Top.Mail.Ru

S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha navbatdagi hisobotini eʼlon qildi.

“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reyting kutilmasini “salbiy”dan “barqaror”ga oshirdi

S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha navbatdagi hisobotini eʼlon qildi.

Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar berishicha, Standard & Poor‘s xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha navbatdagi hisobotini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston reyting bahosi “BB-” darajasida saqlab qolindi va O‘zbekiston reytingini “barqaror” darajagacha oshirdi.

Maʼlumki, Standard & Poor‘s xalqaro reyting agentligi  tomonidan ilk bor 2018 yilning 21 dekabr sanasida respublikamizga suveren kredit reytingi  berilgan. Agentlik har yili ikki marta O‘zbekistonning suveren kredit reytingini qayta baholaydi va baholash jarayonida respublikamizdagi so‘nggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishadi.

2020 yil iyun oyi natijalariga ko‘ra, Standard & Poor‘s xalqaro reyting agentligi  tomonidan 21 ta mamlakatning kredit reyting natijasi pasaytirilgan bo‘lib, 13 ta mamlakat, jumladan O‘zbekistonning reyting kutilmasi “salbiy”ga tushirilgan edi.

O‘zbekistonning reyting kutilmasi “salbiy”ga tushirilishining asosiy sabablari tashqi qarzning so‘nggi ikki yilda nisbatan yuqori surʼatlarda o‘sganligi bilan izohlangan. Shu bilan birga, kelgusi 12 oy davomida mamlakat tashqi qarzining o‘sish surʼati barqarorlashmagan taqdirda O‘zbekiston kredit reytingini pasaytirishi mumkinligi qayd etilgan.

Axborot xizmati maʼlumotida keltirilishicha, joriy yilning 10-11 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mutasaddi rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan konferens-qo‘ng‘iroqlarda respublikadagi makroiqtisodiy vaziyat va amalga oshirilayotgan islohotlar borasida maʼlumot taqdim etilgan.

Xabarga ko‘ra, Standard & Poor‘s xalqaro reyting agentligi  O‘zbekiston Respublikasining reyting kutilmasini quyidagi sabablarga ko‘ra “salbiy”dan “barqaror”ga oshirishga qaror qilgan:

1. “S&P”ning qayd etishicha 2020 yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishga (1,6 foiz) erishgan dunyodagi kamdan-kam mamlakatlardan biri bo‘lgan.

Agentlikka ko‘ra, iqtisodiy o‘sishga asosiy sabab COVID-19 bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarining faoliyat yuritganligi, yirik infratuzilma va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda Hukumatning iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun ko‘rgan tezkor choralari bo‘ldi.

2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,8 foizga o‘sishi prognoz qilingan bo‘lib, xizmatlar sektori asosiy o‘sish drayveri bo‘lishi Agentlik tomonidan taxmin qilinmoqda.

2. Hisobotga ko‘ra, tashqi qarz o‘sish surʼati sekinlashgan hamda qisqa muddatli fiskal va tashqi xatarlar pasaygan.

Xususan, “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda davlat tashqi qarziga yillik limit (5 mlrd. dollar) va davlat qarzining eng yuqori miqdorining (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60%) belgilanganligi, shuningdek davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olishga nisbatan yana-da “talabchan” qoidalar tadbiq etilganligi Agentlik tomonidan ijobiy baholangan.

Shuningdek, 2017 yildan buyon Hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlagani Agentlik tomonidan qayd etilgan.

Agentlik mazkur islohotlar iqtisodiyotning ishlab chiqarish samaradorligi hamda Hukumatning institutsional salohiyatini yaxshilashiga ishonch bildirmoqda.

3. “S&P”ning kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal pozitsiyasi 2020-2021 yillarda yaxshilangan. Qayd etilishicha, 2020 yil mobaynida oltin narxining yuqoriligi davlat tushumlari va tashqi balansini qo‘llab-quvvatlab, umumiy fiskal defitsitning kutilganidan kamroq bo‘lishiga sabab bo‘ldi (2020 yil yakuniga umumiy fiskal defitsit 4,5 foizni tashkil etdi).

Natijada, byudjetni qo‘llab-quvatlash uchun jalb qilingan mablag‘larning bir qismi tejalib, Hukumat aktivlari miqdorining oshishiga erishilgan. Bu, o‘z navbatida, sof davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatining barqarorlashishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Hisobotga ko‘ra, COVID-19 bilan bog‘liq xatarlar yuqoriligicha qolayotgan bo‘lsada, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi tezlashishi kutilmoqda.

4. Hisobotda taʼkidlanishicha, O‘zbekistonning tashqi balansi 2020 yilni kutilganidan ko‘ra yaxshiroq ko‘rsatkichlar bilan yakunlagan. Agentlikka ko‘ra, 2020 yil yakunida davlat va moliyaviy sektorning likvid aktivlari umumiy tashqi qarz miqdoridan ko‘proq bo‘lgan.

5. Hukumat tomonidan so‘nggi yillardagi bir qator islohotlar, xususan sud hokimiyati mustaqilligini oshirish, so‘z erkinligiga qo‘yilgan taʼqiqlarni olib tashlash va fuqarolar oldidagi hisobdorlikning oshishi, korrupsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy maʼlumotlar ochiqligining yaxshilanishi, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi hamda davlat korxonalari islohoti va xususiylashtirish rejalari alohida eʼtirof etilgan.

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini yaxshilash Hukumatning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolayotganligi taʼkidlangan.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish, pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish, hisobdorlik va institutlar o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish tizimining rivojlantirish zarurati qayd etilgan.

Agentlik hisobotida O‘zbekiston reytingiga ijobiy va salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillar sanab o‘tilgan. Unga ko‘ra O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyot o‘sish salohiyatining va fiskal hamda tashqi zaxiralar darajasining yaxshilanishi mamlakatimiz kredit reytingini oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

Mamlakatimiz kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

- Agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari tez surʼatlarda yoki sezilarli darajada kamaysa;

- to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining yetarli emasligi natijasida qarz jalb qilish oshsa va tashqi aktivlar kamaysa;

- iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi sezilarli darajada oshsa;

- davlat korxonalari holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (yaʼni Hukumat davlat korxonalarining qarzini to‘lasa).

20:02 • 05 June, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish