Top.Mail.Ru

Ruslan Adilbayev: "Nostandart fikrlang – yechim kutayotgan muammolarni izlang"

AVO bank’ning yangi egasi Ruslan Adilbayev o‘z tajribasi va moliya muassasasining kelajagi haqidagi tasavvurlari bilan o‘rtoqlashdi. Bankers.uz R.Adilbayevning intervyusi va undagi iqtiboslarni taqdim etadi.

Ruslan Adilbayev: "Nostandart fikrlang – yechim kutayotgan muammolarni izlang"

“Mening hayotim doim matematika va hal qilinmagan muammolarga javob izlashdan iborat bo‘lgan. Balki shuning uchun ham ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydigan ishlarga qodirman, degan g‘oyaning o‘zi menga motivasiya bersa kerak. Aynan shu rag‘bat murakkab loyihalarni boshlashga va ularni rivojlantirish yo‘llarini topishga undaydi. AVO bank men uchun muhim loyiha, chunki mazkur loyihada bankning O‘zbekistondagi yetakchi moliya muassasalaridan biriga aylanishi uchun yillar davomida orttirgan bilim va ko‘nikmalarimni ishga solaman.

Mamlakatdagi biznes muhitini uzoq vaqtdan beri kuzatib kelaman. Bir vaqtning o‘zida ko‘plab muhim yo‘nalishlarning kompleks va faol rivojlanish dinamikasi alohida e'tiborni tortadi. Bu O‘zbekistonda biznes uchun zarur sharoitlar yaratilayotganidan dalolat beradi. Ushbu o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman”.

Bilim, mashaqqatlar va biznesdagi muvaffaqiyat

Rossiya va Fransiyaning eng yaxshi universitetlarida tahsil olgan, moliya sohasida faoliyat yurituvchi turli kompaniyalarda ishlagan Ruslan Adilbayev o‘z tajribasini yillar davomida boyitib bordi.

“2011 yilda meni uch yil ketma-ket faqat zarar bilan ishlagan “Troyka Dialog Kazaxstan”ga taklif qilishdi va bu taklifga hech ikkilanmay rozi bo‘ldim. Savdo boshlig‘i (treyd) sifatida men bir yil ichida kompaniyani stressli vaziyatdagi korxonadan million dollar foyda oluvchi korxonaga aylantirishga muvaffaq bo‘ldim.

Keyinchalik o‘z biznesimni tashkil qilishga qaror qildim. Muvaffaqiyatga ham erishdim, inqirozlar bilan ham yuzma-yuz keldim, so‘ng tiklanishni ham epladim. Aynan shunda qo‘rquvlarga berilish emas, aksincha, ularni yengib o‘tish kerakligini tushundim. Shundan so‘ng Rossiyaning “Univer Kapital”ini sotib oldim. O‘shanda uni tiklash imkonsizdek, iqtisodiy vaziyat umidsiz, kompaniyaning esa undagi mavqei yanada past edi. Bu eng qiyin loyihalarimdan biri bo‘ldi, ammo endi menda nafaqat katta aylanmaga ega yirik kompaniyalarni yaratish va rivojlantirish, balki ularni chuqur inqirozli vaziyatlardan olib chiqish tajribasi ham bor edi”.

Bankning rivoji va innovasiyalar

“Albatta, AVO bank men uchun butkul yangi bir yo‘lning boshi. Loyihaning hali ochilmagan katta salohiyatlari bor. Hech kimga sir emaski, O‘zbekistonda investorlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘linadi, har bir investorning fikri, ustuvor yo‘nalishlari va harakatlari tahlil qilinadi”, deya ta'kidlaydi Ruslan Adilbayev.

Bankning ilg‘or mahsulotlaridan biri bu foizsiz muddatga ega AVO Platinum kredit kartasidir. Ushbu xizmatni taqdim etishning asosiy elementi har bir foydalanuvchi uchun maksimal qulaylikni ta'minlashga mo‘ljallangan tegishli dastur hisoblanadi. Bu texnologiya mazkur yo‘nalishdagi yetakchi mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda puxta o‘ylanganligi bilan ahamiyatlidir.

“Shuningdek, bank raqamli bank sifatida shakllantirilayotganiga qaramay, uning oflayn infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga alohida e'tibor qaratilayotgani ham muhim. Mamlakatning har bir hududida, eng qulay joylarda har kim o‘ziga kerakli ma'lumotlarni olishi mumkin bo‘lgan ofislar ochiladi. Shunday qilib, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati aholining keng qatlamiga, jumladan, avval raqamli banklar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lmaganlarga ham taqdim etiladi. Ishonchim komilki, bunday yondashuv mijozlar bazasini kengaytirishga xizmat qiladi va butun mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi”, — deydi AVO bank yangi egasi.

Ruslan Adilbayevning qayd etishicha, AVO bank faoliyatiga tegishli zamonaviy bankomatlar va kartomatlar tatbiq etilishi mijozlar, ayniqsa, chakana savdo shoxobchalarida mukammal xizmat ko‘rsatishga xizmat qilib, bank bilan muloqotning qulayligini oshirishga yordam beradi.

Istiqbolni ko‘ra bilish – zamonaviy biznesning asosiy sharti

"Amalga oshirilayotgan ishlarning bari uzoq yo‘lning boshlanishi, xolos. AVO bank rivojlanishi asnosida jahonning turli mamlakatlaridan jalb qilingan va O‘zbekistonda tegishli sohada katta tajriba to‘plagan yuqori malakali jamoa ishining muhimligiga alohida e'tibor qaratadi. Tabiiyki, ushbu bilim va ko‘nikmalar tufayli bank mijozlar tajribasini yaxshilashga qaratilgan faoliyatiga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etishi, shubhasiz. Bugungi kunda AVO bank mobil ilovalar, onlayn platformalarni ishlab chiqmoqda va takomillashtirmoqda, bu esa bank xizmatlarini yanada qulaylashtirib, ulardan oson foydalanish uchun zamin yaratadi."

Yangi investorning so‘zlariga ko‘ra, AVO bank, shu tariqa O‘zbekistondagi mijozlar uchun eng yaxshi moliyaviy xizmatlar tajribasini yaratishni maqsad qilgan holda kompleks rivojlanishga intiladi.

10:55 • 07 December, 2023
home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish