Top.Mail.Ru
25-May, 15:22 |  1,596

Markaziy bank jismoniy shaxslarning “qora ro’yxati” tushunchasiga izoh berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari jismoniy shaxslarga kreditlarning u yoki bu turini ajratishdan bosh tortayotgani va buning sababi sifatida go‘yoki Markaziy bankning “qarzdorlarning qora ro‘yxati” mavjudligi va bu ro‘yxatga kiritilgani shaxslarga kredit berilmasligi ko’rsatilayotganligi yuzasidan jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘payib borayotgani haqida xabar berdi.

Markaziy bank jismoniy shaxslarning “qora ro’yxati” tushunchasiga izoh berdi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, bank tizimida umuman olganda “qora roʻyxat” tushunchasi mavjud emas, shuningdek, kredit berish taqiqlangan fuqarolarning “maxsus roʻyxati” yoki “maʼlumotlar bazasi” ham mavjud emas. 

Markaziy bankning qayd etishicha, “qora ro‘yxat” tushunchasi yetarli bilim va malakaga ega bo‘lmagan ayrim bank xodimlari tomonidan kredit arizasini ko‘rib chiqish jarayonida ilgari olingan yoki joriy krediti bo‘yicha to‘lovlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatlardan kechiktirib to‘lagan fuqarolarga “qora ro‘yxatga tushib qolgansiz” deb izoh berishi (tushuntirishi) oqibatida vujudga kelmoqda.

Aslida ushbu holat fuqaroning “kredit tarixi” ma'lumotlari bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgi kunda barcha kredit beruvchi tashkilotlar fuqaroga kredit berishdan oldin ushbu ma'lumotlardan foydalanishmoqda.

Kredit tarixi nima?

Avvalroq biz jismoniy shaxsning kredit tarixi nima ekanligi, kredit tarixingizni qanday bilib olishingiz va uni qanday yaxshilash haqida yozgan edik. Keling, asosiy tushunchalarni qisqacha eslaylik.

Fuqarolarning kredit bitimlari, ularning ijro etilishi holati, jumladan, ilgari qaysi kredit tashkilotlaridan qancha miqdorda kredit olganligi, kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘laganligi, boshqa kreditlar uchun berilgan amaldagi kafilliklar hamda joriy kredit qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma'lumotlar majmui “kredit tarixi” deb ataladi.

So‘nggi yillarda kredit tashkilotlari (banklar va mikrokredit tashkilotlari) va hattoki ayrim tovar iste'mol krediti beruvchi savdo tashkilotlari tomonidan fuqarolarga kredit ajratish jarayonida ularning ilgari olgan qarz mablag‘lari bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarganligi hamda joriy qarzdorliklari mavjudligiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Kredit tashkilotlari “kredit tarixi” ma'lumotlari asosida potensial qarz oluvchining kreditga layoqatliligini baholaydi, ya'ni qarz oluvchi olayotgan krediti bo‘yicha majburiyatlarini kelgusida lozim darajada bajara olish imkoniyati, ilgari olgan kreditlari bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarganligi, boshqa kredit tashkilotlaridan hozirgi qarzdorligi miqdori kabi ma'lumotlarni o‘rganib chiqqan holda fuqaroning kredit to‘lovlarini to‘lash borasida qay darajada intizomli va mas'uliyatli ekanligi to‘g‘risida xulosa chiqaradi.

Har bir kredit tashkiloti o‘zining kreditlash tartibi talablari va kreditning qaytmaslik riskini baholash mezonlaridan kelib chiqib, potensial qarz oluvchining kredit tarixi ma'lumotlari, daromadi hamda taklif etilayotgan kredit ta'minotini tahlil qiladi va yakunda kredit ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan mustaqil qaror qabul qiladi. O‘z navbatida, mazkur qarorlar turli kredit tashkilotlarida turlicha bo‘lishi mumkin.

O’z navbatida, Markaziy bank fuqarolarni “kredit tarixi” hisobotida muddati o‘tgan qarzdorlik to‘g‘risidagi ma'lumotlar paydo bo‘lishining oldini olish uchun kredit va boshqa moliyaviy majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishga chaqirdi.

Qarz bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishda ma'suliyatsizlikka yo‘l qo‘yish, ya'ni kredit to‘lovlarini belgilangan muddatlardan kechiktirib to‘lash hozircha arzimas bo‘lib tuyilsa ham, kelgusida kredit tashkilotlaridan qarz olish imkoniyatini pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yaqin kunlarda Depozit.uz sayti orqali ham Siz o’z kredit tarixingiz haqida ma’lumot olishingiz mumkin bo’ladi. Shu bilan birga qaysi banklar Sizga kredit ajratishi mumkinligi haqida ma’lumot taqdim etiladi.

 Teglar

Banklar Kreditlar

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish