Siz hisob-kitob va bank xizmatlarini ko’rsatish uchun bankni mustaqil tanlash hamda bir yoki bir nechta banklarda milliy va chet el valyutasida hisobraqamlar ochish huquqiga egasiz.
Milliy yoki chet el valyutasida hisob raqami ochish uchun Ariza va shaxsni tasdiqlovchi hujjat shaxsan mijoz tomonidan bankka topshiriladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi olib qolinib, asli qaytariladi.
Bankka hisob raqami ochish uchun siz va bank o’rtasida shartnoma tuziladi. Bank hisobraqam shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak, Shartnomaning bir nusxasi mijozga beriladi
Shartnoma tuzish uchun kerakli hujjatlarni bankka taqdim qilgan holda shartnoma tuzilgandan keyin sizga bank 1 ish kuni Ichida hisobraqam ochib berishi lozim.
Hisob raqami ochganlik uchun to’lov undirilmaydi
Siz banklarda quyidagi hisobraqamlar ochishingiz mumkin:
Jamg’arma depozit hisobraqami
Bu mijozlarning davriy badallari asosida shakllanib, muayyan maqsadni amalga oshirish uchun jamg’ariladigan va shu maqsad uchun yo’naltiriladigan yohud shartnoma bekor qilinishi natijasida qaytariladigan mablag’lar hisobi yuritiladigan hisobraqam. Jamg’arma depozit hisobraqamda saqlanadigan mablag’lar uchun bank va mijoz o’rtasida tuziladigan shartnomada nazarda tutilgan miqdorda foizlar to’lanadi.
Muddatli depozit hisobvarag’i
Shartnomada qat'iy kelishilgan muddatga qo’yilgan mijozlarning mablag’lari hisobi yuritiladigan hisobraqam. Bankda foiz evaziga pullar muddatli omonatga qo’yilganda, mazkur hisobraqam ochiladi.
Ssuda hisobvarag’i
Belgilangan tartibda mijozlarga berilgan kreditlarning hisobi yuritiladigan hisobvaraq.
Talab qilib olinguncha depozit hisobvarag’i
Mijozlarning birinchi talabi bilanoq beriladigan yoki o’tkazib beriladigan mablag’larning hisobi yuritiladigan hisobvaraq. Odatda oylik ish haqi ko’chirib beriladigan plastik kartochlar uchun talab qilib olguncha depozit hisobvarag’i ochiladi.