12 Jul 2021 |  2,179

Banklarning rasmiy veb saytlari va aloqa markazlari maʼlumotlari mijoz kutgan darajadami?

Tijorat banklarining faoliyati bugungi kunda "Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun" tamoyiliga qurilgan. Tijorat banki o‘ziga mijoz jalb qilishi uchun unga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini aʼlo darajaga chiqarishi lozim.

Banklarning rasmiy veb saytlari va aloqa markazlari  maʼlumotlari mijoz kutgan darajadami?

Tijorat banklarining faoliyati bugungi kunda "Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun" tamoyiliga qurilgan. Tijorat banki o‘ziga mijoz jalb qilishi uchun unga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini aʼlo darajaga chiqarishi lozim. Qachonki, mijoz o‘ziga xizmat ko‘rsatayotgan bank xizmatlari sifatidan qoniqar ekan, bu mijoz aynan shu bankning doimiy mijoziga aylanishi turgan gap.

Bugun banklarimiz tomonidan xizmat ko‘rsatish sifati qay darajada? Banklarning rasmiy veb saytlari va aloqa markazlari mijozlar uchun sifatli xizmat ko‘rsatmoqdami? Banklarning rasmiy saytlaridagi maʼlumotlarga ishonib bankka tashrif buyurgan mijozda bu bank haqida qanday taassurot uyg‘onmoqda?

Depozit.uz sayti doimo banklar bilan hamkorlikda mijozlarga to‘liq va batafsil maʼlumot berish bilan birga, berilayotgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun ham masʼul, shu sababli banklarning rasmiy veb saytlari va aloqa markazlari bo‘yicha o‘rganishlar amalga oshirildi.

Keling, banklar o‘z mijozlariga haqqoniy maʼlumotlar taqdim qilish tarafdorimi yoki yo‘q, rasmiy veb saytlardagi maʼlumotlar davlat tilida va rus tillarida bir xil joylashtirilganmi? Mijoz qaysi tildagi maʼlumotlarga ishonishi lozim? Bu haqda batafsil tanishamiz.

Mikrokreditbank rasmiy veb saytida “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarga ajratiladigan mikroqarzlar” bo‘yicha maʼlumotlar faqat davlat tilida joylashtirilgan. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan oddiy mijoz rus tilida maʼlumot olish istagida bo‘lsa, bu haqda umuman maʼlumot izlab  topolmaydi. Bank vakillari, albatta, sayt bizda davlat tilida yuritiladi degan vajni ko‘rsatishlari mumkin, bu holda rus tilidagi versiyani yuritish chikora?

Ravnaqbank mijozlarga turli omonatlarni taklif etmoqda. Bankning “Onlayn 2” omonati saytning rus tilidagi versiyasida 5,5 foizni tashkil etsa, davlat tilida 6,5 foizdan deb ko‘rsatiladi. Endi o‘zingiz ayting-chi, mijoz qay biriga ishonib, bankka omonat qo‘yadi? Bank kartalari bo‘yicha ham ahvol shu, rus tilidagi versiyada “Master Card Standard” va “Master Card Gold” bo‘yicha maʼlumotlar batafsil joylashtirilgan. Ayni maʼlumotlar davlat tilidagi versiyada umuman keltirilmagan.

Mijozlarga eng sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi bank sanalmish Ziraatbankning bank kartalari haqida mijoz maʼlumot olish istagida bo‘lsa, havola orqali o‘taveradi, lekin bironta aniq maʼlumot chiqmaydi. Karta narxi qancha? Qancha muddat ichida karta ochiladi? Kartaning afzalliklari haqida bironta aniq maʼlumot joylashtirilmagan. Albatta, bu holatda 

mijoz boshqa aniq maʼlumotlarni taqdim etgan bank kartasini ochishni istaydi va darhol bu saytni tark etadi.

Madad Investbank saytiga kirgan rusiyzabon mijoz bank saytini darhol tark etadi, chunki barcha maʼlumotlar faqat davlat tilida joylashtirilgan. Bank rahbariyati saytga bir yaxshi rus tili tarjimonini jalb qilishi yoki saytni faqat davlat tilida yuritilishini taʼminlashi lozim.

Xalq banki sayti haqida gapirishga tilimiz ojiz, nima uchun deysizmi? Birinchidan, saytning ikkita versiyasi ham faoliyat yuritadi. Eski versiyani umuman olib tashlash bank masʼullarining xayoliga ham kelmayapti. Mijoz ovorayu sarson bo‘lsa bo‘lgani. Nahotki, sayt dizayni va maʼlumotlarida o‘zgarish bo‘lsa, eski versiyani umuman olib tashlashning imkoni yo‘q. Chunki, eski versiya bilan yangi versiya maʼlumotlari o‘rtasidagi tafovut katta. Amaldagi omonatlar saytning eski versiyasida mavjud, yangi versiyaga bu ko‘chirib o‘tkazilmagan. Mijoz qaysi sayt maʼlumoti bilan omonatga mablag‘ini yo‘naltiradi? Saytning rus tilidagi versiyasi tilini qarg‘a cho‘qigan shekilli, tahrirtalab jumlalar ko‘p. Mana ulardan biri - “Vozmojnost studenta kredita”?!.

Qishloqqurilishbank o‘z saytida aholiga kredit ajratish vaqtincha to‘xtatilgani to‘g‘risidagi axborotni davlat tilidagi versiyasiga joylashtirgan, lekin ayni axborot rus tilidagi versiyasida joylashtirilmagan. Ish yuritish etiketiga rioya qilinsa, saytdagi maʼlumotlar barcha versiyalarda bir vaqtda, bir ustunda yoritilishi lozim. Shu bilan birga, aholiga uy-joy uchun ajratiladigan kreditlar bo‘limining davlat tilidagi versiyasida kredit ajratish summasi uy-joy yakuniy qiymatining 90 foizigacha ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, rus tilidagi versiyada kredit summasi “so‘m”da (257 400 000,00) ko‘rsatib qo‘yilgan. Maʼlumotlarning bu tarzdagi har xilligi salohiyatli mijozlarda bank haqida ijobiy taassurot qoldirmaydi.

Sayt - bank faoliyatining ko‘zgusi. Hurmatli Boshqaruv Raislari saytlaringizni kuniga bir marotaba bo‘lsa ham ko‘zdan kechirasizlarmi? Yoki aynan mana shu sohaga aloqador o‘rinbosaringizga topshiriq bering, millatni uyaltirishni bas qilarsizlar? Internet zamonasida yashayotgan davrda, banklar tomonidan haqqoniy va to‘liq bank xizmatlari taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilsa, mijozlar tomonidan bu bankka nisbatan xurmat va ishonch albatta ortadi, deb o‘ylaymiz.

Albatta, depozit.uz jamoasi banklarning rasmiy veb saytlarini kuzatishda davom etadi, aniqlanadigan barcha kamchiliklarni eʼlon qilib boramiz.

Endi koll-markazlar haqida. Bu markazlar faoliyati ham risoladagidek emas.

Bu yo‘nalishdagi kuzatishlarimiz “TBS bank, “Anorbank”, Kapitalbank va Ipak yo‘li banklarida nisbatan yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Chunki, mazkur banklarning koll-markazlari xodimlari berilgan barcha savol va murojaatlarimizga aniq va lo‘nda javob qaytarishdi. Qolgan banklarimiz koll-markazlari aniq maʼlumotlarni berishga qiynalishdi va bank mutaxassislari bilan ulash uchun bir daqiqa kutib turishimizni aytishdi. 1 daqiqa esa bir necha daqiqalarga cho‘zilib ketdi. Bunda mijozning har bir daqiqasi pul turuvchi telefon qo‘ng‘irog‘i va asab tolalarining yemirilishi nazardan chetda qolmoqda.

Maʼlumki, Xalq banki, Asakabank, Agrobank, Turonbank, Ipoteka-bank, Tenge Bank va Qishloqqurilishbanklar tomonidan qisqa raqamlar tashkil etilgan. Lekin, mana shu qisqa raqamlar orqali bog‘lanish uchun ham mijoz kamida 10-15 daqiqa o‘zining qimmatli vaqtini sarflashi lozim. O‘rganishlardan maʼlumki, bugungi kunda aloqa markazlarining past avtomatizatsiyasi tufayli banklar o‘z mijozlarining 21 foizigacha yo‘qotmoqda. Bugungi pandemiya sharoitida banklar zimmasiga tushayotgan masʼuliyat va raqamli xizmatlarni kengaytirish bank tizimini rivojlantirish strategiyasida alohida yo‘nalish etib belgilanganini eʼtiborga olsak, tijorat banklari yangi xizmatlar va texnologiyalarni joriy etishlari, aloqa markazlari faoliyatini tubdan ko‘rib chiqishlari zamon talabidir.

Hurmatli bank menejerlari, Siz bankingiz yuzi sanalmish rasmiy veb saytlaringiz va koll-markazlaringizga eʼtibor qaratmas, mijozlarga haqqoniy maʼlumotlar taqdim etmas ekansiz, isteʼmolchilar huquqlari poymol etilishi tayin va bu pirovardida shikoyat va arzlarning ko‘payishiga olib keladi.

O‘z navbatida Markaziy bankdan bank xizmatlari isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishda ayni jihatlarga eʼtibor qaratishlarini so‘rab qolamiz, toki taklif etilayotgan xizmatlar mijozlarni chalg‘itmasin.

 Teglar

Banklar

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish