Qaysi banklarda kartani bepul onlayn buyurtma qilish va bepul yetkazib berish bor?
Ishonmaysizmi? Lekin shunday banklar bor. Kartani uyingizdan chiqmagan holda buyurtma qilishingiz mumkin va butkul bepulga yetkazib berishadi.
Bugungi kunda banklar o’z xizmatlarini mijozlariga qulay shaklda taqdim qilishga alohida e’tibor qaratishayapti. Jumladan, onlayn buyurtma berish va yetkazib berish xizmatini taqdim qilish orqali ham.
Depozit.uz jamoasi ushbu turdagi xizmatni ko’rsatayotgan banklar misolida kichik tajriba o’tkazdi. Maqsad: foydalanuvchilarimizga onlayn buyurtma berish va yetkazib berish jarayoni qanday kechishini ko’rsatgan holda, o’zlari uchun ma’qul bankni tanlashga yordam berish.
Bu tajriba bo’lgani uchun minimal to’lov talab qiladigan kartalar tanlandi. Lekin o’sha bankning boshqa kartasi buyurtma qilinganda ham yetkazib berish to’lovi va muddati o’zgarmaydi.
- “TBC Bank”dan “Humo” kartasi:
- Karta bahosi: Bepul;
- Buyurtma berish: Bepul. Bankning “TBC UZ” ilovasi orqali;
- Yetkazib berish: Bepul. Karta 2 ish kunida yetkazildi;
- Qo’shimcha qulayliklar: Ushbu bank ilovasi orqali istalgan mahalliy bank kartalari o’rtasida oyiga 500 ming so’mgacha komissiyalarsiz pul o’tkazish mumkin.
- Jarayon: Buyurtma bankning “TBC UZ” ilovasi orqali, ism, familiya va telefon raqamini yozish, shuningdek, pasportni asosiy (rasmli) sahifasini, ro’yxatga olingan manzilli (propiskali) sahifasini va pasportni rasmli sahifasini ochib yuzni yonida tutgan holda tushgan rasmni yuklash orqali amalga oshirildi. Bu jarayon biroz noqulaylik tug’dirdi. Sababi, rasmlardagi pasport ma’lumotlari to’g’ri aniqlanishi uchun, yetarlicha yorug’ (soyalarsiz) va pasport to’g’ri burchak ostida rasmga olingan bo’lishi kerak ekan. Rasmlar bir necha urinishda yuklandi. Bir kun o’tgach bankdan qo’ng’iroq qilib manzilni aniqlashtirib, qaysi vaqt karta yetkazib berilishi kelishildi. Lekin karta yetkazilmadi. Keyingi kun qo’ng’iroq qilib buyurtmalar ko’payib ketgani uchun ulgurishmaganini aytib, qaytadan vaqt kelishildi. Kartani bank kuryeri olib keldi. Joyida pasport ma’lumotlarini solishtirib, buyurtmachi, pasportni rasmli sahifasini ochib yuzini yonida tutgan holda rasmga tushirildi. Va pasport bilan yetkazilgan kartani yonma-yon qo’yib rasmga olindi. SMS-xabarnoma yoqilgan ekan. PIN-kod yangilanmadi. Karta polietilen paketda, kartani aktivlashtirish bo’yicha qisqacha qo’llanma bilan taqdim qilindi. Tegishli hujjatlar imzolandi. HECH QANDAY TO’LOV AMALGA OSHIRISH TALAB QILINMADI. Ya’ni, karta butkul bepulga qo’lga kiritildi.
- Xulosa: Bu tajribamizdagi eng tez yetkazilgan va mutlaqo bepulga tushgan karta bo’ldi.
- “Anorbank”dan “TRIA Humo” kartasi:
- Karta bahosi: Bepul;
- Buyurtma berish: Bepul. Bank sayti orqali;
- Yetkazib berish: Bepul. Karta 3 ish kunida yetkazildi;
- Qo’shimcha qulayliklar: ushbu karta orqali qilingan to’lovlar uchun keshbek beriladi. Va karta hisobidagi qoldiq uchun yillik 10% miqdorida ustama hisoblanadi. Ya’ni, kartada ishlatilmay turgan pul ko’payib boradi.
- Jarayon: Buyurtma bank saytida ism, familiya va telefon raqamini yozish orqali qoldirildi. Ertasiga bankdan qo’ng’iroq qilib pasport ma’lumotlarini olishdi va karta 24 soat ichida yetkaziladi deyishdi. Keyingi kun qo’ng’iroq qilib manzilni aniqlashtirib, qaysi vaqt karta yetkazib berilishi kelishildi. Kartani bank kuryeri olib keldi. Identifikatsiya (shaxsni tasdiqlash) kuryer pasport ma’lumotlarini solishtirib ko’rishi orqali joyida amalga oshirildi. Shuningdek pasportni rasmli sahifasini ochib yuzni yonida tutgan holda va ikkinchi tarafdan yetkazilgan kartani ushlab rasmga tushish sharti borligi, yoki rasmga tushishdan bosh tortaman deb hujjatga yozib imzolab berish mumkinligi aytildi. So’nggi variant tanlandi. Shu yerning o’zida turli to’lov tizimi ilovalariga (Click, Payme) ulash imkoniyati bo’lishi uchun, SMS-xabarnoma xizmati yoqib berildi. Va kartaga yangi PIN-kod kuryer olib kelgan terminalda o’rnatib berildi. Karta chiroyli ishlangan qizil konvertda taqdim qilindi. Tegishli hujjatlar imzolandi. HECH QANDAY TO’LOV AMALGA OSHIRISH TALAB QILINMADI. Ya’ni, bu karta ham butkul bepulga qo’lga kiritildi.
- Xulosa: Bu tajribamizda ikkinchi eng tez yetkazilgan va mutlaqo bepulga tushgan karta bo’ldi.
- “Ipak Yo’li Bank”dan “UnionPay Classic” kartasi:
- Karta bahosi: 12.200 so’m;
- Xizmat ko’rsatish*: Bepul;
- Kamaymaydigan qoldiq**: 0 AQSH dollari;
- Buyurtma berish: Bepul. Bank sayti yoki “Ipak Yo'li Mobile” ilovasi orqali;
- Yetkazib berish: Bepul. Karta 3 ish kunida yetkazildi;
- Qo’shimcha qulayliklar: Ushbu karta bilan xorijda, dunyoning 180 dan ortiq davlatida to’lovlarni amalga oshirish mumkin. Shuningdek, O’zbekistonda, “Humo” to’lov tizimi tarmog’idagi terminal va bankomatlarida ham.
- Jarayon: Buyurtma bankning “Ipak Yo'li Mobile” ilovasi orqali, ism, familiya va telefon raqamini yozish, shuningdek, pasportni asosiy (rasmli) sahifasini, ro’yxatga olingan manzilli (propiskali) sahifasini va pasportni rasmli sahifasini ochib yuzni yonida tutgan holda tushgan rasmni yuklash orqali amalga oshirildi. Bu jarayon bu bank ilovasida ham biroz noqulaylik tug’dirdi. Sababi, rasmlardagi pasport ma’lumotlari to’g’ri aniqlanishi uchun, yetarlicha yorug’ (soyalarsiz) va pasport to’g’ri burchak ostida rasmga olingan bo’lishi kerak ekan. Rasmlar bir necha urinishda yuklandi. Buyurtma berilgan kundan ikki kun o’tib bankdan qo’ng’iroq qilib manzilni aniqlashtirib, qaysi vaqt karta yetkazib berilishi kelishildi. Karta bir kun kechikib yetkazib berildi. Kechikish sababi sifatida, buyurtmalar ko’pligi tufayli ulgurilmagani aytildi. Kartani bank kuryeri olib keldi. Joyida pasport ma’lumotlarini solishtirish orqali identifikatsiya (shaxsni tasdiqlash) o’tkazildi. Rasmga tushish talab qilinmadi. SMS-xabarnoma yoqilmagan ekan. Karta chiroyli ishlangan yashil konvertda taqdim qilindi. Bu xalqaro karta bo’lgani uchun konvertda maxsus yopishtirilgan bir qog’oz ichida kartaning maxfiy kodi yozilgan ekan. Tegishli hujjatlar imzolandi. Karta ochish uchun to’lov buyurtma berish jarayonida onlayn tarzda amalga oshirildi.
- Xulosa: Bu tajribamizdagi eng tez yetkazilgan va minimal to’lovga olingan xalqaro karta bo’ldi.
- “Kapitalbank”dan “Humo” kartasi:
- Karta bahosi: 10.000 so’m;
- Buyurtma berish: Bepul. Bank sayti yoki “Apelsin” ilovasi orqali;
- Yetkazib berish: 10.000 so’m. Karta 5 ish kunida yetkazildi;
- Qo’shimcha qulayliklar: Mavjud emas.
- Jarayon: Buyurtma bankning “Apelsin.uz” sayti orqali yuborildi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida harbiy guvohnoma, chet el fuqarosi pasporti, biometrik pasport, yangi tartibdagi haydovchilik guvohnomasi yoki ID kartani ko’rsatish mumkin ekan. Biometrik pasport varianti tanlanib, buyurtma pasportni asosiy (rasmli) sahifasini, ro’yxatga olingan manzilli (propiskali) sahifasini va pasportni rasmli sahifasini ochib yuzni yonida tutgan holda tushgan rasmni yuklash orqali amalga oshirildi. Buyurtma berish jarayonida SMS-xabarnoma uchun telefon raqamini va karta uchun PIN-kodni kiritish talab qilindi. Oxirida, karta 10 ish kunida yetkazilishi haqida ma’lumot chiqdi. Ertasiga buyurtma bekor qilingani va to’lov qaytarilgani haqida xabar keldi. Sabab, rasmlarni to’g’ri burchak ostida olinmagani ekan. Shu kuni qayta buyurtma berildi. Besh kundan so’ng bankdan qo’ng’iroq qilib, manzilni aniqlashtirib, qaysi vaqt karta yetkazib berilishi kelishildi. Kartani bank kuryeri olib keldi. Joyida pasport ma’lumotlarini solishtirib, pasportni rasmli sahifasini ochib yuzni yonida tutgan holda rasmga tushirildi. SMS-xabarnoma yoqilgan ekan. Yangi PIN-kod buyurtma jarayonida o’rnatilgan edi. Karta chiroyli ishlangan sariq konvertda taqdim qilindi. Tegishli hujjatlar imzolandi. Karta ochish va yetkazib berish uchun to’lov buyurtma berish jarayonida onlayn tarzda amalga oshirildi.
- Xulosa: Bu tajribamizdagi eng qimmatga tushgan karta bo’ldi.
- “Aloqabank”dan “Visa Classic” kartasi:
- Karta bahosi: Bepul;
- Xizmat ko’rsatish*: Bepul;
- Kamaymaydigan qoldiq**: 10 AQSH dollari;
- Buyurtma berish: Bepul. Bankning “Zoomrad” ilovasi orqali;
- Yetkazib berish: 5.000 so’m. Karta 18 ish kunida yetkazildi;
- Qo’shimcha qulayliklar: Ushbu karta bilan xorijda, dunyoning 200 dan ortiq davlatida to’lovlarni amalga oshirish mumkin. Shuningdek, O’zbekistonda, “Humo” to’lov tizimi tarmog’idagi terminal va bankomatlarida ham.
- Jarayon: Buyurtma bankning “Zoomrad” ilovasi orqali pasportni asosiy (rasmli) sahifasini, ro’yxatga olingan manzilli (propiskali) sahifasini va pasportni rasmli sahifasini ochib yuzni yonida tutgan holda tushgan rasmni yuklash orqali amalga oshirildi. Buyurtma berish birinchi urinishdayoq, hech qanday muammolarsiz, tez – 5 daqiqada amalga oshirildi. Buyurtma berish jarayonida SMS-xabarnoma uchun telefon raqamini kiritish talab qilindi. Boshqa banklardan farqli jihati – ilova yetkazib berish manzilini avtomatik ravishda xaritada GPS orqali aniqladi. Shuningdek ko’cha nomi, uy va kvartira raqamini kiritish talab qilindi. Oxirida, karta 11 ish kunida pochta orqali yetkazilishi haqida ma’lumot chiqdi. Belgilangan muddat o’tdi, karta yetkazilmadi. Bankdan ham hech kim aloqaga chiqmadi. Pochtada jo’natma kelmaganini aytishdi. Bank bilan bog’lanib vaziyat tushuntirilganidan keyin, bir necha kun o’tib, bank xodimi qo’ng’iroq qilib manzilni aniqlashtirib, qaysi vaqt karta yetkazib berilishi kelishildi va yetkazib berildi. Joyida pasport ma’lumotlarini solishtirish orqali identifikatsiya (shaxsni tasdiqlash) o’tkazildi. Rasmga tushish talab qilinmadi. SMS-xabarnoma yoqilgan ekan. Karta oddiy ishlangan oq-moviy konvertda taqdim qilindi. Bu xalqaro karta bo’lgani uchun konvertda maxsus yopishtirilgan bir qog’oz ichida kartaning maxfiy kodi yozilgan ekan. Tegishli hujjatlar imzolandi. Buyurtma berish jarayonida kartani yetkazib berish uchun to’lov va kamaymaydigan qoldiq, karta hisobi to’ldirilganida avtomatik tarzda yechib olinishi haqida ma’lum qilindi. Ya’ni, bu karta ham bepul qo’lga kiritildi.
- Xulosa: Bu tajribamizdagi eng oson buyurtma berilgan, eng uzoq vaqtda yetkazilgan va bepulga tushgan xalqaro karta bo’ldi.
- *Xizmat ko’rsatish - bu karta uchun har oy yoki yilga to’lanadigan to’lov turi.
- **Kamaymaydigan qoldiq - bu karta hisobida doim saqlanadigan, ishlatib bo’lmaydigan pul miqdori.
O’ylaymizki, ushbu kichik tajribamiz orqali o’zingizga mos bankni tanlay olasiz!
Barcha kartalar shartlari bilan batafsil Depozit.uz saytining Debet kartalar sahifasida tanishishingiz mumkin.