Top.Mail.Ru

O‘zbekiston bank sektorini isloh qilmoqda.

Ilg‘or bank biznesini yuritish hamda ushbu sektorda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida banklarni tarnsformatsiya qilish va xususiylashtirish borasida jadal ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston bank sektorini isloh qilmoqda.

2017 yilda qabul qilingan islohotlar strategiyasida bank sektorini isloh qilish, jumladan, davlat mulkini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan edi. O‘tgan 4 yil mobaynida ushbu sektorning rivojlanishida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi, ular asosan 2017 yil sentyabr oyida pul -kredit siyosatini liberallashtirish va milliy valyutaning erkin harakatlanishi bilan bog‘liq edi, deb yozadi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Xalilullox Hamidov, "EU Reporter nashrida chop etgan maqolasida.

Maqolada keltirilishicha, so‘nggi yillar mobaynida sanoatning rivojlanish dinamikasida o‘sish kuzatilgan. Jumladan, 55 ta yangi kredit tashkilotlari, shu jumladan 4 tijorat banki (Poytaxt banki, Tenge Bank, TBC Bank, Anor Bank), 33 mikrokredit tashkiloti va 18 lombardlar paydo bo‘lgan. Tijorat banklarining aktivlari o‘sib, 2020 yilda 2017 yilga nisbatan 120% ga oshdi. Aktivlarning o‘rtacha yillik real o‘sishi (devalvatsiyani hisobga olmaganda) 24,1%ni tashkil etdi.

Xususan, kredit ajratish hajmi ham oshdi. 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, kreditlarning umumiy hajmi 2017 yilga nisbatan 150% ga oshdi. Kreditlarning real o‘sishi yiliga o‘rtacha 38,6% ni tashkil etdi. Jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar hajmi 304 foizga, sanoatga berilgan kreditlar hajmi 126 foizga, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi kreditlar hajmi 280 foizga oshdi, deya taʼkidlanadi maqolada.

Maqola muallifi taʼkidlashicha, shu davr mobaynida  aholi omonatlarining  o‘rtacha yillik real o‘sish sur‘ati 18,5 foizni tashkil etdi. 2021 yil 1 yanvar holatiga jismoniy shaxslarning omonatlari 24foizni, yuridik shaxslarning omonatlari esa 76 foizni tashkil qildi. Biroq, so‘nggi yillarda aholi omonatlarining o‘sish sur‘atlari sezilarli darajada tezlashdi. Milliy valyutadagi omonatlar 2018 yilda 38,2 foiz, 2019 yilda 45,2 foiz va 2020 yilda 31,7 foizni tashkil etdi. Xorijiy valyutadagi omonatlar hajmi 2018 yilda 2 foizga, 2019 yilda 40,1 foizga, 2020 yilda 27,7 foizga oshdi.

Shuningdek, valyuta siyosatining liberallashuvi natijasida bank sektorining dollarlashish darajasi sezilarli darajada pasaydi. Agar 2017 yilda banklarning xorijiy valyutadagi aktivlarining umumiy aktivlardagi ulushi 64 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 50,2 foizgacha, xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi 62,3 foizdan 49,9 foizgacha va va xorijiy valyutadagi depozitlarning ulushi 48,4 foizdan 43,1 foizgacha pasaygan.

Tijorat banklarining xalqaro kapital bozoriga chiqish

2019 yil fevral oyida O‘zbekiston hukumati tomonidan 1 milliard dollarlik suveren yevrobondlar muvaffaqiyatli joylashtirilgandan so‘ng, bir qancha tijorat banklari uzoq muddatli kapitalni jalb qilish uchun xalqaro bozorga chiqdi.

Taqqoslab ko‘radigan bo‘lsak, 2019 yil noyabr oyida birinchilardan bo‘lib “O‘zsanoatqurilishbank” London fond birjasida 300 million yevro obligatsiyalarni joylashtirgan bo‘lsa, ro‘yxatning ikkinchi o‘rnini 2020 yilning oktyabr oyida Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki va uchinchilardan bo‘lib noyabr oyida Ipoteka banki ham 300 million dollar evrobondlarni chiqargan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston moliya sektorining sarmoyaviy jozibadorligining oshishi xorijiy investorlarning qiziqishini uyg‘otdi. 2018 yilda Shveytsariyaning ResponsAbility Investments kompaniyasi tomonidan boshqariladigan va rivojlanish sarmoyalariga ixtisoslashgan aksiyadorlik jamiyati XMKdan Hamkorbank aksiyalarining 7,66 foizini sotib oldi. 2019 yilda Qozog‘iston Xalq banki Toshkentda Tenge Bankning sho‘ba korxonasini tashkil etdi. TBC Bank (Gruziya) O‘zbekistondagi birinchi raqamli bank sifatida Toshkentda o‘z filialini ochdi. 2020 yilda Deutsche Investitions- und Entwicklungsgesellschaft mbH, DEG va Triodos Investment Management kompaniyalari 25 million dollarlik yangi chiqarilgan aktsiyalarni sotib olish orqali Ipak Yuli Bankning ustav kapitaliga sarmoya kiritdilar, – deya taʼkidlanadi maqolada.

Xususan,  maqolada banklarni xususiylashtirish borasida ham to‘xtalib o‘tilgan. Yaʼni, davlat ishtirokini kamaytirish va xususiy sektorning rolini mustahkamlash orqali islohotlarni chuqurlashtirishi zarurligi qayd etilgan. Jumladan, "Ipoteka Bank", “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank”, "Qishloq qurilish Bank" va “Turonbank” xususiylashtirilishi ko‘zda tutilganligi taʼkidlangan. Bu esa, bank sektorining raqobatbardoshligini oshirish hamda uning rivojlanishi uchun xorijiy sarmoyalarni jalb etishga faol hissa qo‘shishidan darak beradi.

Xulosa qilib shuni aytish joizki, O‘zbekiston bank sektorida pandemiya ta‘siri ostida yuz bergan o‘zgarishlarni alohida ta‘kidlash joiz. Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistondagi pandemiya banklarni raqamlashtirishga, masofaviy bank xizmatlarini rivojlantirishga va mijozlarga xizmat ko‘rsatish algoritmlarini qayta tuzishga turtki berdi. Xususan, 2021 yil 1 yanvar holatiga masofaviy xizmatlardan foydalanuvchilar soni 14,5 millionni tashkil etdi (shundan 13,7 millioni jismoniy shaxslar, 822 mingtasi tadbirkorlik sub‘ektlari), bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Respublika Markaziy banki tomonidan raqamli banklar va filiallarni faoliyat ko‘rsatishi uchun beriladigan litsenziyalar moliya-bank tizimini yana-da raqamlashtirishga turtki bo‘ldi, deydi Xalilullox Hamidov.

09:26 • 21 October, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish