Top.Mail.Ru

Ikkilamchi bozordan uy-joyni ipoteka krediti hisobiga sotib olishda nimalarni bilish kerak?

Oldingi maqolada biz ikkilamchi bozor uchun barcha ipoteka kreditlari haqida batafsil ma'lumot berdik. Nisbatan yuqori foiz stavkalarga qaramay, bunday ipoteka yuqori talabga ega, chunki ikkilamchi bozordagi uy-joy yangisiga qaraganda ancha arzon.

Ikkilamchi bozordan uy-joyni ipoteka krediti hisobiga sotib olishda nimalarni bilish kerak?

Ikkilamchi bozor tarkibiga egasi bo'lgan har qanday uy-joy kiradi. Bunda uy egasi shu uyda yashashi yoki yashamasligi muhim emas. Uy-joy foydalanishga topshirilishi va uy egasining mulk huquqini ro'yxatdan o'tkazishi bilan uy-joy avtomatik ravishda ikkilamchi uy-joy fondiga o'tkaziladi va bu holda sotuvchi bo’lib bevosita uy egasi – jismoniy shaxs hisoblanadi. Birlamchi uy-joyni sotishda esa quruvchi tashkilot sotuvchi hisoblanadi.

Ikkilamchi bozordan kvartira sotib olish birlamchidagi kelishuvdan bir oz farq qiladi. Bugun biz nimalarga e'tibor berish kerakligini aniqlaymiz.

Ikkilamchi uy-joy sotib olayotganda, siz avvalgi egasining ishonchliligini, kvartiraning sifatini va boshqa jihatlarni o’rganib chiqishingiz kerak. Avvalo, siz quyidagilarni tekshirishingiz kerak:

  • Mulk huquqiga oid hujjatlar. Uy-joy uchun oldindan pulning bir qismini berish va har qanday kelishuvni amalga oshirishdan oldin, sotuvchidan egalik guvohnomasini so'rang. U haqiqiy egasi kim ekanligini va qanday asosda egalik huquqi paydo bo'lganligini ko'rsatadi. Pasport ma'lumotlarini hujjatda ko'rsatilganlar bilan diqqat bilan solishtiring. Quyidagi holatlarda shubha qilish mumkin:
  1. ko'p marotaba sotilgan yoki oxirgi bir yilda 2 martadan ortiq oldi-sotdi qilingan bo’lsa;
  2. 6 oydan oldin meros rasmiylashtirilgan bo’lsa;
  3. egalik huquqi bir necha kishiga tegishli bo’lsa.
  • Kvartiraning holati va “planirovka”sida qilingan o’zgartirishlar. Sotuvchidan kadastr boshqarmasidan ma’lumotnoma va kadastr hujjatini so'rang. Hujjatdagi kvartira rejasini haqiqiy holati bilan solishtiring. Agar arxitektura bo'limining roziligisiz biron bir o'zgartirish kiritilgan bo'lsa, bu ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Sotish va qayta ro'yxatdan o'tish paytida muammolar bo'ladi.
  • Uy kitobidan ko'chirma. Hujjatda kvartirada qancha odam ro'yxatga olinganligi, voyaga yetmagan bolalari bor-yo'qligi ko'rsatiladi. Kvartirani sotishda sotuvchi turmush o'rtog'ining notarial tasdiqlangan roziligini taqdim etilishi kerak.

Ikkilamchi uy-joy uchun ipotekani rasmiylashtirishda hujjatlar ham birlamchi ipoteka talablaridan bir oz farq qiladi. Shaxsiy hujjatlarga – pasport va daromadlar to'g'risidagi ma’lumotnomaga qo'shimcha ravishda, banklar quyidagilarni talab qilishi mumkin:

  • Sotuvchining pasporti, uning oilasi tarkibi to'g'risidagi guvohnoma, turmush o'rtog'ining kvartirani sotishga roziligi;
  • Mulk huquqi guvohnomasi va uni tasdiqlovchi hujjat (oldi-sotdi shartnomasi, meros, hadya);
  • Kadastr boshqarmasidan va kommunal to'lovlar bo'yicha qarzlarning yo'qligi haqida ma’lumotnomalar, uy-joy uchun kadastr pasporti;
  • Oldi-sotdi shartnomasi;
  • Turar-joyning bozor qiymati to'g'risida hisobot.

Ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olishda ipoteka krediti ajratilishi jarayonini quyidagicha amalga oshiriladi:

Xaridor va sotuvchi o'rtasida uy-joyni ipoteka krediti orqali sotish to'g'risida kelishuvga erishilgandan so'ng, ikkala tomon ham depozit hisobvarag'ini ochish uchun bankka tashrif buyurishadi. Kredit ajratilishi ma'qullanganidan so'ng, kredit shartnomasi imzolanadi va Xaridor (u ham qarz oluvchidir) boshlang’ich badalni depozit hisobvarag'iga kiritadi. Kredit shartnomasiga binoan, bank notariusga uy uchun to’lov boshlang’ich badal va kredit hisobidan to’lab berilishi to'g'risida kafolat xati taqdim etadi. Ushbu xat asosida notarius oldi-sotdi shartnomasini tuzadi, shundan so'ng kadastr hujjatlari tayyorlanadi. Bundan keyin garov rasmiylashtiriladi va qarz oluvchining arizasi asosida kredit va depozit hisobvarag'idagi mablag'lar sotuvchining hisob raqamiga o'tkaziladi. Odatda to’lov garov ro'yxatdan o'tkazilgandan keyin uch kun ichida amalga oshiriladi. Sotuvchi ushbu mablag'lardan istaganicha foydalanish huquqiga ega - bank kassasidan naqd pul olish, plastik kartaga o'tkazish, boshqa valyutaga ayirboshlah yoki biror narsa uchun hech qanday cheklovlarsiz to'lovni amalga oshirishi mumkin.

Endi uyni ipoteka krediti orqali sotishda eng ko'p uchraydigan ba'zi noto'g'ri tushunchalar haqida to’xtalib o’tamiz.

1. Soliqlar. Kreditdan foydalanganda sotuvchi tomonidan uyni sotishdan olingan summa soliqqa tortilishi kerak degan fikr mavjud. Ha, ma'lum darajada bu to'g'ri. BIROQ! Jismoniy shaxs bir yil davomida sotgan birinchi uy-joy uchun soliqqa tortilmaydi. Faqatgina bir yil davomida bir martadan ortiq uy-joyni sotsagina uy-joyni sotib olish va sotish narxidagi farq uchun 12% miqdorida soliq to’lanadi. 

2. Xarajatlar. Sotuvchilar uyni kredit evaziga sotishda qo'shimcha xarajatlar kelib chiqadi, deb hisoblashadi. Yo'q, uy sotuvchisi hech qanday xarajat qilmaydi. Barcha xarajatlar (notarial to'lovlar, sug'urta xarajatlari, bank to'lovlari va boshqalar) uy sotib oluvchi tomonidan to'lanadi.

3. Uy-joy uchun pul. Ko'pchilik, kredit evaziga uyni sotishda, pul uy sotuvchisiga o'z vaqtida to'lanmaydi yoki pulni olgandan keyin naqd qilish yoki konvertatsiya qilishda muammolar kelib chiqadi, deb o’ylaydi. Yo'q, bunday muammolar bo'lmaydi, biz bu haqda yuqorida yozgan edik.

Barcha ipoteka kreditlarining batafsil shartlari bilan Ipoteka kreditlari sahifasida tanishishingiz mumkin.

17:57 • 26 August, 2022
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish