Doim o'zgarayotgan iqtisodiyot sharoitida ko'plab odamlar o'z mehnatlari bilan ishlab topgan pullarini qayerga investitsiya qilish foydaliroq va xavfsizroq ekanligi bilan qiziqadi.
Ko'plab moliyaviy vositalar mavjudki, ular pullarni ko'paytirmasada, hech bo'lmaganda bir xil darajada ushlab turish va yillik inflyatsiyani qoplash uchun xizmat qiladi. Investitsiyani tasavvur yetgan darajada hamma narsaga kiritish mumkin: bank depoziti, ko'chmas mulk, qimmatbaho metallar, qimmatli qog'ozlar va boshqalar.
Agar risklar haqida gapiradigan bo'lsak, ular hamma joyda mavjud, chunki har qanday sarmoya ko'proq yoki kamroq darajada risk bilan bog'liq. Shuning uchun tanlov muvozanatli va chuqur o’ylab chiqilgan bo'lishi kerak.
Bugun aksiyalarga investitsiya qilish haqida gaplashamiz. Ma'lumki, aksiyalar - bu qimmatli qog'ozlar, ma'lum bir kompaniyaning egalik ulushi bo'lib, ular foydaning bir qismiga egalik huquqini tasdiqlaydi.
Odatda kompaniyalarning aksiyalari foyda olish maqsadida sotib olinadi. Bunga ikki yo'l bilan erishish mumkin:
- Dividendlar yordamida. Ya'ni, agar kompaniya foydasi aktsiyadorlar o'rtasida bo'linsa, siz ham o'z ulushingizni olasiz. Lekin kompaniya foydani bo’lishmasligi yoki umuman zarar ko'rishi ham mumkin - bu holda siz hech nimaga ega bo’lmaysiz.
- Qayta sotish orqali. Siz misol uchun 10 000 so’mga qimmatli qog'oz sotib olib, bir yil o'tib 20 000 so’mga sotib yuborishingiz mumkin. Kompaniya faol rivojlanayotgan bo'lsa, aksiya qiymati ikki barobar ko’p uchraydigan holat.
Oddiy sharoitda qimmatli qog'ozlar depozitlarga qaraganda ancha yuqori daromad keltirishi mumkin, ammo moliya olamidagi ko'tarilish va pasayishlardan hech kim himoyalanmagan. Har bir investor aksiya afzalliklari va kamchiliklaridan kelib chiqib, foydani oshirish uchun ushbu vositadan foydalanishning maqsadga muvofiqligi to'g'risida qaror qabul qilishi kerak.
Afzalliklaridan boshlaylik:
- Tez rivojlanayotgan kompaniyalarning qimmatli qog'ozlarini sotib olayotganda, ular yanada rivojlangan taqdirda, siz dividendlardan ham, qimmatli qog'ozlarni sotishdan ham foyda olishingiz mumkin;
- Aksiyalar yuqori likvidlikka ega – ular bir necha soniya ichida sotilishi mumkin;
- Siz ko'proq tanlovga ega bo'lasiz - investitsiya portfelingizni turli kompaniyalar, jumladan, xorijiy kompaniyalarning aksiyalari bilan ham to'ldirishingiz mumkin. Bitta emitentning qimmatli qog'ozlari qiymati tushib ketsa, sizning portfelingizdagi qolgan aktivlar o’zgarmaydi yoki hatto narxi oshadi;
- Juda kichkina summada sarmoya kiritish mumkin, masalan, bugungi kunda bitta aksiyani 10 000 so‘mga ham sotib olish mumkin;
- Dunyoning istalgan nuqtasidan Internet orqali onlayn tarzda investitsiya kiritish mumkin.
Shu bilan birga kamchiliklar ham mavjud:
- Yuqori kirish chegarasi. Hisobni ochish muammo emas, lekin qimmatli qog'ozlar bilan savdo qilishni boshlash uzoq va mashaqqatli o'rganishni talab qiladigan qiyin ishdir. Yoki sizning o’rningizga foydali bitimlar tuzadigan yaxshi ishonchli vakil kerak bo’ladi;
- Daromad kafolati yo'q. Aktivlar narxi oshishi ham, tushib ketishi ham mumkin. Agar siz daromad olishni boshlasangiz ham, darhol katta daromadga ishonmasligingiz kerak;
- Chet el emitentlarining qimmatli qog‘ozlari bilan savdo qilish kompaniya faoliyatini monitoring qilish va risklarni sinchkovlik bilan baholash uchun ingliz tilini bilishni talab qiladi;
- Depozitlardan olinadigan passiv daromaddan farqli o'laroq, pul doimo boshqarilishi kerak bo'ladi. Har kuni strategiyani, maqbul xavf darajasini tanlash va kotirovkalarni kuzatib borish kerak. Shuning uchun, ko'plab yangi investorlar maslahatchilarga yordam so'rab murojaat qilishadi - tayyor bo'lmagan odam uchun sarmoya kiritish qiyin;
- Bozordagi jarayonlarni to‘liq tushuna olmaslik. Ko'pincha, bitta kompaniya aksiyalarining pasayishi turdosh tarmoqlardagi vaziyatning yomonlashishiga olib kelishi mumkin;
- Mamlakat va dunyodagi iqtisodiy vaziyatga katta bog'liqlik. Biror iqtisodiy o'zgarishlar bo'lsa, bozor ko’p hollarda yomon tomonga o’zgaradi.
Kapitalni oshirish uchun aksiyalarga investitsiya qilish kuchli vosita sifatida ishlatilishi mumkin. Albatta, portfelni diversifikatsiya qilish, valyuta kursi o‘zgarishi va narxlar o‘zgarishini oldindan ko‘ra bilish uchun bu borada bilim va tajriba talab etiladi.
Aksiyalar savdosi bo'yicha to'liq ma'lumotni Aksiyalar sahifasidan olishingiz mumkin.