Top.Mail.Ru

Bankda omonat ochganda nimalarga ahamiyat berish kerak?

Pulni jamg’arish va ko'paytirishning eng ommabop, arzon va ishonchli usullaridan biri bu omonat ochishdir.

Bankda omonat ochganda nimalarga ahamiyat berish kerak?

Omonat ochish uchun katta miqdorda boshlang'ich mablag’ talab qilinmaydi va shuning uchun hamma uchun uni ochish imkoniyati mavjud. Haqiqiy ishonchli va foydali omonatni tanlash uchun ushbu ishga katta e’tibor bilan yondashish kerak. Ushbu maqolada biz tajribasiz omonatchilar yo'l qo'yadigan asosiy xatolarni ko'rib chiqamiz, shuningdek, bank omonatlari bo'yicha foydali maslahatlar beramiz.

Bizning maslahatimiz umumiydir va esda tutingki, agar sizda aniq savollar bo'lsa, to'g'ridan-to'g'ri bankka murojaat qilishingiz kerak.

Eng mos omonatni qanday tanlash kerak

Omonat shartlari va pulingizni topshiradigan bank tanlashdan oldin, qaysi omonat sizga eng mos kelishini aniqlab olishingiz kerak.

1. Muddati

Omonatlar muddatli yoki muddatsiz bo'ladi. Birinchi holda, siz pulni ma'lum bir muddatga qo’yasiz: olti oy, bir yoki uch yil va hokazo. Odatda, muddatli omonatlar bo'yicha foizlar muddatsiz omonatlarga qaraganda ancha yuqori bo’ladi. Shu orqali bank shartnomaning butun davri mobaynida mijoz pulni to’liq saqlaganligi uchun mukofotlaydi.

To’g’ri, pul istalgan vaqtda, talab qilgan zahotiyoq mijozga qaytariladi. Ammo agar omonat muddatidan oldin talab qilinsa, foizlar to’lanmaydi. Ba'zan shartnomani imtiyozli ravishda bekor qilish mumkin. Lekin bunday holda, foizlar kamroq miqdorda to’lab beriladi.

Muddatsiz omonatlar “talab qilib olinguncha omonatlar” deb ham ataladi. Ular bo'yicha stavkalar juda past, deyarli foizsiz deyish ham mumkin, ammo pulni qaytarib olish bo'yicha hech qanday cheklovlar yo'q.

Qaysi biri yaxshiroq

Yuqori foizli omonatni tanlash foydaliroq ko'rinadi. Lekin kutilmagan paytda pul kerak bo'lib qolsa, foizlarni to’liq yo'qotish xavfi bo’ladi. Agar mijoz bank tomonidan taklif qilingan oylar yoki yillarni kutishga tayyor bo'lsa, u holda muddatli omonat to’gri tanlovdir.

2. Foizlarni hisoblash

Omonatlar foizlar kapitalizatsiyasi bilan va kapitalizatsiyasisiz bo’ladi. Kapitalizatsiya degani har safar foiz to’langanda - oyda yoki chorakda bir marta, ular omonatdagi pulga qo'shib boriladi. Kelajakda esa yangi summaga foizlar hisoblanadi. Tabiiyki, bu holatda kattaroq summalar va yuqori foiz stavkalari bilan foyda yanada ko’proq bo'ladi.

Qaysi biri yaxshiroq 

Kapitalizatsiyaga ega omonat har doim daromadliroqdir. Jamg'arma hisobvaraqlarida foizlar odatda har oy hisobvaraqning minimal qoldig'idan olinadi. Ya'ni, kapitalizatsiyaga ega omonatlarda minimal qoldiq har doim ko’payib boradi.

3. To'ldirish

Shunday depozitlar borki, ularni to'ldirish mumkin, ba’zilarini esa mumkin emas. Jamg’armani oshirish nuqtai nazaridan, birinchi variant foydalidir. Omonatga mablag 'qo'shilib borsa, xuddi kapitalizatsiya kabi jarayon bilan sodir bo'ladi - foizlar hisoblanadigan miqdor kattalashadi.

Qaysi biri yaxshiroq

Odatda, banklar umuman to'ldirib bo'lmaydigan yoki qat’iy shartlarda to'ldirilishi mumkin bo'lgan omonatlar bo'yicha yuqoriroq foizlarni taklif qiladi. Misol uchun, faqat ma'lum summadan kam bo'lmagan miqdorda va omonatning birinchi va oxirgi ikki oy ichida to’ldirishga ruxsat etilafi. Bu holatda foiz pastroq bo'lsa-da, qulayroq shartlarga ega omonatni tanlash foydaliroq ko'rinadi.

Ammo bu yerda kalkulyator bilan o'tirib, aynan sizning vaziyatingiz uchun to’g’ri keladigan turli xil variantlarni hisoblab chiqish maqsadga muvofiqdir. Misol uchun, agar sizda yana qo’shimcha pul paydo bo’lish ehtimoli bo'lmasa, qat’iy shartlarni va balandroq foizni tanlash yaxshidir.

4. Qisman yechib olish

Ba'zi omonatlardan jamg'arma hisobvaraqlaridan kabi vaqti-vaqti bilan kichik miqdordagi mablag'ni yechib olishga ruxsat beriladi. Ammo bu pastroq foiz stavkasiga ega omonatlarga taalluqli bo'lishi mumkin.

Qaysi biri yaxshiroq

Bu yaqin kelajakda omonatdan pul kerak bo’lib qolish ehtimoliga bog'liq. Agar pul kerak bo'lsa, bu imkoniyat ortiqchalik qilmaydi.

Bankni qanday tanlash kerak

Ba'zan eng yaxshi takliflar kichik yoki taniqli bo’lmagan banklar tomonidan beriladi. Bu yerda savol tug'iladi, u yoki bu bank sizga mos keladimi yoki yo'qligini qanday tekshirish mumkin. Kredit tashkilotining ishonchlilik darajasi aktivlar qiymati, foyda, likvidlik va rentabellik kabi ko'rsatkichlar bilan ko'rsatiladi. Ushbu ma'lumotlar Internetdan ochiq hujjatlardan mustaqil ravishda olinishi mumkin.

Investitsiyaning muhim qoidasi shundaki, daromad qanchalik yuqori bo'lsa, xavf shunchalik yuqori bo'ladi. Agar ma'lum bir bank mumkin bo'lgan eng yuqori foizni taklif qilsa, iloji boricha bunday saxiylikning sababi nima ekanligini aniqlash maqsadga muvofiqdir. Ehtimol, tashkilot og'ir moliyaviy ahvolda va omonatchilar hisobidan aktivlarni tezda to'ldirishga harakat qilmoqda. Yangi ochilgan banklar esa mijozlarga muhtoj va yuqori foiz ularni jalb qilishning bir usulidir. Boshqa hollarda, bu reklama aktsiyalari va maxsus takliflar bilan bog'liq bo'lishi yoki ba'zi insofsiz tashkilotlarining marketing hiylasi ham bo'lishi mumkin. Masalan, yaqinda yopilgan Turkiston bank mijozlarni yuqori foizli omonat ochishga jalb qilgan bo‘lsa-da, aslida omonatchilarning pullarini subordinar qarz sifatida rasmiylashtirgan.

Mutaxassislarning muhim maslahati: Omonatchi mablag‘larini doimiy diversifikasiyada ushlashi lozim. Boshqacha aytganda omonatlarni faqat bitta qulay omonatda emas, turli banklardagi bir necha qulay omonatlarda joylashtirgani va har bir omonatning eng afzal jihatlaridan maksimal darajada foydalanishi muhim.

Omonatlar bo’yicha batafsil ma’lumotni Omonatlar sahifasidan olishingiz mumkin.

21:56 • 30 November, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish