Top.Mail.Ru

Banklardagi omonatlar qanday kafolatlanadi?

Omonat ochishdan oldin omonatchilar uchun eng muhim masala bo’lib bank yopilsa, bankrot bo‘lsa yoki boshqa fors-major holatlar yuzaga kelsa, pul mablag‘larining saqlanishi va bank tomonidan to‘liq qaytarilishi masalasi hisoblanadi. Aynan shu uchun bank omonatlarini sug'urta qilish tizimi joriy qilingan.

Banklardagi omonatlar qanday kafolatlanadi?

Omonatlarni sug‘urtalash tizimi bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini kafolatlash orqali himoya qilishning davlat mexanizmidir. Ushbu tizim xususiy omonatchilar – jismoniy shaxslarga kredit muassasasi litsenziyasi bekor qilingan yoki bankrot bo'lgan taqdirda mablag'larni qaytarib olish imkonini beradi. Buning qonunchilik asosi bo’lib O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni hisoblanadi.

Tijorat banki, birinchi navbatda, aholidan omonatlarga mablag‘larni jalb qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan litsenziya olishi kerak. Bu shuni anglatadiki, omonatlar aholidan depozitlarni jalb qilishning mutlaq huquqiga ega bo'lgan va o'z majburiyatlarining bajarilishini ta'minlaydigan tashkilotda saqlanadi.

Omonatlarni himoya qilishga kim kafolat beradi?

Banklar faoliyatida muayyan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, aholi omonatlari davlat tomonidan himoya qilinishi ta’minlanadi. O‘zbekistonda ushbu maqsadda Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tashkil etilgan. Banklar ushbu fondga jalb qilingan omonatlar hisobidan sug'urta badallarini to'laydilar va bankning defolt holatida omonatlar shu badallar hisobidan to’lab beriladi. Ayni paytda davlatimizdagi barcha banklar mazkur fond bilan shartnoma tuzgan va unga belgilangan talablar asosida badallar kiritib boradi.

Kimning omonatlari kafolatlanadi?

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi barcha jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning banklardagi omonatlarini himoya qiladi.

Omonatning qancha miqdori qaytarilishi kafolatlanadi?

Fond fuqarolarning tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlariga qo‘ygan omonatlarini, ularning miqdoridan qat’i nazar, to‘liq hajmda to‘lanishini kafolatlaydi.

Agar bank omonatchiga nisbatan kreditor sifatida ham ish yuritgan bo‘lsa, omonatlar bo‘yicha haq to‘lash miqdori omonatchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan omonatlar bo‘yicha haq to‘lash summasi bilan bankning muqobil talablari summasi o‘rtasidagi farq sifatida belgilanadi.

Fuqarolarning banklardagi chet el valyutasidagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lash qonun bilan belgilangan tartibda va miqdorlarda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, litsenziya chaqirib olingan kungi kurs bo‘yicha milliy valyutada amalga oshiriladi.

Qanday holatlarda omonatlarni to'lash kafolatlanadi?

Tijorat bankining bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chaqirib olingan taqdirda. Omonatlarni to'lash uch oy yoki undan ko'proq vaqtni olishi mumkin, chunki bankning yopilishi bilan bog'liq bir qator tadbirlar mavjud.

Omonat bo'yicha foizlar to'lanadimi?

Foizlar to'lanmaydi. Omonatchi faqat omonatning asosiy summasini qaytarib olishi mumkin. Agar omonat shartlarida kapitalizatsiya ko'zda tutilgan bo'lsa, bunday foizlar qaytariladi.

Onlayn omonatlar qaytarilishi kafolatlanganmi?

Onlayn omonat, aslida, oddiy omonat, yagona farqi uning bankning mobil ilovasi orqali rasmiylashtirilishidir. Ular uchun boshqa qoidalar nazarda tutilmagan, barcha me'yoriy hujjatlar barcha turdagi omonatlar uchun bir xil tarzda yaratilgan. Shu sababli, onlayn omonatlarning qaytarilishi kafolati an'anaviy omonatlar bilan bir xil tarzda amalga oshiriladi va ular bo'yicha pulni qaytarish tartibi boshqa omonatlardan farq qilmaydi.

Shunday qilib, pulingizni bankka topshirib, ularning xavfsizligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Bu birinchi navbatda bankning o'zi va umuman davlat uchun muhimdir. Chunki aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchi mamlakat moliya sektori rivojlanishining asosi hisoblanadi.

Siz barcha turdagi omonatlarning batafsil shartlari bilan Omonatlar sahifasida tanishishingiz mumkin.

15:46 • 13 September, 2022

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish