Respublika Markaziy bank Boshqaruvining 2021 yil 21 oktyabrdagi yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023-2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ning dastlabki konseptual loyihasi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Markaziy bank rasmiy veb-sayti.
Ushbu prognozga ko‘ra, 2022-yilda YaIM 5,5-6,5 foizga o‘sadi, 2023-2024 yillarda esa taxminan 6 foizni tashkil etadi. O‘sish xususiy mahalliy va xorijiy investitsiyalar hisobiga ta‘minlanadi. 2023-2024yillarda byudjet taqchilligi 2-3 foizgacha qisqarishi kutilmoqda. Inflyatsiya darajasi 2022-yilda 8-9 foizni tashkil etadi, 2023-2024-yillarda esa 5 foizga pasayishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda, makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi shartlari sifatida jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinligicha qolishi sababli tashqi sharoitlarning noqulay shakllanishi va iqtisodiy faollikni pasayishi kabi ehtimollar asos qilib olingan. 2022-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 3-4 foizni tashkil etadi va vaziyatning normal bosqichga o‘tishi bilan iqtisodiyot 2023-yilda 4,8-5,8 foizga, 2024-yilda esa o‘sish 5,5-6,5 foizni tashkil etadi. Byudjet taqchilligi 2022-yilda YaIMning taxminan 4-5 foizini tashkil qiladi, keyin esa bu ko‘rsatkich pasayadi va 2024-yilga kelib 2-2,5 foizga pasayishi baholanmoqda.
Undan tashqari, asosiy kapitalga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi 2022 yilda 6,3-8,4 foizga, 2023 yilda 8,5-10,3 foizga o‘sishi va 2024 yilda ushbu o‘sish surʼatlari yana-da jadallashib 9,4-11,2 foizgacha yetishi prognoz qilinmoqda.
“Muqobil ssenariy sharoitida makroiqtisodiy rivojlanishni shakllantirish tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirishni kelgusi davrlarga kechiktirishni talab qiladi. Natijada, ushbu stsenariy sharoitida umumiy inflyatsiya darajasi 2022 yilda 7,5-8,5 foizni, 2023 yilda esa taxminan 5,6-6,6 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda”, - deyiladi Markaziy bank xabarida.