Top.Mail.Ru

Iste'mol kreditlari: xususiyatlari va afzalliklari

Iste'mol krediti — bu tovar yoki xizmatlar sotib olish uchun bankdan kredit sifatida olish mumkin bo'lgan puldir.

Iste'mol kreditlari: xususiyatlari va afzalliklari

O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 6 maydagi 33-sonli “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonuniga ko’ra,

Iste’mol krediti jismoniy shaxsga (iste’molchiga) uning iste’mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladigan kreditdir.

Shunday qilib, banklar qarz oluvchilarga iste'mol kreditlarini ularning o'qish, davolanish, ta'mirlash ishlarini bajarish, sayohat qilish, maishiy texnika va mebel sotib olish, to'y va boshqa maqsadlar kabi iste'mol ehtiyojlari uchun beradi. Bir so’z bilan aytganda, iste'mol kreditlari shu yerda va hozir pul talab qiladigan asosiy maishiy ehtiyojlarni qoplaydi.

Iste’mol kreditining shakllari:

  1. Moliyaviy iste’mol krediti;
  2. Tovar iste’mol krediti.

Moliyaviy iste’mol krediti bu sotib olingan tovarlar yoki xizmatlar haqini to‘lash uchun pul mablag‘lari tarzida iste’molchiga beriladigan kreditdir. Odatda banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek ba’zi hollarda mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlari moliyaviy iste’mol kreditini taqdim etishi mumkin.

Tovar iste’mol krediti sotib olingan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash tarzida iste’molchiga beriladigan kreditdir. Boshqacha aytganda, bu bugungi kunda katta mashhurlikka ega bo’lgan muddatli to’lovdir.

Muddatli to’lov (rassrochka) ni iste’mol tovarlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ham, ularni realizatsiya qiluvchi tashkilotlar, misol uchun maishiy texnika do’konlari ham taqdim etishlari mumkin.

O‘zbekistonda iste’mol kreditining eng asosiy xususiyati shundaki, u maqsadli kredit bo‘lib, u orqali faqat ma’lum bir mahsulot yoki xizmatni xarid qilish mumkin, ya’ni kredit mablag‘lari naqd pul yoki kartaga o‘tkazma ko‘rinishida berilmaydi, balki mahsulot yoki xizmat haqini to'lash uchun bank tomonidan to'g'ridan-to'g'ri iste'mol tovarlari ishlab chiqaruvchi yoki xizmatlarni xizmat ko’rsatuvchi (yuridik va jismoniy) shaxsning bank hisob raqamiga pul mablag'larini o'tkazish yo'li bilan yuboriladi.

Iste'mol kreditini qanday maqsadlar uchun olish mumkin?

Iste'mol krediti aslida universal kredit bo'lib, u orqali bir qancha turli maqsadlarni amalga oshirish mumkin. Ko'p hollarda, mijozlar quyidagi maqsadlar uchun bankdan pul oladilar:

  • maishiy texnika va elektronika sotib olish;
  • mebel va uy jihozlarini sotib olish;
  • kvartira yoki uyni ta'mirlash uchun qurilish materiallarini sotib olish;
  • dam olish va sayohat qilish;
  • tibbiy xizmatlardan foydalanish;
  • to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazish;
  • ta'lim xizmatlari uchun to'lovni amalga oshirish.

 

Iste'mol kreditini taqdim etishda banklar tovarlar yoki xizmatlarni sotuvchilarni tanlashga cheklovlar qo'ymaydilar, qarz oluvchilar tovar yoki xizmatlarni kimdan sotib olishni mustaqil ravishda hal qilishlari mumkin. Biroq, ba'zi banklar o'z hamkorlaridan ma'lum tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish sharti bilan iste'mol kreditlari uchun qulay shartlarni taklif qiladi. Bundan tashqari, banklar ko'pincha savdo kompaniyalari bilan birgalikda muddatli to’lov dasturlarini ishlab chiqadi va ular bo’yicha ham juda jozibali shartlarni ham taklif etadi.

O‘zbekistonda yaqin vaqtgacha iste’mol kreditlari faqat mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni xarid qilish uchun berilar edi. 2023-yil 10-aprelda “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mazkur talab bekor qilindi. Shu sababli, bugungi kunda kreditdan foydalanib, import tovarlarni ham sotib olish mumkin.

Iste'mol kreditining naqd yoki naqdsiz pul shaklida beriladigan mikroqarz bilan solishtirgandagi asosiy afzalligi bu nisbatan past foiz stavkasidir. Darhaqiqat, odamlar turli tovarlarni sotib olishlari kerak bo'lganda mikroqarzlarga ham murojaat qilishadi. Shunda agar kreditning maqsadi aniq bo'lsa va tanlov iste'mol krediti va mikroqarz o'rtasida bo'lsa, birinchisini tanlash maqsadga muvofiqdir – ortiqcha to'lovlar kamroq bo'ladi.

Tovar iste'mol kreditining asosiy afzalligi esa bu mahsulot yoki xizmatning belgilangan qiymatini teng qismlarda bo’lib bo’lib to'lash imkoniyatidir.

Shunday qilib, katta xaridni amalga oshirish kerak bo'lganda, ammo jamg'armalar yetarli bo'lmaganda, iste'mol krediti muammoning mantiqiy yechimi bo'lishi mumkin. Depozit.uz saytining Iste'mol krediti sahifasida esa kreditlar bo'yicha barcha takliflar va ularning shartlari bilan tanishish mumkin.

15:42 • 01 December, 2023
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish