Albatta, bu taklif O‘zbekistondagi korxona va tashkilotlar, banklar va boshqa idoralar miqyosida ham ko‘rib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Albatta, bu taklif O‘zbekistondagi korxona va tashkilotlar, banklar va boshqa idoralar miqyosida ham ko‘rib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki, bugungi kunda aholi soni ortishi hisobiga, uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj ham yuqoriligicha qolmoqda. O‘rtacha oylik ish haqining pastligi uy olish imkoniyatini yana-da qiyinlashtirib yubormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va yosh oilalar uchun bu juda og‘riqli masaladir.
Yaqin o‘tmishda zavod-fabrika ishchisi yoki tashkilot xodimi, hattoki, Respublika Markaziy banki, Milliy banki va O‘zsanoatqurilishbanklari tomonidan o‘z xodimlariga kredit hisobidan uy-joy ajratish tizimlari mavjud edi. Biroq bu tizim keyingi yillarda butkul to‘xtab qoldi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bordir. Biroq mana shu to‘xtagan tizimni qayta yo‘lga qo‘yish vaqti yetmadimikan?!
Maʼlumki, bugungi kunda Ipoteka-bank, Asaka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Qishloqqurilishbank, Turonbank, Agrobank, Hamkorbank va Xalq banklari tomonidan birlamchi va ikkilamchi uy-joylar xaridi uchun 20 yil muddatga 323,0 mln. so‘mgacha hamda uy-joylarni taʼmirlash uchun esa 10 yil muddatga 80,0 mln.so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratilmoqda. Biroq, shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, ipoteka kreditlari rasmiylashtirish uchun oilaviy oylik o‘rtacha daromad 10,0 mln. so‘mdan oshishi hamda kamida 6 oy davomida doimiy daromadga ega bo‘lishi lozim.
Endi tahlil qiladigan bo‘lsak, yosh oila oliy taʼlim muassasasini bitirib, ishga joylashdi. Oilaning o‘rtacha daromadi 5-6 mln. so‘mni tashkil etishi mumkin. Demak, bu yosh oila uy-joyga bo‘lgan talabini qondira olmaydi yoki ota-onasining uyida yashashi yoxud ijarama-ijara sarsongarchilikda yurishiga to‘g‘ri keladi.
Agar xodim ishlayotgan tashkilot orqali uy bilan taʼminlash tizimi yo‘lga qo‘yilsa, bu xodimning eng katta muammosi hal bo‘ldi, deganidir. Hozircha bu tizim faqat organ xodimlarigagina tatbiq etilmoqda. Boshqa sohalarga ham bunday tizimning qo‘llanilishi ko‘plab ishchi xodimlarning uy-joyli bo‘lishiga, yoshlarning tezroq o‘z yo‘lini topishiga ko‘mak beradi. Qolaversa, ish joyidan bunday rag‘bat ko‘rgan xodim borini berib ishlashga harakat qiladi va xodimlar o‘rtasida o‘zaro raqobat muhiti paydo bo‘ladi. Bu esa, tashkilot ishining rivojiga ham taʼsir etishi tayin.
Rossiyadagi “Izvestiya” nashrining yozishicha, xodimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish beruvchi tomonidan ipoteka kreditlarini ajratilishiga ruxsat berish yuzasidan Moliya vazirligiga taklif kiritilgan, bu holda, albatta, sotib olingan uy-joylar garov taʼminoti sifatida qabul qilinadi.
Ushbu g‘oya kompaniyalarning kredit tashkilotlariga aylanishini nazarda tutadi, buning uchun xodimlarga korporativ kredit ajratishga qaratilgan soddalashtirilgan litsenziyalash tizimini ishlab chiqish zarur bo‘ladi. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi biznes hisobiga ipoteka kreditlari bozorida raqobatni kuchaytiradi va kompaniyalar o‘z xodimlarining sadoqatini oshishiga hamda pul mablag‘larini jalb qilish vositasini qo‘lga kiritishiga imkoniyat yaratadi.
Mazkur g‘oya Rossiya o‘z aholisi sharoitini yaxshilashga urinayotgandan dalolat beradi. Bu borada ham mamlakatimizda bir qancha ishlar qilinmoqda. Biroq bu tor doira deyish mumkin. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki ishlar xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va uy-joy hamda maishiy sharoitlarini yana-da yaxshilash bo‘yicha tegishli farmon imzolandi.
Bu kabi imkoniyatlar boshqa soha vakillariga ham tatbiq etilsa, uy-joyga muhtoj bo‘lgan yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlagan, ularga yangi imkoniyat eshigini ochgan bo‘lardik. Bunday tizimning yo‘lga qo‘yilishi esa banklar uchun ham manfaatlidir. Chunki tashkilotlar kafolati ostida xodimlarga o‘z ish joylaridan ipoteka kreditining ajratilishi banklarda muammoli kreditlarning vujudga kelmasligiga, qolaversa bu kabi moddiy qo‘llab-quvvatlangan xodimlarda o‘z ustida ishlashga bo‘lgan motivatsiyaning ortishiga olib kelishi bilan bir qatorda, mamlakatda uy-joylar tan-narxining mos bo‘lish imkonini beradi.
Albatta, bu masalada Moliya vazirligi va boshqa tegishli vazirligu tashkilotlar tomonidan taklif bo‘lishini kutib qolamiz.