Top.Mail.Ru

Ipoteka kreditini qanday tanlash mumkin?

Ko'pchilik ipoteka kreditini tanlashda eng muhim mezon uning foiz stavkasi deb hisoblaydi.

Ipoteka kreditini qanday tanlash mumkin?

Biroq bu haqiqatdan yiroqdir, chunki past stavka ko'pincha cheklangan ipoteka miqdorini, xususan, imtiyozli ipoteka kreditlari bo’yicha, shuningdel qisqa muddat yoki katta dastlabki to'lovni anglatadi. Demak, eng past foiz stavkasini qidirish har doim ham to'g'ri tanlov emas.

Ipoteka kreditini tanlashda:

1. Avval siz kvartirani qayerdan sotib olishni aniqlab olishingiz kerak: yangi qurilgan uydan yoki ikkilamchi bozordan. Ushbu tanlov qaysi ipoteka dasturini tanlashni aniqlab beradi. Yangi qurilgan uylardan ko'chmas mulk sotib olish uchun kredit stavkalari davlat dasturlari tufayli pastroq. Ikkilamchi uy-joy uchun imtiyozli kreditlar esa noma'lum muddatga to'xtatilgan.

2. Imtiyozlarga, xususan, dastlabki to'lov va foiz to'lovlarini qisman qoplash uchun subsidiyalarga muvofiqligingizni tekshiring.

3. Qancha miqdorda kredit olmoqchiligingizni aniqlab oling. Har bir bankning kredit miqdori bo’yicha cheklov bor. Ba'zilari 1 milliard so'mgacha, boshqalari esa 416,5 million so'mgacha ko'chmas mulk sotib olish uchun ipoteka beradi. Katta miqdordagi ipoteka faqat banklarning o'z mablag'lari hisobidan va tijorat shartlarida beriladi. Miqdor o'sishi bilan bankning risklari ham ortadi. Kreditning qaytarilishini kafolatlash uchun bank sotib olingan mol-mulk ko'rinishidagi garovni, ba'zan esa birgalikda qarz oluvchilar yoki kafillarni taqdim etishni talab qiladi. Yoki sizning qarz yukingiz ipotekani hisobga olganda 50% dan ortiq bo'lsa, u sizga kerakli kredit miqdorini umuman tasdiqlamasligi ham mumkin. Shuni ham hisobga olish kerakki, ipoteka uchun ariza berishda ko'chmas mulkni baholash va sug'urta qilish uchun qo'shimcha xarajatlar ham bo’ladi.

4. Bankni tanlang. Ish beruvchingizga xizmat ko'rsatadigan ish haqi loyihasi bo’yicha bankining shartlarini o'rganing. Kreditorlar odayda o'z mijozlariga yanada qulay shart-sharoitlarni taklif qilishadi.

5. Dastlabki to‘lov miqdorini solishtiring. Har bir bankning o'zi minimal to'lov miqdorini belgilaydi. Davlat dasturlari bo’yicha yangi uylarni sotib olish uchun 15% dan, boshqa ipoteka kreditlari uchun 20% dan past bo'lmasligi kerak. Boshlang'ich to'lov qanchalik katta bo'lsa, bankdan olinadigan qarz mablag’lari shunchalik kam bo’ladi, natijada bankka qaytariladigan ortiqcha to'lov miqdori ham kamayadi.

6. Kredit muddatini tanlang. Ipoteka muddatidan to'lov jadvali va undagi oylik to’lovlar miqdori kelib chiqadi. To'lov muddati qanchalik uzoq bo'lsa, oylik to'lovlar shunchalik kam bo'ladi, lekin ortiqcha to'lov shunchalik ko'p bo'ladi. Bu holda to'lovlarning davomiyligi va miqdori o'rtasidagi optimal nisbatni tanlash maqsadga muvofiqdir.

7. Oylik to'lovni hisoblang. Bankni tanlab, foiz stavkalari, muddat va dastlabki to'lov bo'yicha takliflarni o'rganib chiqqaningizdan so'ng, har xil hollarda oylik to'lovingiz qancha bo'lishi mumkinligini hisoblang. Buni kredit kalkulyatori yordamida amalga oshirishingiz mumkin.

8. Quruvchilar takliflarini solishtiring. Bozorda odatiy takliflardan tashqari, qurilish kompaniyalarining ipoteka dasturlari ham mavjud. Ular yangi uylar uchun imtiyozli ipoteka asosida, shuningdek, o'zlarining alohida shartlari asosida ishlab chiqilishi mumkin. Bunday takliflar qarz oluvchi qisqa muddatda uy-joy uchun to’lovni amalga oshirishni rejalashtirgan va ko’proq miqdorda oylik to'lov qilishga tayyor bo'lgan hollarda tavsiya etiladi, chunki qurilish kompaniyalari asosan uylarini muddatli to’lov asosida sotadi. Bunda asosiy afzallik shundaki, uy-joyni dastlabki to'lovsiz va qo’shimcha to'lovlarsiz sotib olish mumkin.

9. Shartnoma shartlariga qat'iy rioya qiling. Bank taklifini tanlagandan so'ng, hujjatlarni bankka taqdim etish va tanlangan yashash maydonini sotib olish mumkin. Undan so’ng to'lov muddati keladi, uning davomida kreditni o’z vaqtida va to’liq to'lab borish kerak. Bankka pul to’liq qaytarilmagunicha, bankning roziligisiz uy-joyni ijaraga berish, almashtirish, hadya qilish yoki sotish mumkin emas.

Ushbu parametrlarning barchasini ko'rib chiqing - ularning har biri sizning foydangizga ta'sir qiladi. Sotib olingan kvartira uy-joy muammosini hal qiladi va hayotingizni yanada qulay qiladi.

O'zbekiston banklarida mavjud barcha ipoteka kreditlari shartlari bilan Ipoteka krediti sahifasida tanishishingiz mumkin.

11:09 • 23 November, 2023

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish