Pul jamg’armalaridan daromad olishning yana bir usulu – bu qimmatli qog’ozlar sotib olishdir. Qimmatli qog’ozlar bilan savdo qilish orqali yaxshigina daromadga ega bo’lish mumkin.
Ma’lum bir kompaniyaning qimmatli qog’ozlari – aksiya yoki obligasiyalar oldi-sotdisi orqali boyib ketgan shaxslar haqida ko’p eshitganmiz. Bu qanday amalga oshirilishi va qimmatli qog’ozlarning qaysi biri foydaliroq ekanligi haqida barchamizga qiziq albatta. Bugun bu ikki qimmatli qog’ozning farqli jihatlari va qaysi biri afzalroq ekanligi haqida qisqacha to’xtalib o’tamiz.
Aksiya - o‘z egasining aksiyadorlik jamiyati foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga, aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etishga va u tugatilganidan keyin qoladigan mol-mulkning bir qismiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi, amal qilish muddati belgilanmagan, egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qog‘oz.
Sodda til bilan tushuntirganda, aksiya emitent (kompaniya) uchun qo’shimcha daromad jalb etish maqsadida maxsus vakolatli organlar – Markaziy depozitariy, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi – hozirda Moliya vazirligi tarkibidagi department, shuningdek, openinfo.uz – korporativ axborot yagona portali va ma’lumot oshkoraligini ta’minlovchi boshqa vositalar yordamida muomalaga kiritiladi.
Obligatsiya esa – emissiyaviy qimmatli qog‘oz bo‘lib, u obligatsiyani saqlovchining obligatsiya nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini uni chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga va uning nominal qiymatidan qat’iy belgilangan foizni olishga bo‘lgan huquqini va boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlaydi.
Ya’ni, obligatsiya sotib olgan shaxs oldida emitent qarz majburiyatni bo’yniga oladi. Obligatsiyalar asosan tijorat banklari va aksiyadorlik kompaniyalari (AO) tomonidan chiqariladi. Ammo qonunchilikdagi o’zgarishlarga ko’ra, 2020-yilning fevral oyidan boshlab O’zbekistonda mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MChJ) uchun ham korporativ obligatsiyalar chiqarish imkoni yaratilgan.
Quyidagi jadvalda ikkala qimmatli qog’oz o’rtasidagi farqlar aks ettirilgan.
Aksiya | Obligatsiya |
Ma’lum muddatga ega emas | Muomala muddati 1 yilgacha |
AO va tijorat banklari tomonidan chiqariladi | AO, tijorat banklari va MChJ lar tomonidan muomalaga kiritiladi |
Aksionerlarga umumiy va navbatdan tashqari yig’ilishda ishtirok etish va ovoz berish huquqini beradi | Obligatsiya sotib olganlar yig’ilishda ishtirok etmaydi |
Emitent aksiyadan olinadigan dividendni qayta kapitalizatsiyaga o’tkazishi mumkin | Emitent muomala muddati tugagan obligatsiyalar uchun belgilangan yillik foiz daromadni to’lab berishga majbur |
Aksioner tasarrufidagi aksiyalar soniga qarab kompaniyada ulushga ega | Obligatsiya egasi kompaniya boshqaruvi va foydasida ulushga ega emas |
Foydaga qarab dividend to’lanadi | Dividendga aloqador emas. Kompaniyaga qarz majburiyatini yuklaydi |
Dividend olish muddati yilda bir marta | Foydani kelishilgan muddatda olish mumkin (har oy, kvartal, har 6 oyda) |
Kompaniya likvidatsiya qilinganda ulushlar eng oxirida to’lanadi (agar qolgan bo’lsa) | Likvidatsiyada obligatsiya egalariga kompaniya mulki hisobidan investitsiya miqdori qoplab beriladi |
Aksiya narxi emitentning moliyaviy ko’rsatkichlari, kutilmalar va to’lanadigan dividend narxiga bog’liq | Obligatsiyaning narxi to'g'ridan-to'g'ri uning nominal qiymatiga bog'liq |
Ayirboshlash imkoni mavjud emas | Oddiy va imtiyozli aksiyalarga konvestatsiya qilish mumkin |
Xulosa qilib aytganda, aksiya xarid qilish treyderlik va uzoq muddatli investitsiya qilishni xohlovchilar uchun mo’ljallangan. Ammo aksiya narxlarining “o’ynashi” daromad summasining kamayish ehtimolini oshiradi.
Obligatsiya esa emitent majburiyati bo’lganligi sababli, u bo’yicha o’z vaqtida foizli daromadni to’lab berilishi qonunchilikda ko’rsatilgan hujjatlardan tashqari kompaniya nufuzi bila ham ta’minlanadi. Bu turdagi qimmatli qog’oz bilan muomala qilishda mablag’ yo’qotish xavfi kam, ammo daromad yuqori emas.
Har ikkala holatda ham fond bozorida professional ishtirok etadigan investitsion kompaniyalarga va ularda faoliyat yuritadigan mutaxassis xodimlar bilan muhokama qilish tavsiya etiladi. Brokerlar sizga qaysi kompaniya aksiyalarini sotib olish (sotish) kerakligi va boshqa moliyaviy operatsiyalar (sell, buy, hold) bo’yicha ko’rsatmalar beradilar.
Kompaniyalar aksiyalari, obligasiyalari va ularning kotirovkalari bo'yicha batafsil ma'lumotni Investitsiyalar sahifasida olishingiz mumkin.