Top.Mail.Ru

Banklarda shaxsiy ma'lumotlar qanday himoya qilinadi?

Bank xizmatlaridan foydalanish bo’yicha shartnoma imzolash yoki kredit rasmiylashtirishda bank mijozi ko’pgina shaxsiy ma'lumotlarini – ismi va pasport rekvizitlaridan tortib ko'chmas mulk va oilaviy ahvol to'g'risidagi ma'lumotlargacha bankka taqdim etadi.

Banklarda shaxsiy ma'lumotlar qanday himoya qilinadi?

Shu bilan birga, mijoz har doim ham ularni qayta ishlashga rozilikni bermaydi. 

Bunday holatda mijoz huquqlari qanchalik himoyalangan va shaxsiy ma'lumotlarni noqonuniy qayta ishlash yoki ularni uchinchi shaxslarga berish uchun kredit tashkilotlarining javobgarligi bormi?

Banklarda shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish qoidalari

Bank biznesining muvaffaqiyat darajasi ko'p jihatdan uning bank siri va shaxshiy ma’lumotlarni saqlash qobiliyatiga bog'liq. Himoya qilish standartlari quyidagicha o’rnatiladi:

  • shaxsiy ma'lumotlar uchun - O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan; 
  • bank siri uchun - Markaziy bankning ko'rsatmalari bilan.

Qat'iy talablar banklarni shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilishga tizimli yondashishga undaydi, chunki ularning oshkor bo’lishi bank obro'si uchun xavf tug'diradi va fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash bilan bog'liq sud jarayonlarini keltirib chiqaradi.

Kredit muassasasida fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari quyidagi axborot tizimlarida saqlanadi:

  • jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalarni qayta ishlaydigan umumiy ma'lumotlar bazasida (avtomatlashtirilgan bank tizimi – ABS);
  • mijoz-bank modulida yoki boshqa onlayn tizimlarda;
  • bank kartasidan pul o'tkazishni ta'minlaydigan tizimlarda;
  • buxgalteriya tizimlarida;
  • kadrlar tizimlarida (bank xodimlarining shaxsiy ma'lumotlari uchun).

Bundan tashqari, shaxsiy ma’lumotlarni shartnomalar, kredit arizalari, garov va kafillar to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan kredit papkalari kabi moddiy ko’rinishdagi vositalarda topish mumkin. Bunday vositalarda saqlanadigan ma'lumotlar eng kam himoyalangan ma’lumotlar hisoblanadi, chunki ular bank xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida oson oshkor qilinishi mumkin. Shuning uchun bank mijozlarining shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilish tizimi bank xavfsizlik xizmati tomonidan bank xodimlarining harakatlarini nazorat qilinishiga asoslangan bo'lishi kerak.

Barcha banklarda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish texnik tizimlari ishlab chiqilgan va ular bank siri bilan bog‘liq ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlovchi axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan bo’ladi. Amaliyot shuni ko'rsatadiki, banklarga tashqi tajovuzlar, xakerlik hujumlari ko'proq hisobraqamlar va omonatlar bilan bog'liq ma'lumotlarga qaratilgan bo'ladi, jinoyatchilarni shaxsiy ma'lumotlar unchalik qiziqtirmaydi. Ammo bankka o'z ma'lumotlarini ishongan har bir kishi ikki xil xavf guruhi haqida bilishi kerak:

  1. ichki risklar - ko'pincha oddiy bank xodimlari ma'lumotlarni ixtiyoriy ravishda tanishlari yoki biznes sheriklarga oshkor qiladilar;
  2. muammoli qarzlarni undirish yoki da'vo qilish huquqini berishda shaxsiy ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga o'tkazish xavfi.

Birinchi holatda, ma'lum bir xodim javobgarlikka tortiladi, ikkinchisida esa faqat sud bankni jazolashi mumkin, ammo har qanday holatda ham emas.

Banklarda shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilishni tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar

Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish tizimini ishlab chiqishda banklar O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi va “Bank siri to'g'risida”gi qonunlariga tayanadi. Ammo ma'lumotlar o'ziga xos himoya darajalariga ega bo'lgan avtomatlashtirilgan bank tizimida saqlanganligi sababli qo'shimcha ravishda bank tizimidagi tashkilotlarning axborot xavfsizligini ta'minlash normalarini belgilaydigan Markaziy bank standartlari bilan belgilangan talablar asosida ish olib boriladi.

Shaxsiy ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etishda ularni himoya qilish

Banklar fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlarini uchinchi shaxslarga o'tkazgan taqdirda ma'naviy zararni undirish bo'yicha da'volar amaliyotda allaqachon uchrab turadi. Aksariyat hollarda sudlar, agar kredit tashkiloti shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga roziligida ma'lumotni uchinchi shaxslarga o'tkazish huquqini nazarda tutgan bo'lsa, banklar tomonini oladi. Ammo, boshqa tomondan, sud amaliyoti bunday shaxslarning ro'yxati qat'iy belgilanishi kerakligini talab etadi. Bank mijozi shaxsiy ma'lumotlar sub'ekti bo’lib har doim ham ma'lumotlarni qayta ishlashga alohida rozilikni imzolamaydi, ba'zida ularni qayta ishlash uchun shartlar kredit shartnomasida belgilanadi. Agar shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga qonun hujjatlarida ko'zda tutilgan alohida hujjat sifatida rozilik berilmagan bo'lsa, mijoz kredit tashkilotidan unchalik katta bo'lmagan summalarni ma'naviy zarar uchun kompensatsiya shaklida undirish imkoniyatiga ega bo’ladi. 

Qonuniy ravishda va hech qanday e’tirozsiz, bank mijozlarning shaxsiy ma'lumotlarini quyidagi holatlarda taqdim etishi mumkin:

  • nazorat qilish maqsadida Markaziy bankka;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga noqonuniy pul aylanishini tekshirish bilan bog’liq majburiyatlarni bajarish uchun;
  • qonun hujjatlarida aniq nazarda tutilgan hollarda sud ijrochilari, soliq va tergov organlarining talabiga binoan;
  • kredit shartnomalari bo'yicha risklarni sug'urtalashni amalga oshiruvchi sug'urta kompaniyalari, agar bu mijozning roziligi bilan nazarda tutilgan bo'lsa.

Boshqa barcha hollarda, fuqaroga uning shaxsiy ma'lumotlari qayta ishlash yoki boshqa maqsadlar uchun aynan kimga taqdim etilishi haqida ma'lumot berilishi kerak va u bunga rozilik bildirishi kerak.

Bank bilan shartnoma tuzayotganda, siz unga taqdim etiladigan ma'lumotlarga juda e’tiborli bo'lishingiz kerak, shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga rozilik berishda ularni taqdim etish mumkin bo'lgan shaxslar ro'yxatini diqqat bilan o'rganib chiqing.

17:57 • 05 July, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish