Top.Mail.Ru

O‘zbekistonda islomiy moliya

O‘zbekistonda islomiy moliya: bitta xayrixohlik kamlik qiladi

O‘zbekistonda islomiy moliya

Sentyabrning 1-4 kunlari mamlakatimiz biznes hayotida bir muhim voqea yuz berdi. Toshkentda Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilari kengashi guruhining 46-yillik anjumani bo‘lib o‘tdi va unda ITB guruhiga aʼzo 57 mamlakatdan vazirlar va rasmiylar, shuningdek, 2000 dan ortiq yirik biznes, bank-moliya vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, bunday yirik anjumanning Toshkentda o‘tkazilishi mamlakatimiz banklari va Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, O‘zbekistonda ham islom moliyasi tamoyillarining rivojlanishiga umid uyg‘otdi.

Mazkur xalqaro anjuman doirasida O‘zbekiston va ITB o‘rtasida bir qator o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha hujjatlar imzolandi. Xususan, Sammitda, ITB guruhi va o‘nta aʼzo mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolandi. Shundan 330 million dollariga teng mablag‘ O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab sarflanadi.

O‘zbekiston hukumati, ITB va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ustav kapitali 100 mln dollarga teng Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha Memorandum imzolandi. Qayd etish lozim, ushbu jamg‘arma mablag‘larini kelgusida 500 mln dollarga yetkazish va tadbirkorlarning yangi loyiha va tashabbuslarini yo‘lga qo‘yishda moliyaviy-texnik yordam ko‘rsatishning samarali platformasiga aylanishi kutilmoqda.

Jamg‘armaning 200 mln dollarlik investitsiyalari “Obod qishloq dasturi”ga kiritilgan loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Kichik va o‘rta biznes hamda startap loyihalar, infratuzilmani modernizatsiyalash va xizmatlardan foydalanishni yaxshilash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishidagi chora-tadbirlar tufayli mamlakatda 100 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi va 34 mingga yaqin kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyati tiklanadi.

Shuningdek, Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi va “Trastbank” XAB o‘rtasida 15 mln dollarlik savdo-moliya liniyasini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonda onkologik xizmatlarni rivojlantirish loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 80 million dollar qarz shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, “Trastbank”, “Kapitalbank”, “Turonbank”, “Infinbank”, “Orient Finans bank”ning har biri bilan 10 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratish to‘g‘risida Bitim imzolandi.

80 mln dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan yana bir loyiha O‘zbekistonda onkologik xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan.

Islom taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonda islom banki va moliya sohasining huquqiy asoslarini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik yordam granti ajratiladi.

Va nihoyat, Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha Islom korporatsiyasi va “O‘zbekinvest” EISK AJ o‘rtasida sanoat, qishloq va kommunal xo‘jaligi, transport, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi ikki tomonlama va mintaqaviy investitsiya loyihalarini sug‘urta qilish va qayta sug‘urtalash sohasidagi hamkorlikni ko‘zda tutuvchi hamkorlik Memorandumi imzolandi.

IBR O‘zbekistonning sinovdan o‘tgan ishonchli investorlaridan biridir. Hozirgi kunda respublikaning 10 ta tijorat banki ITBning faol hamkoridir. Bankning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi esa 1 mlrd dollardan oshadi. Mamlakatimiz rahbari islom mamlakatlari va AQSH sammitida qatnashish uchun Saudiya Arabistoniga safari chog‘ida yo‘l-yo‘lakay ITB boshqaruvchisi bilan uchrashuvi chog‘ida Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik kompleksi qoshida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Bir qaraganda, O‘zbekiston va ITB o‘rtasidagi hamkorlik risoladagiday tuyuladi. Ammo anjuman kunlarida yangragan fikrlar bu hamkorlik arzirli emasligini ko‘rsatdi. ITB institutlari tomonidan kiritilayotgan investitsiyalar, shariat asosiga qurilgan moliviy xizmatlardan foydalanish hajmi bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin ekan.

Xo‘sh, bunga nima to‘sqinlik qilmoqda? Nega bu imkoniyatdan foydalanmayapmiz?

Aholisining 94 foizini musulmonlar tashkil qiluvchi O‘zbekistonda 2004 yildan buyon islomiy moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha gap-so‘zlar yangraydi, ammo amaliy ishlar joyidan siljimayapti. Hatto bu masalada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 mayida “O‘zbekiston Respublikasida islom bankchiligi va moliyasi infratuzilmasini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi eʼlon qilingan va bu qarorni amalga oshirish doirasida Global Islom moliyasi universiteti (INCEIF) va Islom moliyasi xizmatlari kengashi (ISBF) ishtirokida treninglar tashkil etilgandi, jamoatchilik o‘zining fikr-mulohazalarini o‘rtaga tashlagandi.

O‘zbekistonda islom moliyasi va bankchiligini tashkil etish bo‘yicha so‘nggi uch yarim yildagi ishlarni o‘rganishlarimiz bu borada mamlakatimiz bank-moliya sohasi rahbarlarida yagona fikr shakllanmagani, allaqanday ikkilanishlar borligini ko‘rsatmoqda.

2019 yil bahorida Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyatga bag‘ishlangan matbuot anjumanida respublikada islom bankchiligi va moliyaviy xizmatlari qachondan joriy etilishi mumkinligiga doir tushgan savolga Markaziy bank raisi buning uchun qonunchilik bazasini shakllantirish lozimligini taʼkidlagan edi.

To‘g‘ri, islom moliyasi xizmatlari ko‘rsatilishi uchun bir qator qonun hujjatlariga, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”, “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”, “Lizing to‘g‘risida”, “Ipoteka to‘g‘risida”, “Garov to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga xalqaro tajriba va ISFB standartlari asosida tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek zarur meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish talab etiladi.

Afsuski, islom moliyasi va bankchiligiga bo‘lgan xudbin munosabat, tor qarashlar mazkur qaror qabul qilinishiga to‘sqinlik qildi.

Ammo bu masala kun tartibidan tushib qolmadi. Oliy Majlis Qonuchilik palatasining 2020 yil fevral oyidagi qonun loyihalariga bag‘ishlangan majlislaridan birida «Mikromoliyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasida parlament raisining o‘rinbosari A.Qodirov O‘zbekistonda islomiy banklar ochishga qanday omillar xalaqit berayotgani borasida Markaziy bank vakiliga savol bilan murojaat qiladi.

«Mikroqarzlarni odamlarga moliyaviy ko‘mak vositalaridan biriga aylanmayotganiga diniy qadriyatlar sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun qonunchilikdagi ayrim moddalarga o‘zgartirish kiritib, islomiy moliyalash tizimini kiritish kerak emasmi?» - deb taʼkidlagan Alisher Qodirov bu tizim muvaffaqiyatli ishlayotgan bir qancha rivojlangan davlatlarni misol keltirgan.

Mazkur savolga javob bergan Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari B.Zohidov “o‘tgan 2019 yilda banklar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator qonunlar qabul qilingan. Shu boisdan amaldagi qonunchilikda islom banklarini ochish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklovlar mavjud emas”, degan.

«Bugungi kunda 10 ga yaqin banklarimizda mikro, kichik liniyalari orqali moliyalashtirilyapti. Chakanaga o‘tadigan bo‘lsak, hozir 3 ta bank islomiy moliyalashni joriy qilishga o‘tyapti. Bu borada ishlar davom etyapti. Bu jarayonda yo‘lga qo‘yiladigan turli texnologik ishlar bor. O‘ylaymanki, shu yilni o‘zida aynan kreditlash yo‘nalishida bu masalani hal qilamiz», – deydi Botir Zohidov.

Oradan ikki yarim yil o‘tdiki, islomiy kreditlash borasida hech ish qilinmadi. ITB bilan hamkorlik qilayotgan tijorat banklarida mijozlarga “islomiy darcha” tamoyilida muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi, xolos. Bank tizimi rahbarlarining xatti-harakati savol ustiga savol tug‘diradi: islomiy moliya vositalarini safarbar etishga nima xalaqit beryapti? Aholisining 5-10 foizini musulmonlar tashkil etadigan mamlakatlardaki, islomiy moliyalash hajmi kengayib borayotganda, O‘zbekistonda bu tizimni joriy etish nega ortga surilyapti? Hali uni, hali buni bahona qilish qachongacha davom etadi?

Yashirmaymiz, anjuman O‘zbekistonda ham to‘laqonli islomiy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalasiga oydinlik kiritsa kerak, degan fikr xayolimizdan o‘tdi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov O‘zbekistonda islomiy moliyalashning joriy etilmasligiga aholining moliyaviy savodxonligi yetishmasligini ro‘kach qildi.

“Gap shundaki, - dedi I.Norqulov, - mamlakat aholisining moliyaviy savodxonligi darajasi ancha past. Ehtimol, odamlar oddiy bank xizmatlari haqida nimadir bilishadi, lekin islomiy moliyalashtirish haqida deyarli maʼlumotga ega emas. Bu mavzu ayniqsa fintex rivojlanishi sharoitida dolzarbdir. Muayyan salohiyatni yaratish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish zarur. Aholining moliyaviy savodxonligi oshishi bilan islomiy bank tizimini joriy etish ancha osonlashadi”.

Bundan chiqdi, mamlakatimiz moliya bozoriga islomiy bank tizimini aholining moliyaviy savodxonligi oshirilgandan keyin kiritilsa, maqsadga muvofiq.

Shariat asosida moliyalash bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab keng rivojlanib bormoqda. Moliyalashning bu tizimi foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashni o‘zida jam etishi bilan anʼanaviy banklardan farq qiladi. Islomiy banklar mijoz talabi bilan obyektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, xomashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Loyihalashning ayni usulidan foydalanish maqbulligi va bunga aholi ehtiyoji borligi xorijiy mehmonlar tomonidan ham qayd etildi.

Bu jihatdan anjuman doirasida tashkil etilgan bahs-munozaralarda qatnashgan Shri-Lankalik mehmonning fikrlari eʼtiborni tortadi:

“...bizda musulmonlar ulushi atigi 10 foizni tashkil etadi. Ammo bizda to‘laqonli islom banklari bor va ular Islom taraqqiyot banki va Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi bilan hamkorlik qiladilar. Men muhokamada qatnashayotgan janoblarga murojaatimda shunday demoqchiman: mamlakatingizda zudlik bilan bir emas, bir nechta islom banki ochish ustida ishlashingiz kerak. Chunki, bizning uchrashuvlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, mamlakatingizda islom banklari uchun qondirilmagan katta talab bor. Aytishlaricha, yostiqlar va ko‘rpalar ostidagi mablag‘lar hozirda anʼanaviy banklardagi omonatlar miqdoridan ancha ko‘p ekan”, dedi mehmon va bu xususda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar instituti direktori Obid Hakimovning fikrini bilishga qiziqdi.

O.Hakimov ham aravani quruq olib qochishda salaflaridan qolishmadi.

“So‘nggi 5 yilda islom banklarini tashkil qilish bo‘yicha baʼzi harakatlar boshlandi, - deya fikrini boshladi direktor. - Ammo bilasizki, islom bankchiligi bu sodda narsa emas. Uni joriy qilish keng qamrovli, huquqiy va institutsional asoslarni talab qiladi. Bilasizki, O‘zbekiston 70 yil Sovet Ittifoqining tarkibida bo‘lgan. Undan so‘ng esa, biz mutlaqo yangi institutlar va infratuzilmani yaratdik. O‘zbekistonda bir kunda yoki bir yilda islom banklarini joriy qilish qiyin masala. Shu sababli, Prezidentning bu yil tashabbusidan so‘ng hozirda bu sohada ish olib borilyapti. Mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi asosida faoliyat boshlashlari kutilyapti. Bizga aytganingizdek, xalqning imkoniyatlari ham maʼlum, yostiqlar ostidagi pullar hajmi ham markazimiz tomonidan baholab boriladi. Yostig‘ini ostida pul saqlayotgan, qoramol yoki boshqa ko‘rinishda jamg‘armalarini saqlayotgan, dollari yoki milliy valyutada jamg‘armasini saqlayotganlar to‘g‘risida baholashlarimiz mavjud.

Bir narsaga urg‘u bermoqchiman, fikrimcha gap islom banklari bor yoki yo‘qligida emas, hamma gap ishonchda! So‘nggi 5 yilda tijorat banklaridagi omonatlar 3-4 barobar o‘sdi. Bu degani, bank tizimiga ishonch ortib bormoqda. O‘ylaymanki, endi yaqin kelajakda islom bankchiligi rivojlanishi uchun O‘zbekistonda sharoit yaxshilanadi”.

Obid Hakimov optimistik so‘zini tugatishi hamono yonidagi chet ellik mehmon o‘z fikrini bildirishga tushdi:

“Men ham bu mavzuda fikr bildirmoqchiman, doktor Hakimovning fikrlariga qisman qarshiman. Xususan, ishonch barcha narsani hal qiladi, degan fikrga, shu bilan birga Shri-Lankalik birodarimiz fikrlariga to‘liq qo‘shilaman. Bu masalaga aholining barcha qatlamlarini moliyaviy xizmatlar bilan taʼminlash nuqtai nazaridan yondashish lozim. Mamlakatda turli qatlam vakillari yashaydi. Bilasizmi, bu yerda eʼtiqod masalasi yotibdi, har bir inson eʼtiqodga mos moliyaviy xizmatlar bilan taʼminlanishi kerak. Anʼanaviy banklarga ishonch qanchalik kuchli bo‘lmasin, ular yostiqlar ostidagi pullarni olib chiq(ol)masliklari mumkin. Shu sababli, bu masalaga g‘oyat keng miqyosda nazar solish kerak. Yevropa davlatlari, masalan, Buyuk Britaniyada islom banklari tizimlashib, rivojlanishga ulgurdi va hozirda muvaffaqiyat bilan ishlamoqdalar. Lyuksimburgda bu masala parlament darajasida muhokama qilindi va qonun(iy kuch)ga kiritildi. Biroq, sizlarning mintaqada, Islom taraqqiyot banki aʼzo mamlakatlarida bu ishlar juda sekin ketayapti. Men ushbu bankda ishlayotgan xodim sifatida kamida 8 yildan beri holat shunday ekanligini taʼkidlayman. Markaziy bank va hukumatlar Islom taraqqiyot bankiga qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha murojaat qilganlar. Fikrimcha, bu yerda mamlakatning turli eʼtiqoddagi barcha fuqarolarini moliyaviy xizmatlar bilan taʼminlaydigan ekotizim yaratish masalasini o‘ylashga ehtiyoj bor. Men dastlabki fikrlarga qayta urg‘u bermoqchiman, agar iqtisodiy jihatdan barqaror mamlakat qurishni istasak, mamlakatdagi har bir odamni iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘lishiga imkon yaratish lozim. Agar keng ommani qamrab olish imkonini beradigan tizim yaratilmas ekan, maqsadga yeta olmaymiz. Qishloq joylardagi aholi, ayollar va yoshlar moliyaviy xizmatlardan foydalana olishi, o‘z biznesini boshlashi va rivojlantirishi uchun sharoit bo‘lishi kerak. Moliya tizimida nafaqat ishonch, balki xilma-xillik bo‘lishi lozim. Rossiya Markaziy banki Islom taraqqiyot banki bilan shartnoma imzoladi va bu yildan ular islom bankchiligi xizmatlarini ko‘rsatishga kirishdi. Bu ishni Rossiya bir tarafdan moliyaviy jihatdan aholini qamrab olish uchun qilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan esa Markaziy Osiyo mintaqasiga islom banklari xizmatlarini ko‘rsata olishi uchun qilayapti. Bu Rossiyaning maqsadi va unga erishish uchun faol harakat boshlaganlar. Shu kabi ishlarni Fransiya ham olib bormoqda. Shu sababli bizlar tezroq harakat qilishimiz lozim. Bu mamlakatlar Islom hamkorlik tashkilotining aʼzolari emas, ammo ular islom moliyasining qadrini tushunib yetmoqdalar, inklyuziv rivojlanishga hissa qo‘shmoqdalar. Aholining eʼtiqodiga mos xilma-xil moliyaviy xizmatlar zarurligini tushunmoqdalar”.

Ushbu dalillardan ko‘rinadiki islomiy moliyaviy xizmatlardan foydalanish, bankchiligini yo‘lga qo‘yish hech kimga ziyon keltirmagan. Janob moliyachilar va bankirlar, bu oddiy haqiqatni anglab yetmoq fursati kelmadimi?!

Islomiy moliyalashning kirib kelishi, o‘zgarishlar iqtisodiyotning jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi tayin.

Yangi moliyaviy xizmatlar mijozlarga ko‘rsatilayotgan servisni, ularning tanlash imkoniyatini kengaytiradi, resurslardan foydalanish masʼuliyatini, turmush farovonligini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi, daromadini ko‘paytiradi, iqtisodga katta foyda keltiradi. 

Islomiy moliyaviy xizmatlar milliy iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlashda beqiyos o‘rin tutadi.

19:12 • 15 September, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish