Top.Mail.Ru

Payme – keng imkoniyatli ilova!

Payme ilovasi imkoniyatlari: PaymeGO, Oflayn rejim, va komissiyalar haqida.

Payme – keng imkoniyatli ilova!

Payme – bu O’zbekistondagi to’lovlar va o’tkazmalar uchun eng ommabop ilovalardan biridir. Ilova qulay, chiroyli va sozlanadigan interfeysga ega. Asosiy ekrandagi tugmalar vidjetlar ko’rinishida ishlangan bo’lib, ularni o’rnini almashtirish yoki keraklilarini qoldirib qolganini ekrandan olib tashlash mumkin. Boshqa ko'pchilik ilovalarda mavjud bo’lmagan ushbu funksiyasi tufayli ilova yanada qulaylik kasb etadi.

Payme ilovasida quyidagi turdagi tashkilotlar va xizmatlar uchun to’lovlarni amalga oshirishingiz mumkin:

  • Mobil operatorlar;
  • Internet provayderlar;
  • Kommunal xizmatlar;
  • Davlat xizmatlari va DYHXB jarimalari;
  • Telefoniya;
  • Televideniye va onlayn uzatuv;
  • Onlayn xizmatlar;
  • E'lonlar va reklama;
  • Bank kreditlarini so'ndirish;
  • Transport;
  • Xayriya;
  • Ta’lim;
  • Elektron hamyonlar;
  • Sug’urta xizmatlari;
  • Hosting provayderlar;
  • Havo yo’llari va Temir yo’l chiptalari;
  • Internet do’konlar;
  • Moliyaviy xizmatlar;
  • Tibbiyot;
  • Videokuzatuv;
  • Yuridik xizmatlar;
  • Mehmonxonalar va turizm;
  • Sport va hokazo.
     

Kerakli xizmatni topish oson bo’lishi uchun ekranning yuqori qismida qidiruv qatori joylashtirilgan. Xizmat nomini (masalan, Beeline yoki ATTO) bosh xarflarini yozishingiz bilan mos bo’lgan natijalar saralanadi. 

Paymening asosiy ustunliklaridan biri ilovada to’lovni amalga oshirish mumkin bo’lgan tashkilotlarning ko’pligidir. Zero bu kabi xizmatlar uchun to’lovlarni boshqa ilovalarda ham amalga oshirish mumkin. Biroq Payme tashkilotlar va xizmatlar uchun to’lovni amalga oshirish uchun eng keng imkoniyatlarni taqdim qiladi. 

Solishtirish uchun Payme va boshqa ilovalarda to’lovni amalga oshirish mumkin bo’lgan tashkilotlar va xizmatlar sonini keltiramiz:

  • Payme - 1963,
  • CLICK - 1002,
  • Joyda - 751,
  • OSON - 646,
  • Paynet - 633,
  • Apelsin - 518,
  • Beepul - 425,
  • MyUzcard - 363,
  • Zoomrad - 213,
  • TBC UZ - 90.

    Shuningdek to’lovlarni Joylarda to’lov bo’limidagi xizmatlar uchun ham (kafe, dorixona, do’konlar va hokazo) amalga oshirish mumkin. Buning uchun Joylarda to’lov bo’limiga o’tib, ilovaga GPS dan foydalanishga ruxsat berishingiz kifoya. Ekranda yaqin orada joylashgan Payme orqali to’lovni qabul qiluvchi tashkilotlarning kategoriyalar bo’yicha (do’konlar, dorixona, yo’qilg’i quyish shoxobchalari va hokazo) saralangan ro’yxati chiqadi. Shuningdek kerakli tashkilotni qidiruv qatoridan izlab topish ham mumkin.

PaymeGO bo’limi yordamida esa to’lovlarni Joylarda to’lov bo’limida mavjud bo’lmagan tashkilotlarga ham tezkor amalga oshirish mumkin. Buning uchun PaymeGO bo’limiga kirib, kassa xodimiga ekrandagi QR-kodni ko’rsatishingiz va xodim QR-kodni skanerlab to’lovni qabul qilishi kerak bo’ladi. PaymeGO bilan ayniqsa metro, Korzinka.uz va Makro do’konlar tarmog’ida to’lovlarni amalga oshirish qulay.

Paymeda o’tkazmalarni nafaqat karta raqami, balki telefon raqami va hatto ilovadagi foydalanuvchi nikneymi orqali ham amalga oshirish mumkin. Bu ayniqsa tanishingizni karta raqamini bilmasangiz, biroq Paymedan aniq foydalanishini bilsangiz qulay.

Hozirda Paymeda barcha yo’nalishdagi (Uzcard-Uzcard, Uzcard-Humo, Humo-Uzcard va Humo-Humo) o’tkazmalar uchun komissiya – 1% qilib belgilangan. Va keshbek tizimi ham yo’q. Bu ilovaning eng asosiy kamchiliklaridan biridir. Sababi o’tkazmalar uchun komissiyalar bo’yicha Payme “eng qimmat” ilovalar qatorida turadi.

Oflayn rejimda ishlay olish funksiyasi Paymening ajoyib imkoniyatlaridan yana biridir. Ushbu funksiya hozirda faqat Payme, CLICK, Apelsin va bir-ikkita boshqa ilovalardagina bor. Agar telefon raqamingiz hisobida yetarli mablag’ qolmaganligi yoki boshqa sababga ko’ra internetdan foydalana olmaydigan holga tushib qolsangiz, Payme Sizni bu noqulay holdan qutqaradi. Oflayn rejimda cheklangan miqdordagi to’lov turlarini amalga oshirishingiz mumkin. Bunda ilovada kartadan-kartaga o’tkazmalarni amalga oshirish, PaymeGO yordamida to’lash va mobil operatorlar, internet provayderlar va ba’zi boshqa xizmatlar uchun to’lov amalga oshirish imkoniyati bo’ladi.

Ilovaning yana bir foydalii funksiyasi bu Mening uyim bo’limidir. Ushhbu bo’limga barcha kommunal to’lov hisoblarini (elektr energiyasi, sovuq suv, issiq suv va isitish, gaz, chiqindi, shahar va mobil telefon aloqasi, internet) kiritib qo’yishingiz, hisobda qancha pul qolganini ko’rishingiz va barcha hisoblarni bitta tugmani bosish bilan to’ldirishingiz mumkin. Barcha to’lovlarning kvitansiyasi ilovada saqlanib qoladi. Zarur bo’lganda ularni printerda nashr qilib olishingiz ham mumkin. Bu juda qulay!

Payme Avia bo’limida kerakli parvoz yo’nalishini, sana va vaqtni ko’rsatgan holda aviachiptani xarid qilishingiz mumkin.

Золотая корона bo’limida esa Rossiya va boshqa davlatlardan xalqaro pul o’tkazmalarini shundoqqina Uzcard yoki Humo tizimidagi kartangizga qabul qilishingiz mumkin.

YHХBB jarimalari haqida xabarnomalar bo’limida avtomobilingiz va texpasport raqamlarini kiritgan holda xizmatni yoqish orqali sodir etilgan yo’l qoidabuzarligi uchun belgilangan jarima haqida ma’lumotni SMS tarzida olishingiz va jarimani Payme orqali to’lashingiz mumkin bo’ladi. Xizmat haqqi oyiga 2000 ming so’mni tashkil etadi.

Paymening asosiy ustunliklaridan yana biri kunu-tun ishlaydigan qo’llab-quvvatlash xizmatidir. Ilovaga taalluqli biror savol paydo bo’lsa yoki muammo yuz bersa istalgan vaqt ilova orqali operatorga murojaat qilib masalani hal qilishning imkoni bor. Ushbu maqola uchun atayin tungi soat ikkida savol berib tekshirilganida ham operator qisqa fursatda javob berdi. Payme bilan muammo oldida yolg’iz qolib ketmaysiz! 

Xulosa qiladigan bo’lsak, Payme – to’lov ilovalari ichida o’tkazmalar komissiyasi va ba’zi boshqa xizmatlar bo’yicha “eng qimmat” ilovalardan biri bo’lsa ham, qulayligi va foydalanuvchilariga taqdim qilayotgan keng imkoniyatlari tufayli eng ommabop ilovalardan biri bo’lib qolmoqda!

Barcha ilovalar komissiyalari bilan Depozit.uz saytining To’lovlar sahifasida tanishishingiz mumkin.

 

12:30 • 12 October, 2021
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish