Top.Mail.Ru

Bank xizmatlari bozorida iste’molchilar huquqlari qanday himoya qilinadi?

Bank xizmatlari bozorida ham boshqa bozorlar kabi iste’molchilar va ularning huquqlari mavjud. Har bir fuqaro qonun bilan belgilangan va tartibga solinadigan huquqlarini bilishi muhim.

Bank xizmatlari bozorida iste’molchilar huquqlari qanday himoya qilinadi?

Iste'molchilar huquqlari nima ekanligini va ular haqida nimani bilish muhimligini aniqlaymiz.

Iste'molchi huquqlari - bu tovarlar va xizmatlarni sotib olishda O'zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan va tartibga solinadigan huquqlardir.

Iste'molchilar sifatli tovarlar va xizmatlarni sotib olish, erkin tanlash, qaytarish yoki almashish huquqiga ega. Shuningdek, ular mahsulot, xizmat, hujjatlar, sertifikatlar, deklaratsiyalar va sotuvchi haqida to'liq ma'lumot olish huquqiga ega.

Tovar va xizmatlar qayerda sotilmasin, ularni sotib olishda iste’molchilarning huquqlari buzilishi mumkin. Bunday qonunbuzarliklar bank xizmatlari bozorida kam uchraydi. Banklar tomonidan xizmatlar ko‘rsatishda qonun buzilishlari, qoidalarga rioya qilinmayotgan holatlar haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelamiz.

Bank xizmatlari bozorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 6-noyabrdagi yangi tahrirdagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni bilan belgilangan. Xususan, banklarning iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bog’liq quyidagi majburiyatlari belgilab qo’yilgan:

9-bob. Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.

65-modda. Bank xizmatlarini ko‘rsatish.

Bank xizmatlarining iste’molchilari bankni va bank xizmatlarini tanlashda erkindir. Banklar iste’molchining talabiga binoan unga bank xizmatlarini ko‘rsatish shartlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etishi shart.

Bank shaxsni bankning xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida bankning yoki o‘zga uchinchi shaxsning boshqa bank xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majbur qilmasligi kerak.

66-modda. Bank xizmatlari to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilish.

Bank xizmatlari ko‘rsatishning umumiy shartlari, vositachilik haqi, tariflar va bank xizmatlari ko‘rsatganlik uchun foiz stavkalari to‘g‘risidagi axborot ochiq axborot bo‘lib, ular bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Mazkur axborot tijorat yoki bank sirining predmeti bo‘lishi mumkin emas.

Bank xizmatlari ko‘rsatish shartnomasi tuzilguniga qadar iste’molchiga ular to‘g‘risidagi axborotning to‘liq oshkor qilinishi ta’minlanishi kerak. Ko‘rsatiladigan bank xizmatlarining shartlari va qiymati haqidagi axborotni mijozga taqdim etishni rad qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Banklar kredit berish qanday shartlar asosida amalga oshirilayotganligi haqida, shu jumladan kreditning (qarzning) to‘liq qiymati to‘g‘risida mijozga axborot berishi kerak.

Kreditning (qarzning) to‘liq qiymati deganda hisob-kitob qilish chog‘ida qarz oluvchining kredit (qarz) olish bilan bog‘liq to‘lovlari hisobga olinadigan ishonchli, yillik va samarali tarzda hisoblab chiqarilgan foiz stavkasi tushuniladi. Kreditning (qarzning) to‘liq qiymati hisob-kitobiga qarz oluvchining to‘lovlari, shu jumladan uchinchi shaxslar foydasiga to‘lovlari, agar qarz oluvchining bunday to‘lovlar bo‘yicha majburiyati shartnoma shartlaridan kelib chiqsa va (yoki), agar kredit (qarz) berish bunday to‘lovlarni amalga oshirishga bog‘liq qilib qo‘yilgan bo‘lsa, kiritiladi.

Bank xizmatlari ko‘rsatishning umumiy shartlaridagi o‘zgarishlar ular kuchga kirishidan kamida o‘n kun oldin bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak, shuningdek foiz stavkalarining va valyutalarni ayirboshlash kursining o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborot ular o‘zgargan kuni e’lon qilinadi.

67-modda. Omonatchilarning huquqlari.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bank omonatchilari bo‘lishi mumkin.

Omonatchilar o‘ziga tegishli pul mablag‘larini omonatlarga joylashtirish uchun bankni tanlashda erkindir va bir yoki bir nechta bankda omonatlarga ega bo‘lishi mumkin.

68-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish.

Banklar mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomilini o‘z ichiga olgan tartibga ega bo‘lishi shart. Mijozlarning murojaatlari bankka kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi va yozma yoki elektron shaklda javob berilishi kerak.

Hozirgi vaqtda O'zbekiston bank xizmatlari bozorida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sezilarli darajada yaxshilandi. Bu asosi bo’lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi hisoblanadi. Mazkur qaror qabul qilingandan keyin tijorat banklari tomonidan:

  • dastlabki ruxsatlarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mijozlarga bevosita xizmat ko‘rsatish hududiga to‘sqinliksiz kirish;
  • mijozlarni dastlabki qabul qilish ma’muriyat xodimlaridan ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari to‘g‘risida dastlabki maslahatlarni olish;
  • kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risida qaror qabul qilishning bosqichma-bosqich jarayonini va kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risida xabardor qilish yoki uni berishni asoslantirilgan holda rad etish tartibini ko‘rsatgan holda kredit buyurtmalarini shaffoflik asosida ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Shuningdek, kredit tashkilotlariga:

  • mikroqarz shartnomalari, shuningdek, lombardlar tomonidan tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha yillik qarz summasining yarmidan ko‘p miqdorida foizlar hisoblash, komissiya va neustoyka (shtraf, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash;
  • kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish, ssuda hisob raqamlariga xizmat ko‘rsatish, kreditlar ajratish uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar (mikroqarzlar)ni muddatidan ilgari uzilganligi uchun neustoyka undirish taqiqlanadi.

Bank xizmatlari iste’molchisi himoya qilinishida Markaziy bank Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-sonli “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilinishi yana bir muhim o‘zgarish bo‘ldi. Ushbu Nizomda bank xizmatlari bozorida iste'molchining umumiy qoidalari, iste'molchiga ma'lumot taqdim etishning minimal talablari, bank va iste'molchi o'rtasidagi munosabatlarni o'rnatishning o'ziga xos xususiyatlari, shu jumladan, tijorat banklari tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo choralarini qo‘llash tartibi, qarzdorlik yuzaga kelganda bankning iste’molchilar bilan munosabatlari va iste’molchilar murojaatini ko‘rib chiqishda qo‘yiladigan talablar kabi masalalar bo’yicha tartib-qoidalar o’rnatilgan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish har qanday sohani yanada rivojlantirish va takomillashtirishning muhim shartidir. Shunday ekan, har bir fuqaro iste’molchi sifatidagi huquqlarini bilishi zarur va sifatli bank xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

15:21 • 03 June, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish