O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuxrat Fayzullayev bilan suhbat
Depozit.uz saytiga mushtariylar tomonidan bank kartalarining turlari, kartalardan to‘lovlarni o‘tkazish, karta egalariga xizmat ko‘rsatish masalalarida, shuningdek, tizimda mavjud muammolar yuzasidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Sayt Bosh muharriri mazkur savollarga batafsil javob olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuxrat Fayzullayev bilan suhbatlashdi.
- Jahon tajribasidan maʼlumki, butun dunyoda MASTERCARD va VISA kartalaridan foydalanishda chegara yo‘q, mijoz faqat bitta karta ochadi va barcha hisob-kitoblari mana shu karta orqali amalga oshiriladi. Lekin O‘zbekistonda so‘m karta alohida, valyuta kartalari alohida ochiladi. Buning sabablari nimada? Mijozlarga qulay bo‘lishi uchun ikkala xizmatni ham o‘ziga jamlagan karta berish maʼqul emasmi?
Aytganingizdek, Rossiya yoki Qozog‘iston kabi mamlakatlar tajribasini oladigan bo‘lsak, ko‘p yillardan beri aholiga ish haqi to‘lovlarini amalga oshirish va kundalik to‘lovlar uchun ham VISA va MASTERCARD kartalari taqdim qilinib kelmoqda. Bu kartalarning xalqaro maqomi ulardan nafaqat o‘z vatanida, balki istalgan mamlakatda o‘sha mamlakat valyutasida to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi, qo‘shimcha karta ochishga ehtiyoj qolmaydi. To‘lovlar mijoz borgan mamlakat valyutasida – yevrodami, rubldami, yuandami, turk lirasidami, farqi yo‘q, birdek amalga oshiriladi. To‘lov summasi esa xalqaro to‘lov tizimlari va kartani muomalaga chiqargan tijorat banki tomonidan konvertatsiya qilinib, mijozning hisobvarag‘idan yechib olinaveradi.
O‘zbekiston sharoitida esa mahalliy to‘lovlar uchun UZCARD yoki HUMO kartalari, chet elga boradigan hamyurtlarimiz uchun alohida, AQSH dollarida ifodalangan VISA, MASTERCARD, MIR yoki UPI kartalari taklif qilindi.
Chunki mamlakatimizda valyuta ayirboshlash masalasi ko‘p yillar davomida cheklangan holatda bo‘ldi, shu sababli kartalar orqali chet elda, xorijiy valyutada amalga oshiriladigan to‘lovlarni so‘mda ifodalangan hisobvaraqlardan yechib olish imkoniyati mavjud bo‘lmadi. Xorijiy valyutadagi har qanday to‘lovlar uchun alohida hisobvaraq va alohida karta ochilishi taqozo etardi.
Aytib o‘tish kerak, O‘zsanoatqurilishbank 2000 yillar boshida faqat O‘zbekiston hududida ishlatish mumkin bo‘lgan 700 mingga yaqin VISA kartasini muomalaga chiqardi, lekin bu kartalardan chet elda foydalanish imkoniyati yaratilmagani, shu bilan birga mavjud UZCARD tarmog‘ida ham qabul qilinmagani sababli ular aholi uchun jozibador bo‘lmadi va bu yo‘nalish o‘z rivojini topmadi.
Hozirgi kunda, mamlakatimizda valyuta ayirboshlash siyosati o‘zgardi. Endi Rossiya yoki Qozog‘istondagi kabi mahalliy valyutada ifodalangan VISA yoki MASTERCARD xalqaro kartalarini muomalaga chiqarib, respublikamizda ham, chet elda ham birdek ishlatish, chet elda amalga oshirilgan to‘lovlarni konvertatsiya qilib, mijozning so‘mdagi hisobvarag‘idan bevosita yechib olish imkoniyati yaratildi. Bunga javoban, to‘lov tashkilotlari “kobeydjing” kartalarini taklif qila boshladi.
Nega VISA yoki MASTERCARD emas, aynan “kobeydjing”? Bu qanday kartalar? Hammamiz o‘rgangan, ko‘p hollarda ish haqi tushirib beriladigan kartalardan nima farqi va qanday afzalliklari bor?
Kobeydjing kartalari deyilganda, ikki yoki undan ortiq to‘lov tizimida birdek amal qiladigan kartalarni tushunamiz. Misol uchun, bugungi kunda UZCARD-MIR yoki HUMO-VISA kabi kobeydjing kartalari mavjud bo‘lib, karta yuzida ikkala to‘lov tizimining logotipi ko‘rsatilgan va bu kartalar O‘zbekiston hududida anʼanaviy UZCARD yoki HUMO to‘lov tizimi doirasida, chet elda esa xalqaro MIR yoki VISA to‘lov tizimlari doirasida amal qiladi. Kartaga bitta, so‘mda ifodalangan hisobvaraq biriktiriladi. O‘zbekiston hududida mazkur kartalar bilan hisob-kitoblar milliy valyutamizda va mahalliy to‘lov tizimlarida mavjud tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladi. Mijoz bu karta bilan chet elga chiqqanda esa, aynan shu kartalar endi xalqaro to‘lov tizimlarining qoidalariga ko‘ra ishlay boshlaydi – to‘lov mijoz borgan mamlakatning mahalliy valyutasida amalga oshiriladi, bu to‘lov summasi avtomatik ravishda konvertatsiya qilinib, mijozning so‘mdagi hisobvarag‘idan yechib olinadi.
Kobeydjing kartalarining bunday afzalligi aynan chet elga boradigan mijozlar uchun qulay. Karta egasi valyutada alohida karta ochib o‘tirmaydi, so‘mda ochilgan kartasidan chet elda ham bemalol foydalanishi mumkin.
Xo‘sh, unda hammaga mana shunday yangicha kartalarni chiqarib berish kerakmi, degan savol qo‘yilsa, bu savolga “yo‘q, unday emas”, deb javob beramiz. Chunki xalqaro to‘lov tizimining logotipi tushirilgan karta mijozga mahalliy kartaga nisbatan qimmatroqqa tushadi. Xalqaro to‘lov tizimlari tomonidan tijorat banklaridan undiriladigan turli xil komission to‘lovlar, masalan, xalqaro to‘lov tizimlarida har bir karta muomalaga chiqarilgani uchun olinadigan to‘lov (card fee), ishtirokchi banklardan olinadigan to‘lov (interchange fee) va shu kabi yana boshqa ko‘plab to‘lovlar mavjud. Bu komission to‘lovlar, xalqaro to‘lov tizimlariga aʼzolik badallari, yana har kvartalda to‘lab boriladigan to‘lovlar, shuningdek server va aloqa kanallari, sertifikatsiya va boshqa xarajatlar bilan birgalikda bank xizmatlarining tannarxiga bevosita taʼsir qiladi, demakki, kobeydjing kartalari bo‘yicha xizmatlarni qimmatlashtiradi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida ham to‘lov tizimlarining komissiyalari jiddiy farqlanadi. Misol uchun, bugungi kunda mahalliy tadbirkorlik subyekti UZCARD yoki HUMO tizimidagi terminal orqali qabul qilingan to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblar uchun 0,2% miqdorida komissiya to‘laydi. Endi agar VISA yoki MASTERCARD tizimini olib qaraladigan bo‘lsa, unda interchange fee ning o‘zi 0,75% dan 1,75% gacha, yaʼni tijorat banki bu to‘lovni qoplash uchun savdo korxonasidan 1,75% dan ziyod komissiya olishi kerak. Bugungi kunda VISA xalqaro to‘lov tizimi O‘zbekiston uchun joriy qilgan maxsus tartibga ko‘ra, komissiyaning 1% qismini savdo korxonasi, qolganini esa xorijiy banklar kartasining egasi to‘laydi. Nima bo‘lganda ham xalqaro to‘lov tizimlari o‘zi belgilagan komissiyani olmasdan qo‘ymaydi.
O‘zbekiston hududidagi milliy to‘lov tizimlarida esa bu kabi komission to‘lovlar mavjud emas, demakki, odatiy UZCARD yoki HUMO kartalariga ko‘rsatiladigan xizmatlar kobeydjing kartalariga nisbatan arzonroq bo‘ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mijozlarning hohishiga ko‘ra, chet elga borganda qulaylikdan foydalanishni xohlagan mijozlar qo‘shimcha xarajat evaziga kobeydjing kartani, chet elga borishni rejalashtirmagan aholi esa UZCARD yoki HUMO kartasini tanlashlari mumkin. Qolaversa, mijozlar uchun AQSH dollarida ifodalangan, mahalliy tizimlar bilan bog‘lanmagan xalqaro kartalarni buyurtma berish imkoniyati ham mavjud.
Turizmni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda, birinchi navbatda, amalga oshirilgan ishlardan biri bu VISA, MASTERCARD, UPI va MIR to‘lov tizimlari kartalaridan chet mamlakatlarning sayyohlari O‘zbekiston hududiga tashrif buyurganda istalgan HUMO va UZCARD kartalari qabul qiluvchi bankomat va terminallardan naqd pul olish va savdoni amalga oshirishlari uchun imkoniyat yaratildi.
O‘zbekiston mustaqilligining ayni boshlang‘ich davrida mijoz VISA kartasiga naqd pul mablag‘ini tushirib, biron chet mamlakatga safarga borgan vaqtda, u mamlakat banklari tomonidan O‘zbekiston kartasini qabul qilmaslik holatlari ko‘plab uchragan. Bugungi kunda chiqarilayotgan kobeydjing kartalarida bu muammo yuzaga kelmaydimi?
Bu kabi holatlar aslida tashkiliy jarayonlar va texnik muammolar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Misol uchun, bir holat – o‘sha davrda banklarda protsessing tizimlari va bank tizimi (ABS) alohida-alohida edi, o‘zaro avtomatik bog‘liqlik yo‘q edi. Mijoz pulini bankka topshirgandan keyin bank xodimi mablag‘larni ABSdagi valyuta hisobvarag‘iga kirim qilib, keyin mijoz arizasiga asosan uni karta hisobvarag‘iga ko‘chirar edi. Keyin protsessing markazida “qo‘l rejimida” kirim haqida maʼlumotlar kiritilishi kerak edi, maʼlumotlar ham amaliyot kuni yopilganidan so‘ng yangilanib, ana undan keyin mijoz o‘z kartasidan foydalanishi mumkin bo‘lar edi. Yaʼni, bank kartasi keyingi kundan boshlab aktivlashar edi. Odatda bu jarayon 2-3 kun va undan ko‘proq vaqt olardi, mijoz ungacha manziliga yetib borib, kartadan foydalanishga urinishni boshlab yuborar va natijada “kartada mablag‘lar mavjud emas” degan javob olish holatlari uchrab turar edi.
Yana bir holat – aksari mijozlar bank kartalaridan naqd pul olish uchun foydalanishar edi, bu amaliyot bankomat va kartani muomalaga chiqargan bank bilan onlayn bog‘liqlikni talab qiladi. Ilgari tijorat banklari va to‘lov tizimi o‘rtasidagi aloqa kanallarida uzilishlar kuzatilar edi, natijada mijozlar bank kartalaridan naqd pul ololmas, “karta ishlamayapti”, degan fikrga borishar edi.
Hozirgi kunda ABS va protsessing tizimlarida onlayn bog‘liqliklar to‘liq shakllantirilgan. Ilgarigidek, banklar tomonidan kun yopilishi shart emas, mijoz pul mablag‘larini bank kassasiga topshirishi yoki naqd pulsiz kirim qilishi bilan deyarli shu zahotiyoq bu mablag‘lar kartada ko‘rinadi va ishlatishga tayyor bo‘ladi.
Banklar, protsessing markazlari va to‘lov tizimlari orasidagi aloqa kanallarining ishonchliligi oshirilgan, zahira kanallari joriy qilingan. Natijada bank kartalarining uzluksiz va barqaror ishlashi taʼminlanyapti.
Kobeydjing kartalarining tegishli xalqaro to‘lov tizimlarida to‘xtovsiz ishlashi kartaning yuza qismida ko‘rsatilgan to‘lov tizimlari tomonidan kafolatlangan.
Jahon tajribasidan maʼlumki, kobeydjing kartalari emissiya qilingandan keyin alohida faollashtirish talab etilmaydi. O‘zbekistonning olis hududlarida informatsion tuzilma yaxshi rivojlanmaganligi sababli bank kartasini ishlatishda ham muammolar yuzaga keladi, bu borada Markaziy bank tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tsangiz.
Respublikamizda muomalaga chiqariladigan UZCARD va HUMO kartalarini faollashtirish talab qilinmaydi. Siz faollashtirish, deb aytgan holat, menimcha, karta chiqarilganidan keyin unga mijoz tomonidan shaxsiy PIN-kod o‘rnatish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Chunki PIN-kod o‘rnatilmagunicha kartadan to‘lov operatsiyalarini o‘tkazib bo‘lmaydi, mijoz kartani olganidan keyin birinchi navbatda PIN-kodni o‘rnatib olishi kerak.
Texnologik jihatdan muomalaga chiqarilayotgan kartalarga PIN-kod o‘rnatish ikki xil yo‘l bilan amalga oshiriladi – birinchi usulda PIN-kod bank tomonidan generatsiya qilib, maxsus konvertda mijozga yetkaziladi, bunda mijoz tasodifiy tanlangan PIN-kodni yodlab olishi zarur bo‘ladi. Yoki, ikkinchi usulda, mijoz o‘zi uchun eslab qolishga qulay PIN-kodni tanlab, uni mustaqil ravishda bankomat yoki terminal orqali kartaga biriktirib olishi mumkin.
Kobeydjing kartalarida, odatda, PIN-kod bo‘yicha birinchi usul qo‘llaniladi va mijozga karta bilan birga PIN-konvert ham yetkaziladi. Mahalliy to‘lov tizimlarida esa PIN-kodni tanlash mijoz ixtiyoriga berilgan.
Olis hududlarda PIN-kod o‘rnatish uchun bankomat yoki terminalga borish mijozga malol kelishi mumkin. Lekin mamlakatimizda terminallar sonining muntazam ortib borishi, to‘lov infrastrukturasi eng chekka hududlarda ham rivojlanib borayotganini hisobga olsak, bu masala o‘z yechimini topdi, deb hisoblash mumkin.
Keyingi savol mahalliy to‘lov tizimlariga taalluqli – nima sababdan mijozga oylik ish haqi kartasi faqat korxona hisobvarag‘i ochilgan bankning o‘zida ochiladi? Misol uchun, aholiga naqd pulga zarurat tug‘ildi, u tijorat banki tomonidan ajratilayotgan onlayn mikroqarzdan foydalanishni istaydi, lekin korxona hisobvarag‘i boshqa bankda ochilgani sababli mijoz onlayn mikroqarzdan foydalanishi mumkin emas. Shu masalada fikringiz qanday?
Aslini olib qaraydigan bo‘lsak, bironta meʼyoriy hujjatda korxonaning hisobvarag‘i qaysi bankda ochilsa, xodim ish haqi kartasi ham o‘sha bankda ochilishi lozim degan talab yo‘q. Bu korxona bosh hisobchilari amaliyotidan kelib chiqqan. Har safar ish haqi kartalarga yo‘naltirilayotgan vaqtda korxona bosh hisobchisi elektron ko‘rinishdagi jadval (vedomost) shakllantiradi va mazkur vedomostga binoan ish haqi to‘lovlarining jami summasini korxona hisobvarag‘idan tijorat bankining tranzit hisobvarag‘iga bitta to‘lov topshiriqnomasi bilan o‘tkazib yuboradi. Shundan keyin bank mablag‘larni tranzit hisobvarag‘idan har bir xodimning kartasiga vedomostga mos ravishda taqsimlab, tegishli kartalarga kirim qiladi.
Agar xodimning kartasi boshqa bankda ochilgan bo‘lsa, bu holda har bir shunday xodim bo‘yicha alohida to‘lov topshiriqnomasi shakllantirilishi taqozo etiladi. Yaʼni tashkilotning 10 ta xodimi boshqa-boshqa banklarning kartalariga ega bo‘lsa, 10 ta xodim uchun alohida alohida to‘lov topshiriqnomalari shakllantiriladi.
Mana shu ortiqcha ishdan qochib, korxona hisobchilari barcha xodimlarni o‘z bankida karta ochishga majbur qiladilar.
Ammo xodim mustaqil ravishda istalgan tijorat bank kartasidan foydalanishga haqli. Bunday holatda ish haqini boshqa bankda ochilgan bank kartasiga tushirib berishini so‘rab korxona bosh hisobchisiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Shunda mijoz o‘zi ish haqini va mikroqarzni bitta kartaga jamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, bugungi kunda teskari jarayon, yaʼni mikroqarzni aynan shu bank kartasiga emas, istalgan bank kartasiga tushirish imkoniyati ustida ham ish olib borilmoqda. Istalgan kartaga kirim amaliyoti nafaqat mikroqarz, balki onlayn omonat bo‘yicha foizlar va omonatni yopish chog‘ida mablag‘larni, shuningdek, chet el valyutasini so‘mga onlayn ayirboshlash vaqtida mablag‘larni boshqa bank kartasiga tushirish amaliyotlari uchun ham qo‘llanilishi mumkin.
Bu kabi amaliyotlar mikroqarz berayotgan yoki omonat ochayotgan bank tomonidan mijozlarni tegishli ravishda identifikatsiya qilish masalasiga ham bog‘liq. Ilgari identifikatsiya uchun bankka borish zarur edi. Hozirgi kunda masofadan turib biometrik identifikatsiya qilish bo‘yicha texnik yechim yaratilib, tijorat banklarida sinovdan o‘tmoqda.
Bugungi kunda bank kartalariga firibgarlar tomonidan hujumlar uyushtirilib, katta-katta mablag‘lar yechib olish holatlari ko‘plab uchramoqda. Misol uchun, Buyuk Britaniya banklari tajribasini o‘rganganimizda, biron shubhali tranzaksiya o‘tkazilish holatlari aniqlansa, bank darhol o‘z mijozi bilan bog‘lanib, kartasini bloklashi va yangi kartani bepul yetkazib berishi yo‘lga qo‘yilgan ekan. O‘zbekistonda bank kartalar xavfsizligini taʼminlash uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilyapti?
Respublikamiz tijorat banklarida ham firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha texnologik yechimlar (fraud prevention systems) qo‘llaniladi. Misol tariqasida shunday holatni ko‘radigan bo‘lsak, aytaylik, mijoz doimiy ravishda o‘z kartasidan yaqindagi do‘kondan oziq-ovqat xarid qilishda va kommunal to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanib kelgan. Keyin birdan zargarlik buyumlari do‘konidan katta mablag‘dagi to‘lov amalga oshirishga so‘rov keldi. Bunday shubhali so‘rov to‘xtatiladi, mijoz bilan aloqaga chiqiladi va agar to‘lov mijozning roziligisiz yoki begona shaxs tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, mazkur operatsiya to‘xtatiladi va bank kartasi bloklanadi.
Lekin hozirgi kunda yurtimizda sodir bo‘layotgan firibgarlik holatlarining aksarida mijozlar o‘zlari parol va kodlarni firibgarlarga oshkor qilib berishyapti, buning hech qanday texnologiyalarga aloqasi yo‘q.
Bu kabi holatlarning oldini olish uchun mijozlar kartalardan foydalanish qoidalarini yaxshi bilishlari, begona shaxslarga karta parollarini oshkor qilmasliklari talab etiladi. Kartadan kartaga onlayn pul o‘tkazish uchun faqat karta raqami kifoya, hech qanday qo‘shimcha maʼlumot talab qilinmaydi. Agar qo‘shimcha maʼlumot, masalan, kartaning amal qilish muddatimi yoki SMS-xabarnomada kelgan parol so‘raldimi, bilingki, bu firibgarlik alomati. Maʼlumot uchun, Markaziy bankning veb-sayti va Telegram-kanalida bank kartalaridan xavfsiz foydalanish yuzasidan bir qator video va matnli maʼlumotlar mavjud.
Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish borasida ham dasturlar va strategiyalar qabul qilinib bank kartalari egalarining firibgarlarning tuzog‘iga ilinib qolmasliklar bo‘yicha yetarli darajada bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Markaziy bank to‘lov tizimlarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalarni mo‘ljallayapti? Shu masalaga qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
Markaziy bank tomonidan to‘lov tizimlarini rivojlantirish sohasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, eng muhimlarini tilga oladigan bo‘lsak, bular:
- Xalqaro ekspertlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur strategiya kompleks dasturiy hujjat bo‘lib, o‘z navbatida yurtimizda to‘lov sohasida ilg‘or texnologiya (fintech)lar va rivojlangan mamlakatlar tajribasini muntazam joriy qilish, to‘lov tashkilotlari faoliyatini yana-da erkinlashtirish, moliyaviy xizmatlar sohasida aholiga qo‘shimcha qulayliklar va imkoniyatlar yaratish, to‘lov xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish orqali xizmatlar sifatini oshirish va xizmatlarning narxlarini muqobillashtirish bo‘yicha kelgusi yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab beradi;
- kontaktsiz to‘lov turlari va mexanizmlarini – QR-kod yordamida to‘lovlar, NFC texnologiyasi yordamidagi to‘lovlar, smartfondan terminal qurilmasi sifatida foydalanish orqali to‘lovlarni (tap-to-phone) yana-da rivojlantirish;
- banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish jarayonida mijozlarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish tizimini joriy qilish va masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘lamining kengayishiga ko‘maklashish.
Bu vazifalarni samarali taʼminlash uchun, o‘z navbatida, tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda va mavjudlari takomillashtirilmoqda.
Yaqinda Depozit.uz sayti tomonidan bankomatlardan naqd pul yechishda ushlab qolinadigan komissiyalar yuqoriligi mavzusida chop qilingan maqoladan so‘ng, iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z telegram kanalida bankomatlardan naqd pul yechish komissiyasining yuqoriligi sabablaridan biri sifatida banklar aʼzo bo‘lgan protsessing markazlari komissiyalari mavjud va komissiyalar sezilarli darajada yuqori. Uni bekor qila olish yoki pasaytirish banklar ixtiyorida emas degan fikrni bildirdi. Shu fikrdan kelib chiqib, Markaziy bank vakili sifatida bu masalada Sizning fikringiz qanday? Haqiqatda, protsessing markazlari tomonidan o‘rnatilgan komissiya narxlari qimmatmi, qimmat bo‘lsa uni tushirish masalasida Markaziy bank tomonidan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan tijorat banklari va protsessing markazlari ham o‘z xizmatlariga narxni talab va taklifdan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydi. Qolaversa, xizmatning tannarxi, degan mezon ham bor.
Narxlarning isteʼmolchi uchun muqobil bo‘lishini, eʼtibor bering, past demadim, aynan muqobil bo‘lishini taʼminlash uchun maʼmuriy choralar ko‘rish emas, aynan bozorda raqobatni kuchaytirish, yangi texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash va aholini shu texnologiyalardan foydalanishga o‘rgatish orqali har bir mijoz o‘zi xohlagan xizmatni o‘ziga maqbul narxda olish imkoniyatini yaratish lozim. Yaʼni, bir toifa odamlar arzonroq xizmatlarni tanlaydi, buning uchun jon kuydirishga tayyor, yana kimdir esa qulaylik tarafdori va shu qulaylik uchun haq to‘lashga tayyor – barcha turdagi isteʼmolchilar uchun o‘ziga mos xizmatlar mavjud bo‘lishi va ularning narxlari bozor tamoyillari asosida shakllanishi lozim.
Xabarimiz bor yaqinda UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi, bu hamkorlik to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini yaratishda qanday natijalar berishi yuzasidan ham o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
Bitta qurilmada UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari kartalariga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladigan bo‘lsa, demak, savdo va xizmat ko‘rsatish tashkiloti uchun raqobat boshlanadi. Chunki tadbirkorlik subyekti endi bitta terminal olsa, kifoya. Xo‘sh, UZCARD terminalini oladimi yoki HUMO terminalimi? Terminal taklif qilish bo‘yicha raqobat kuchayadi va savdo hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari terminal narxining arzonlashgani, shartlarning yaxshilashgani hisobiga xaridorlarga qo‘shimcha xizmatlar yoki qo‘shimcha qulayliklar yaratishi ehtimoli ortadi.
Agar savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining terminal bilan bog‘liq xarajatlari raqobat natijasida qisqartirilsa yoki qo‘shimcha xizmatlar berish natijasida sifati oshsa, bilvosita xaridorlarga, aholiga ham naf keltiradi.
Yakunlovchi savolim, bilamizki, tadbirkorlarimiz terminalda to‘lov qilishdan ko‘ra, naqd pulda savdo qilishni maʼqul ko‘radi. Bugungi kunda savdo nuqtalariga minglab terminallar tarqatilgan. Ularning qancha foizi faol ishlaydi?
Menimcha, tadbirkorlarimiz yoki aholi naqd pulni xush ko‘radi, degan yorliqni ishlatish uncha to‘g‘ri emas. Hamonki naqd pul aylanmasi iqtisodiyotda muhim o‘rin tutar ekan, demak, bunga obyektiv sabablar mavjud. Naqd pulsiz to‘lovlarni rivojlantirish uchun aynan shu sabablarni aniqlash va ularni yechishga komleks yondashuv talab qilinadi.
Tadbirkorlar faqat soliq to‘lovlarini kamaytirish maqsadida terminaldan savdo qilmaydi, faqat naqd pul talab qiladi, degan bir yoqlama tushuncha muammoning mohiyatini ochib bermaydi. Agar savdogar barcha tovarlarni naqd pulsiz sotib olgan bo‘lsa, naqdda xarajati bo‘lmasa, demak, o‘zi ham naqd pulsiz sotaverar, biznes davom etaverar edi, muammo chiqmas edi. Masala shundaki, chakana savdo korxonalarining o‘zida ham naqd pul xarajatlari bor va ularni qoplash uchun tadbirkor xaridordan naqd pul olishga harakat qiladi.
Bunday qaraganda, tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish, keyin ularni ulgurji savdo korxonalariga, undan keyin chakana savdo shoxobchalariga yetkazish va aholiga sotish bilan bog‘liq zanjirni olsak, naqd pulga ehtiyoj faqatgina zanjirning oxirida emas, balki zanjirning butun davomida ham u yoki bu darajada mavjud. Lekin aynan zanjirning oxirida, yaʼni isteʼmolchi tomonidan tovar va xizmatlarni chakana savdo shoxobchalaridan sotib olish jarayonidagina naqd pul to‘lovlari aholining eʼtirozlariga sabab bo‘ladi, zanjirning oldingi qismi esa ko‘zga tashlanmaydi.
Aytmoqchimanki, naqd pulsiz to‘lovlarni rivojlantirish uchun mana shu butun zanjir bo‘yicha naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish uchun iqtisodiyotning barcha sohalariga taalluqli, chuqur va tizimli choralar ko‘rish talab qilinadi.
Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, naqd pulga ehtiyoj (xohish emas, aynan ehtiyoj) aholining o‘zida ham mavjud. Misol uchun, jamg‘armalar asosan naqd pulda, jumladan, chet el valyutasida ekanligi, uy-joy yoki avtomobil kabi yirik xaridlarda, shuningdek, kichik tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan shaxslar tomonidan tovarlar sotish va xizmat ko‘rsatishda naqd pulda hisob-kitob qilish, aksari aholi yangicha texnologik qulayliklar va manfaatli yechimlar haqida bilim va ko‘nikmalarga ega emasligi – bular hammasi naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi.
Demak, aholi jamg‘armalarining yangicha instrumentlari va shaxsiy investitsiyalar uchun yechimlar joriy qilish kerak, toki aholining naqd puldagi jamg‘armalari yurtimiz iqtisodiyotiga xizmat qilsin.
Kichik tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan shaxslar uchun moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish esa fuqarolar orasidagi hisob-kitoblarni ko‘proq naqd pulsiz ko‘rinishga kelishiga xizmat qiladi.
Qiziqarli suhbatingiz uchun Sizga Depozit.uz sayti jamoasi nomidan o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Depozit.uz sayti Bosh muharriri Sabohat Haitkariyeva suhbatlashdi