Top.Mail.Ru

Avtomobil kreditga yoki lizingga: farqi nimada?

Kredit ham, lizing ham qarz hisobiga mashina sotib olish imkoniyatini beradi.

Avtomobil kreditga yoki lizingga: farqi nimada?

Bugungi kunda mashina hashamat emas, balki zaruratdir. Ammo, afsuski, mashinalar narxini hisobga olsak, har doim ham mashina sotib olish imkoniyati mavjud emas. Va bunday paytda, ko'pincha avtomobilni kreditga yoki lizingga sotib olish haqida fikr paydo bo'ladi. Ammo moliya sohasi bilan aloqasi bo'lmagan odamlarda qaysi birini tanlash to’g’risida savol tug’iladi - kredit yoki lizing? Shu munosabat bilan biz sizga kredit va lizingning barcha o’ziga xos jihatlarini tushunishga va kim uchun qaysi biri qulayroq ekanligini tushuntirishga yordam beramiz.

Aslida, kredit ham, lizing ham qarz hisobiga mashina sotib olish imkoniyatini beradi. Ammo ularni bir -biridan farq qiladigan bir qator jihatlari mavjud.

1. Qarzni berish shakli. Kreditlashda bank mol-mulk sotib olish uchun qarzga pul beradi va qarz oluvchi ma'lum muddat ichida o'z qarzini bankka qaytaradi. Lizingda lizing kompaniyasi o'zi mijoz uchun zarur bo'lgan mol-mulkni sotib oladi va lizing shartnomasi shartlari bo'yicha uni vaqtincha egalik qilish va foydalanishga topshiradi.

2. Avtomobilga egalik qilish. Birinchi farqdan shu kelib chiqadiki, kreditga mashina sotib olinganda, mashina darhol qarz oluvchiga, ya'ni mashina sotib oluvchiga rasmiylashtiriladi. Lizingda esa, xaridor butun qarzini to'lamaguncha, avtomobil egasi lizing kompaniyasi hisoblanadi. Lizing muddati davomida, lizing oluvchi, mashinaning egasi bo'lmagan holda, mashinadan lizing shartnomasi shartlariga qat'iy rioya qilgan holda foydalanishi kerak. Avtotransport vositasiga nisbatan har qanday harakatlar (foydalanish joyining o'zgarishi, sub-lizingga berish va boshqalar) lizing kompaniyasi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerak. Mashinadan foydalanish shartlari (shuningdek, ijara shartnomasining boshqa shartlari) buzilgan taqdirda, lizing kompaniyasi mashinani qaytarib olishga haqli.

3. Garovga qo'yiladigan talablar. Kredit olinganda, garov taqdim etilishi shart (ko'pincha sotib olinayotgan mashinaning o'zi). Lizingda esa lizing predmeti, ya'ni avtomobil, lizing shartnomasi tugagunga qadar lizing kompaniyasining mulki hisoblanadi va o’zi garov bo’lib turadi, qo’shimcha qarov talab qilinmaydi.

4. Qarz oluvchiga qo'yiladigan talablar. Banklar faoliyati, xususan, kreditlash tizimi Markaziy bankning me'yoriy hujjatlari bilan, shuningdek, banklarning ichki tartib qoidalari bilan tartibga solinadi. Banklar likvidlik, kredit xavfi va boshqalarga rioya qilishlari shart. Banklarning ichki hujjatlari qarz oluvchilarning kreditga layoqatliligini, kredit xavfining darajasini va kredit berish imkoniyatlarini baholash usullarini belgilaydi. Bu talablarning barchasi kredit berish imkoniyati to'g'risida qaror qabul qilishda banklarning erkinligini sezilarli darajada cheklaydi.

Banklardan farqli o'laroq, lizing kompaniyalari o'z faoliyatida lizing oluvchilarni baholashda faqat ichki usullar va yondashuvlardan foydalanadi. Lizing kompaniyalari potentsial qarz oluvchining haqiqiy holatini tahlil qilishga, har bir mijoz bilan individual muomala va bitim tuzishga tayyor turadi.

5. Arizani ko'rib chiqish muddatlari. Bugungi kunda aytishimiz mumkinki, kredit ham, lizing ham tezda ko’rib chiqiladi. Ammo, shunga qaramay, ba'zida kredti ajratilishida, jarayon 4-bandda ko'rsatilgan sabablarga ko'ra kechiktiriladi. Banklar qarz oluvchilarga nisbatan belgilangan talablarni o'zgartira olmaydi, bundan tashqari, banklarda hali ham ko'p qog’oz hujjatlar aylanadi, va ularni to'ldirish, imzolash, rasmiylastirish va oxir -oqibat kredit berish uzoq vaqtga cho’zilib ketadi.

6. Avtomobillarni tanlovi. Hamma banklar ham haydalgan mashinalarni sotib olish uchun kredit bermaydi. Lizing kompaniyalari esa ishlatilgan mashinalarni taqdim etishi mumkin. Bundan tashqari, ba'zi lizing kompaniyalari zaxirada mavjud bo’lgan avtotransport vositalarini taqdim etadi. Bu shuni anglatadiki, siz mashinaga pul to’lab, uni bir necha oy navbatda kutishingiz shart emas.

7. Qarzni qaytarish. Kredit olganda, qarz to’lashni kechiktirishga yo'l qo'yilmasligi aniq belgilanadi, agar qarz o'z vaqtida to'lanmaslik holati yuzaga kelsa, muddati o'tgan qarzga qo’shimcha foiz hisoblanadi. Va natijada qarz oluvchi kredit tarixi yomonlashadi va kelajakda boshqa kreditlarni olishda salbiy ta’sir ko’rsatadi.

To'lov jadvalini tuzishda, lizing kompaniyasi esa lizing oluvchi daromadini hisobga oladi, qarzni kechiktirish va boshqa xususiyatlarni inobatga olishi mumkin.

Lizing shartnomasining amal qilish muddati mobaynida mijoz lizing kompaniyasiga to'lovlarni kechiktirishni (moliyaviy qiyinchiliklar bo'lsa), lizing shartnomasining amal qilish muddatini uzaytirishni so'rashi mumkin va lizing beruvchi mijozni vaziyatini hisobga olgan holda shartnomaga o’zgartirish kiritishi mumkin.

8. Foiz. Bu, ehtimol, kredit yoki lizingni tanlashda eng muhim jihatdir. Bu erda afzallik kredit tomonida. Kreditlar bo'yicha foizlar lizingga qaraganda ancha past. Bundan tashqari, banklar kreditni to'lashda tabaqalashtirilgan to’lovdan foydalanadi  yoki qaytarish usulini tanlash imkoniyatini beradi. Lizing kompaniyalari annuitet usulidan foydalanadilar, natijada umumiy to’lov miqdori tabaqalashtirilgan to'lovga qaraganda ko'proq chiqadi.

Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, kreditning ham, lizingning ham o'z afzalliklari va kamchiliklari bor, ularning ahamiyati har bir bitim va ma'lum bir mijoz uchun har xil bo'lishi mumkin.

 

13:11 • 11 August, 2021
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish