Top.Mail.Ru

Markaziy bank tijorat banklariga aholiga xizmat ko'rsatish sifati bo'yicha ogohlantirish berdi

Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda aholining banklarga nisbatan shikoyatlari e’lon qilib boriladi. Albatta bu shikoyatlar o’z-o’zidan emas, balki banklarning talab darajasida bo’lmagan bank xizmatlari yoki bank xodimlarining mas’uliyatsizligi tufayli kelib chiqadi.

Markaziy bank tijorat banklariga aholiga xizmat ko'rsatish sifati bo'yicha ogohlantirish berdi

Shu munosabat bilan Markaziy bank iyul-sentabr oylari davomida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan murojaatlarni o’rganib chiqqan holda 31 marotaba tijorat banklariga ogohlantirish va ko’rsatmalar yuborgan. Muammolarning aksariyat qismi bartaraf etilgan, ba’zilari bo’yicha tijorat banklari ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va saytlari orqali iste'molchilarga tegishli tushuntirishlar bergan.

Ogohlantish olgan banklar qatorida Anorbank, Davrbank, Universalbank, Hamkorbank, Tenge bank, Xalq banki, Ipak Yo‘li banki, Infinbank, Turonbank, Qishloq Qurilish bank, Milliy bank, Kapitalbank, O’zsanoatqurilishbank, Aloqabank, Asia Alliance bank bor.

Eng ko’p shikoyatlar quyidagi bank xizmatlari bilan bog’liq:

  • karta hisobvarag‘idan pul mablag‘i yechilgan, lekin bankomat naqd pul bermagan;
  • nafaqa pulini bank kartasi orqali olish bo‘yicha muammolar;
  • mobil ilova orqali o‘tkazilgan pul mablag‘i oluvchilarning karta hisob raqamiga tushmaganligi;
  • kredit to‘lovlari to‘liq to‘langan bo‘lsa-da, karta hisobvarag‘idan kredit uchun to‘lov yechilishi;
  • bank xodimlari tomonidan fuqaro uchun notanish bo‘lgan kredit bo‘yicha kafil ekanligi to‘g‘risida qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganligi;
  • bankning mobil ilovasi orqali konvertasiya qilingan hamda boshqa kartaga o‘tkazilgan mablag‘ ko‘rinmayotganligi;
  • kreditni muddatidan oldin so‘ndirgani uchun keshbek taqdim etilmayotganligi.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga ko‘ra ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, mazkur Qonunning 6-moddasiga asosan jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak hamda murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Markaziy bank bundan so’ng ham ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan bank xizmatlari iste'molchilarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar yuzasidan qonunda belgilangan muddatlarda tegishli choralarni ko‘rish davom ettirishi haqida ma’lum qildi.

16:24 • 05 October, 2022
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish