bo‘yicha ham tavsiya berishi mumkin. Barcha ajratiladigan kreditlar uchun imtiyozli davr beriladi.
Xulosa qilib aytganda, hokim yordamchilari tavsiyasi bilan beriladigan moddiy mablag’lar aholining bandligi va doimiy daromad manbaiga ega bo’lishi ta’minlashga hamda iqtisodiy ahvolining yaxshilanishiga olib kelishi ko’zda tutilgan.