Ha mumkin. Lekin buning uchun rasmiy daromad yoki plastik kartaga tushadigan boshqa daromadga ega bo'lish va kredit tashkilotlarining bir qator talablariga javob berish kerak.
Bizning foydalanuvchilarimizdan faqat pasport bilan onlayn mikroqarz olish haqida savollar tez-tez kelib tushadi. Ya'ni rasmiy oylik ish haqisiz va boshqa hech qanday daromadsiz kredit olish imkoniyati mavjudmi deb murojaat qilishadi. Internetda "faqat pasport bilan onlayn mikroqarzlar" degan ko'plab reklamalar mavjud. Afsuski, bu shunchaki odamlarning e'tiborini jalb qilish uchun qilingan marketing hiylasi yoki hatto firibgarlik sxemalaridir.
To’g’ri, ko'pgina banklar endilikda daromadlar to’g’risida ma’lumotnoma talab qilmaydi, chunki ular mijozning daromadlarini mustaqil ravishda tekshirish imkoniyatiga ega. Onlayn mikroqarz olish uchun mijoz bankning mobil ilovasi orqali identifikatsiyadan o‘tishi va kredit olish uchun ariza topshirishi kifoya.
Bugungi kunda 33 ta bankdan 10 tasida onlayn mikroqarz olish mumkin.
Banklar onlayn mikroqarzlarni shu bankda ochilgan plastik kartaga ish haqi loyihalari doirasida maosh oladigan korporativ mijozlar xodimlariga beradi. Faqat to'rtta bank - TBC Bank, Anorbank, Agrobank va Davr bank ish haqi kartasiga bog'lanmagan holda onlayn mikroqarz beradi.
TBC Bank rasmiy ish haqisiz ham mikroqarz beradigan yagona bank, lekin bunung uchun mijoz nomiga ochilgan UZCARD plastik kartasiga ega bo‘lish va unga kamida oxirgi 12 oy davomida doimiy daromad kelib tushgan bo’lishi shart. Shu bilan birga, daromadning minimal darajasi oyiga kamida 500 ming so'm bo'lishi kerak. Pensiya, stipendiya va bola parvarishi uchun nafaqalar daromad sifatida qabul qilinmaydi. Yosh cheklovlari ham mavjud - onlayn mikroqarz 22 yoshdan kichik bo'lmagan va 60 yoshdan katta bo'lmagan shaxslarga beriladi. Kredit bo’yicha ta’minot talab qilinmaydi.
Anorbank va Davr bank faqat rasmiy oylik ish haqi bilan onlayn mikroqarzlar beradi. Shu bilan birga, doimiy daromad kamida oxirgi 6 oy davomida olinishi kerak. Kredit ushbu banklarda onlayn ariza orqali ochilgan kartaga beriladi.
Boshqa banklarda onlayn mikrokreditlar faqat ish haqi loyihasi doirasida shu bankda ochilgan ish haqi kartasiga beriladi. Onlayn mikrokreditlarning barcha shartlari haqida keyingi maqolada batafsil yozamiz.
Mikroqarzlar sahifasida siz mikroqarzlarning barcha shartlari bilan tanishishingiz mumkin.