Top.Mail.Ru

Depozit nima?

Depozit so‘zi, aslida, “saqlashga topshirilgan” yoki “asrab qo’yilgan narsa” degan ma’noni anglatadi.

Depozit nima?

"Depozit" atamasini biror tashkilotning hisob raqamiga pul mablag'larini qaytarish huquqi bilan qo’yish deb tushunish mumkin, masalan, auksion savdosida qatnashish uchun depozitlar, buymlarning saqlanishini ta'minlaydigan turli badallar va boshqalar.

Bugun biz bank depoziti yoki boshqacha aytganda bank omonati haqida gaplashamiz. Omonat ochish uchun bank muassasasiga murojaat qilgan har bir kishi depozit nima ekanligini biladi. Ammo bank depoziti bank omonati bilan bir xil tushuncha emas. Bankka qo'yilgan har qanday mablag’ omonat hisoblanadi. Depozit esa nafaqat bankka qo’yilgan pul, balki saqlash uchun topshirilgan har qanday narsa bo'lishi mumkin. Joylashtirilgan mablag’larning o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, omonatni depozit deb atash mumkin, chunki pulni joylashtirish "depozit" tushunchasiga zid kelmaydi. Ammo depozitni omonat deb atash mumkin emas, chunki depozit tushunchasi faqat pul ma’nosini anglatmaydi.

Umuman olganda, depozit moliyaviy aktivlarni bankda joylashtirish orqali foyda olish usullaridan biridir, boshqacha qilib aytganda, daromad olish maqsadida qo’yilgan mablag’lar hisoblanadi. Ular qatoriga milliy va xorijiy valyutadagi pullar, qimmatli qog'ozlar, qimmatbaho metallar kirishi mumkin.

Bugungi kunda O'zbekistonda depozit tushunchasi qimmatli qog'ozlar yoki qimmatbaho metallarni depozitga qabul qilishni anglatmaydi, shuning uchun bugungi maqolamizda omonat va depozit bir xil ma'noga ega bo'ladi, ya’ni pulingizni bankka berasiz, bank uni ma’lum muddatdan so’ng foiz daromadi bilan qaytarib beradi. 

Bank depozitlari haqida tushuncha

Bank depoziti jismoniy shaxslar uchun eng ishonchli, lekin shu bilan birga past daromadli jamg'arma shakllaridan biri hisoblanadi. Jismoniy shaxslar uchun omonatlarni ochishda bank muassasasi ular bilan omonat shartnomasini tuzadi. Ushbu shartnomaga muvofiq, bank muassasasi saqlashga qabul qilingan pul summasini belgilangan muddatdan keyin qaytaribgina qolmay, balki unga belgilangan tartibda foizlarni ham hisoblab chiqish majburiyatini oladi. Bankda omonatga qo‘yilgan summa bo‘yicha foizlarni hisoblash omonat shartnomasi tuzilgan kundan keyingi kundan boshlanadi. Ko'pgina banklar omonat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish imkoniyatini ham beradi.

Omonatlarning bir qancha turlari mavjud:

Muddati bo’yicha depozitlar turlari:

  • muddatli — shartnomada pul yoki qimmatbaho narsalarni saqlashning maʼlum muddati belgilanadi. Muddatli omonat amal qilish davri mobaynida bank ushbu puldan foydalanganlik uchun mijozlarga daromadlarni hisoblangan foizlar shaklida to'laydi. Foiz stavkalari miqdori omonat summasi, muddati va boshqa bir qator shartlarga bog'liq;
  • talab qilib olinguncha — omonatga qo‘yilgan mablag‘lar mijoz tomonidan istalgan vaqtda yechib olinishi mumkin. Talab qilib olinguncha depozitlar bo‘yicha omonatchi foizlarni yo‘qotmasdan bankni oldindan ogohlantirmasdan pul yechib olish huquqiga ega, ammo bunday omonatlar bo‘yicha foiz stavkasi eng past miqdorda o’rnatiladi, hozirda taxminan 0,1% ni tashkil etadi.

 

Shartlariga ko'ra omonat turlari:

  • qo’shimcha mablag’ kiritish sharti bilan — omonatning kelishilgan muddati davomida omonatga qo‘shimcha mablag’lar kiritishga ruxsat beriladi;
  • qo’shimcha mablag’ kiritish shartisiz — omonatning kelishilgan muddati davomida omonatga qo‘shimcha mablag’lar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • qisman yechib olinadigan — omonatchi shartnomada belgilangan minimal omonat summasini saqlagan holda mablag‘larning bir qismini yechib olishga haqli;
  • qisman yechib olinmaydigan —omonatning faqatgina to’liq summasini muddatidan oldin talab qilish mumkin, biroq ko’p hollarda bu foizlarni yo‘qotishni anglatadi;
  • maqsadli - umumiy shartlardan tashqari, omonatdagi pulni olish uchun alohida shartlarga ega bo’ladi. Bunday omonatlarga ko'p hollarda uchinchi shaxs foydasiga ochiladigan omonatlar kiradi, masalan, bola ma'lum yoshga yetganda, maktabni bitirganda va hokazo.

 

Valyuta bo'yicha depozit turlari:

  • milliy valyutada – faqat mamlakat milliy valyutasida qabul qilinadigan depozitlar. O‘zbekiston banklaridagi bunday depozitlar bo‘yicha foizlar xorijiy valyutadagi depozitlarga qaraganda ancha yuqori.
  • chet el valyutasida – chet el valyutasida, masalan, AQSH dollarida, evroda, rublda va boshqalarda ochilishi mumkin bo'lgan omonatlar.

 

U yoki bu omonatning daromadliligi bir qator shartlarga bog'liq. Misol uchun, muddatidan oldin qisman yechib olinmaydigan omonatlar eng katta daromad keltiradi. Bank bilan shartnoma tuzilganda, bank mijozlar mablag'larini faqatgina saqlash uchun qabul qilmaydi, balki u kreditlar berish, fond va valyuta birjalarida savdo qilish uchun shu mablaglardan foydalanadi. Aynan shular omonat bo'yicha foizlarni to'lash imkonini beradi, chunki bu – mijoz mablag'larini joylashtirishdan kelgan foydaning bir qismidir. Bank ma'lum bir davrda qancha mablag'ga ega bo'lishi mumkinligini tushunishi juda muhim, shuning uchun mijozning aniq vaqt davomida omonatdagi mablag’larni yechib olmasligi omonat bo'yicha foizlar yuqoriroq bo'lishini ta’minlaydi.

Shunday qilib, depozitlar, shu jumladan bank omonatlari eng asosiy afzallikka ega – bu qo'shimcha foyda olish imkoniyatidir. Bundan tashqari, bank depozitlari quyidagilarga imkon beradi:

  1. Pulni jismoniy va virtual hujumdan himoya qilish. Agar siz bankda katta miqdorda pul saqlasangiz, ularni karta hisobvarag'ida saqlamang - uning bir qismini depozitga o'tkazing. Agar siz kartadan foydalanish imkoniyatini yo'qotsangiz, depozitdagi mablag'lar xavfsiz saqlanib turadi.
  2. Pullarni inflyatsiyadan himoya qilish. To'g'ri tanlangan omonatdan olingan daromad pulni qadrsizlanishidan himoya qiladi.
  3. Sarmoyadan ko'proq daromad olish. Daromadni oshirish uchun har xil turdagi depozitlar va omonatlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
  4. Takliflarning keng tanlovi. Bugungi kunda O‘zbekiston banklari turli shartlar va qulay stavkalarga ega bo‘lgan keng turdagi omonatlarni taklif qilmoqda.

O‘zbekiston banklaridagi eng foydali depozitlar hamda omonatlar bo‘yicha eng yuqori foizlarni taklif etayotgan banklar Depozit.uz saytida Omonatlar sahifasida keltirilgan.

16:24 • 16 August, 2023

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish