Top.Mail.Ru
01-November, 18:26 |  2,285

O‘zini o‘zi band qilish nima?

Ko'pchilikni shu savol qiziqtiradi, agar fuqaro ish beruvchiga ega bo‘lmasa, u qonuniy daromad olishi mumkinmi? Albatta! Bunday faoliyat o‘zini o‘zini band qilishga kiradi. Mehnat layoqati ega bo‘lgan har bir fuqaro o‘zini o‘zi band qilishi mumkin.

O‘zini o‘zi band qilish nima?

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar:

  • ish beruvchiga ega bo‘lmaydi;
  • ishchi yollamaydi;
  • ularga mehnat staji va pensiya hisoblanadi;
  • yilda bir marta BHMning bir baravari miqdorida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘laydi;
  • daromadidan soliq to‘lamaydi;
  • yuridik shaxslardan pul o‘tkazmalarini qabul qilish uchun bankda hisobraqam  ochishi mumkin;
  • faqat ruxsat etilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.


O‘zini o‘zi band qilganlar qanday ishlar yoki xizmatlarni amalga oshirishi mumkin?

Hozirgi kunda o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga 70 ga yaqin faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.  

Jumladan, o‘rta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma'lumotga ega shaxslar mustaqil ravishda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22-sentabrdagi 595-son qaroriga asosan endilikda fuqarolarimiz “Uy sharoitida xonaki tovuqlarni yetishtirish va ko‘paytirish” faoliyat turi bo‘yicha ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritadilar.

Faoliyat turlarini shartli ravishda sohalarga bo‘lish mumkin:

– maishiy xizmatlar (sartaroshlik, manikyur, kosmetolog, pedikyur, uyda kir yuvish va dazmollash, kalitlar tayyorlash, poyabzal tikish, ta’mirlash, bo‘yash va boshqalar);

– qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar (chorva mollarini o‘tlatish, ularni parvarish qilish, qishloq xo‘jalik o‘simliklarini ekish va parvarish qilishda tomorqa egalariga yordam berish);

– sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar (yog‘och me'morchiligi, santexnika xizmati, elektr montaj ishlari, makulatura, plastik idish, temir tersak to‘plash va qo‘shimcha xomashyo to‘plash);

– ijtimoiy xizmatlar (uyda repetitorlik qilish, bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish, uy xo‘jaligini yuritish, xonalarni tozalash, xalq tabobati);

– xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish (non, uyda pop-korn, muzqaymoq, salatlar, salqin ichimliklar, ayron, go‘ja hamda dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish);

–AKT sohasida (ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, dasturiy ta'minot, mobil ilovalar va veb saytlarni ishlab chiqish, matnni yaratish va ishlov berish).

Mamlakatimizda 2021-yil 1-oktabr holatiga o‘zini o‘zi band qilganlar soni 1 064 895 nafarni tashkil etmoqda. Bu borada Toshkent shahri (113 696), Farg‘ona (116 099) va Samarqand viloyatlari (154 367) yetakchilik qilmoqda.

Jumladan, IT sohasida 23 351 nafar shaxs o‘zini o‘zi band qilgan (eng ko‘p Toshkent sh. – 7 071), iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda o‘zini o‘zi band qilganlar esa 108 768 nafar (eng ko‘p Toshkent sh. – 22 136), yana 174 898 nafar fuqaro sanoat yo‘nalishida xizmat ko‘rsatishni tanlagan (eng ko‘p Farg‘ona - 26 348), 182 080 nafar shaxs esa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat olib bormoqda. (eng ko‘p Samarqand viloyati – 29 292).

O‘zini o‘zi band qilish uchun nima qilish lozim?

Ro‘yxatdan o‘tish bepul. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olish uchun soliq xizmati organlariga (inspeksiya yoki boshqarma) murojaat qilish yoki Soliq mobil ilovasida masofadan turib ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Qo‘llanma - https://t.me/soliqnews/4341

Jarayon yakunlangandan so‘ng, QR-kodli guvohnoma beriladi, bu o‘zini-o‘zi band qilish rasman ro‘yxatdan o‘tkazilganligini bildiradi.

O‘zini o‘zi band qilishning huquqiy asoslari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori (PQ-4742, 08.06.2020)

O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonuni (O‘RQ-642, 20.10.2020)

Vazirlar Mahkamasining “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (806, 23.12.2020)

Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori. (595, 22.09.2021)

 

 Teglar

Yangilik

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish