19-August, 15:16 |  5,121

Onlayn mikroqarzlar: qancha miqdorda, qanday muddatga va qanaqa foizda?

Onlayn mikroqarzlar - pulni ma'lum foizda zudlik bilan olishning tez va qulay usuli.

Onlayn mikroqarzlar: qancha miqdorda, qanday muddatga va qanaqa foizda?

Onlayn mikroqarzlar - pulni ma'lum foizda zudlik bilan olishning tez va qulay usuli. Ammo, shunga qaramay, onlayn mikroqarz olish so'zda aytilganidek oson emas. Birinchidan, onlayn mikrokreditlarni tanlovi juda kichik, faqat 10 ta bank bunday kredit turini taklif etmoqda. Bundan tashqari, ma'lum talablar ham mavjud.

Bugungi kunda onlayn mikroqarzlar banklar tomonidan asosan shu bankda ochilgan plastik kartaga ish haqi loyihalari doirasida maosh oladigan korporativ mijozlar xodimlariga beriladi. Ya'ni, agar shaxs onlayn mikroqarz olishni istasa, lekin oylik maoshni plastik kartaga olmasa yoki kartasi bo'lsayu, lekin kartani ochgan bank onlayn mikroqarz bermasa, kredit olish imkoniyati bo’lmaydi.

Hozirgi kunda ish haqi kartasiga bog’lanmagan holda onlayn mikroqarz beradigan banklardan biri O'zbekistondagi birinchi raqamli bank - TBC Bank. Ushbu mikroqarz 36 ​​oygacha bo'lgan muddatga, 50 million so'mgacha miqdorda beriladi va bu onlayn mikroqarz taklif etayotgan barcha banklar orasida eng yuqori miqdor. Foiz stavkasi har bir mijozning kredit tarixiga qarab yillik 28% dan 49% gacha belgilanadi. Har bir keyingi kredit bilan foiz stavkasi pasayadi. Ammo bu boshqa talablar yo'q degani emas. Kredit olishni istaganlar uchun bank ma'lum talablarni qo'yadi. Birinchidan, onlayn mikroqarz olish uchun avvalo bankning mobil ilovasini o'rnatish va plastik kartaga buyurtma berish kerak. Ikkinchidan, siz doimiy rasmiy ish joyiga ega bo'lishingiz va u erda oxirgi 12 oy davomida ishlagan bo'lishingiz kerak. Shu bilan birga, rasmiy ish haqining minimal darajasi kamida 500 ming so'm bo'lishi kerak. Uchinchidan, yosh cheklovlari mavjud: onlayn mikroqarz 22 yoshga to’lgan va erkaklar uchun 58 yoshgacha, ayollarga 53 yoshgacha bo’lgan shaxslarga beriladi.

Ish haqi kartasiga bog’lanmagan holda onlayn mikroqarz taklif etayotgan yana bir bank - bu Davr Bank. Ammo kredit olish uchun avval siz ushbu bankda plastik kartani ochishingiz kerak, va TBC Bankdan farqli o'laroq, siz kartaga buyurtma bera olmaysiz, buning uchun bank filiallaridan biriga borishingiz kerak bo’ladi, shundan keyingina siz bankning mobil ilovasi orqali onlayn mikroqarz olish uchun ariza berishingiz mumkin. Bu kredit bo'yicha foiz stavkasi yillik 26,99% ni tashkil etadi, maksimal summasi 25 mln. so’m. Ta’minot sifatida sug'urta polisi taqdim etiladi. Yana bir ijobiy jihat – Davr Bank va TBC Bank onlayn mikroqarzlari eng uzoq muddatga ega - 36 oygacha.

Eng past foizli onlayn mikroqarz Ipoteka banki tomonidan taqdim etilmoqda. Yillik foiz stavkasi 23%, maksimal kredit summasi 24,5 mln so'm, muddati 24 oygacha. Ta’minot sifatida sug'urta polisi taqdim etiladi, sug'urta komissiyasi 24 oy uchun 4% ni tashkil qiladi. Kredit muddatidan oldin to'langan taqdirda sug'urta mukofoti ishlatilmagan muddat uchun qaytariladi.

Shuningdek, onlayn mikroqarzlarni O'zsanoatqurilishbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Aloqabank, Agrobank, Ravnaq bank va Ipak yo'li banki taklif etmoqda. Ular bo’yicha foiz stavkalari yillik 23% dan 39% gacha oraliqni tashkil etadi. Bu banklar taklif qilayotgan maksimal summa 25-30 million so'm, maksimal muddati - 12 oy. Onlayn mikroqarzlar uchun ta’minot sifatida asosan sug'urta polisi taqdim etiladi.

Shuni ta'kidlash kerakki, har bir bank mijozga kredit berishdan bosh tortishi mumkin. Bu, birinchi navbatda, har bir bankning skoring tizimining talablari va har bir mijozning kredit tarixiga bog'liq.

Onlayn mikroqarzlar, juda qulay kredit turi hisoblanadi, lekin ayni paytda, bizning fikrimizcha, ko'pchilik uchun hali ham bu kreditni olish imkoniyati cheklangan. Birinchi navbatda, ish haqi kartasiga bog’liqlikni olib tashlash zarur deb o'ylaymiz, shuningdek barcha banklar mijozlarga onlayn kreditlar taklif etishlari kerak va shu orqali bunday kredit olish imkoniyatini oshirishlari zarur.

 Teglar

Mikroqarzlar

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish