Top.Mail.Ru
30-May, 15:16 |  1,091

Valyuta ayirboshlashda nimalarni bilish kerak?

Bugungi kunda valyuta operatsiyalari moliyaviy hayotimizning ajralmas qismi bo’lib qolgan. Valyuta ayirboshlash, xorijiy valyutada pul o‘tkazmalarini qabul qilish yoki jo‘natish, xalqaro kartalardan naqd valyutani yechib olish va boshqa shu kabi chet el valyutasi bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarga deyarli har birimiz duch kelganmiz.

Valyuta ayirboshlashda nimalarni bilish kerak?

Bugun biz valyuta operatsiyalarini amalga oshiradigan har bir shaxs nimani bilishi kerakligi va qaysi hollarda o'z huquqlarini himoya qilishi mumkinligi haqida batafsil gaplashamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda banknotaning shikastlangani yoki talabga javob bermaydigan holati tufayli u yoki bu chet el valyutasini ayirboshlash uchun qabul qilinmagani yoki bank ma’lum komissiya to’lash sharti bilan bunday banknotani qabul qilishga tayyorligi haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qiymiz. Xo'sh, qanday hollarda bankning valyutani qabul qilishdan bosh tortishiga e'tiroz bildirishimiz mumkin?

Umuman olganda, tijorat banklari o'z mijozlari - jismoniy shaxslarga valyuta operatsiyalari bo'yicha quyidagi xizmatlarni taklif qiladi:

  • jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini naqd milliy valyutaga sotib olish;
  • jismoniy shaxslar - norezidentlarga chet el valyutasini sotish;
  • jismoniy shaxslarning xalqaro to‘lov kartasidagi chet el valyutasini naqd milliy valyutaga ayirboshlab berish;
  • jismoniy shaxslardan chet el valyutasini inkassoga qabul qilish;
  • haqiqiyligi shubha tug‘dirgan chet el valyutalarini jismoniy shaxslardan ekspertizaga qabul qilish;
  • jismoniy shaxslarning yirik chet el valyutasini o‘sha chet el valyutasiga maydalab berish;
  • jismoniy shaxslarning shikastlangan chet el valyutasini shikastlanmagan shu turdagi chet el valyutasiga almashtirib berish;
  • jismoniy shaxslarga bir xorijiy davlatning naqd valyutasini boshqa xorijiy davlatning naqd valyutasiga almashtirib berish (konversiya).

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 25 apreldagi “Bank va banklar faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, bank operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori banklar tomonidan mustaqil belgilanadi. Shuning bilan birga, valyuta ayirboshlash operatsiyalari yuzasidan ko‘rsatilingan xizmatlar uchun vositachilik xaqi undirilishi mumkin. Chet el valyutasini sotish va sotib olish bundan istisno.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 31-avgustdagi 3281-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga asosan quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi:

  • banknota tasvirini yoki shaklini aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  • banknota enining yoki bo‘yining to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
  • yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 kv. sm dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
  • mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi bo‘lganda hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
  • banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ortiq teshiklar bo‘lsa, bunda teshiklar banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.

Yuqorida keltirilgan ro‘yxat chet el valyutasini muomalaga chiqargan bank-emitent tomonidan o‘rnatilgan qoidalardan kelib chiqqan holda tuzilgan va mazkur bank-emitent o‘z valyutasining to‘lovlilik alomatlari, jumladan uning “quyi chegarasi” ya’ni qanday hollarda to‘lovga qabul qilinmasligi va almashtirib berilmasligini aniqlaydi.

Ta’kidlash joizki, Markaziy bank chet el valyutasini muomalaga chiqarmaydi yoki muomalaga yaroqsiz chet el valyutalarini almashtirib bermaydi. «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan mazkur vakolat milliy valyutaga nisbatan ishlatiladi.

Fuqaro bank kassasidan milliy valyutada yoki chet el valyutasida naqd pullarni olishda nimalarni bilishi lozim?

Bank kassasidan berilgan pulni olgan fuqaro, kassa yonidan ketmay turib olingan umumiy summani hujjatda ko‘rsatilgan summa bilan taqqoslashi, uni bog‘lamlar va dastalar bo‘yicha tekshirishi, dasta to‘lmagan alohida pullarni esa shu pulni bergan kassirning kuzatuvi ostida birma-bir qayta sanab ko‘rish orqali qabul qilib olishi lozim. Fuqaro qabul qilib olgan barcha pullarni maxsus ajratilgan xonada, bank kassiri yoki nazoratchi kuzatuvi ostida, birma-bir qayta sanab olishi shart.

Shunga ko‘ra, fuqaro quyidagilarni bilishi lozim:

  • agar fuqarolar kassa yonida pulni qayta sanab olmagan yoki qayta sanash uchun ajratilgan xonada bank nazoratchisi kuzatuvi ostida qayta sanamagan bo‘lsalar, ularning pul yoki tangalari yetishmayotganligi to‘g‘risidagi arizalari tijorat banki tomonidan qoniqtirilmaydi. Bu haqda chiqim kassalari oldida ko‘zga ko‘rinarli joyga e’lon yozib qo‘yilishi shart;
  • agar bank kassiri fuqaroga olinayotgan pulni birma-bir qayta sanab olishni taklif etayotgan bo‘lsa, fuqaro ushbu taklifni rad etmasligi kerak. Chunki, pullarni qayta sanash jarayonida o‘z miqdoridan kam chiqsa, bankning mas’ul xodimi bilan fuqaro o‘rtasida dalolatnoma rasmiylashtiriladi va yetishmayotgan summa bank tomonidan fuqaroga qoplab beriladi.

Shunga ko‘ra, tijorat banki kassasidan milliy valyutada yoki chet el valyutasida naqd pullarni olishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nohush holatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki fuqarolarga pullarni birma-bir qayta sanab olishni tavsiya etadi.

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish