17 Mar 2021 |  1,789

Past foizli avtokreditlarning hiylasi nimada?

-

Past foizli avtokreditlarning hiylasi nimada?

Hammaga ma’lumki, bugungi kunda avtokreditlar bozori turli takliflarga boy va bunday takliflar, ayniqsa foizi past bo’lgan avtokreditlar ko’pchilikning e’tiborini o’ziga qaratadi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, past foizli avtokreditlar banklar tomonidan emas, balki deyarli noma'lum firma va tashkilotlar tomonidan taklif etiladi.

Depozit.uz bu borada o’z foydalanuvchilariga juda hushyor bo’lishni tavsiya etadi va bunday avtokreditlardan foydalanmaslik uchun asos hisoblanadigan bir nechta sabablarni keltirib o’tamiz:

1-sabab. Avtokreditlar bo’yicha past foiz taklif etilganida foizlar no’to’g’ri hisoblanadi. Buni quyidagicha tushuntiramiz (banklar tomonidan taklif etilayotgan avtokreditlar misolida): 

Mashina narxi – 100 mln. so’m.
Avtokredit foiz stavkasi – yillik 22%.
Kredit muddati – 3 yil. 
Boshlang’ich badal – 30%, 30 mln. so’mga teng bo’ladi. 

Demak kredit miqdori 70 mln. so’mni tashkil etadi va yillik foiz stavkasi – 22% aynan 70 mln. so’mdan hisoblanadi, ya’ni bir oylik kredit to’lovi asosiy qarz (70 mln. / 36 oy) 1 945 000 so’m va foiz to’lovi (70 mln * 22% / 12 oy) 1 284 000 so’m, jami 3 229 000 so’mdan iborat bo’ladi. Banklar avtokreditlar bo’yicha asosan differensial to’lov, ya’ni foiz to’lovi asosiy qarz qoldig’iga nisbatan hisoblanadigan usuldan foydalanadi va asosiy qarz qoldig’i kamaygan sari foiz to’lovi ham kamayib boradi.

Endi past foizli avtokredit taklif qilayotgan tashkilotlar qanday hisob-kitob asosida mijozlarni jalb qilishini ko’rib chiqamiz. Bunday tashkilotlar foiz stavkasini ikki barobar past qilib ko’rsatadi - 12-14% atrofida, lekin aslini olganda ularning foiz stavkasi banklarniki bilan teng yoki undan ham balandroq bo’lib chiqadi. Buni ham yuqoridagi misol asosida hisoblab ko’rsatamiz. Demak, huddi shu ma’lumotlar bor, ya’ni mashina narxi – 100 mln so’m, boshlang’ich badal – 30 mln. so’m, 3 yil muddatga, faqatgina yillik stavka 14% miqdorida belgilangan. Bunda ham kredit summasi 70 mln. so’mni tashkil etadi, lekin kredit taklif etayotgan tashkilot sizga uch yil davomida to’lanadigan kredit foizi umumiy summasini uch yilga bo’lib, bu summa kredit miqdorining 14%ini tashkil etadi deb ko’rsatib beradi (29,14 mln. so’m / 3 yil = 14%). Bu holat mutlaqo no’tog’ri! Aynan shu misolda kredit bo’yicha to’lanadigan foiz to’g’ri hisob-kitob qilinsa, yillik foiz stavka 27%ga to’g’ri keladi.  

2-sabab. Past foizli avtokredit taklif etayotgan tashkilotlar ko’p hollarda boshlang’ich badalni ixtiyoriy summada – 5-10% miqdorida (banklarda boshlang’ich badal miqdori kamida 25-30%) tezroq to’lanishini talab etadi. Bunday holat mijozni albatta shubhalantirishi zarur. Chunki bunday tashkilot katta ehtimol bilan sizning pullaringiz bilan birga yo’q bo’lib qolishi mumkin. Bu kabi holatlar doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilyapti.  

3-sabab. Avtokredit bo’yicha foiz to’lovi kredit qoldig’idan emas, balki avtomobilning to’liq narxidan hisoblanadi. Bu holat albatta past foizli kredit beruvchi tomon uchun juda foydali, chunki foiz to’lovi miqdori kamaymaydi va past foiz o’rnatilgan bo’lsa ham foyda yuqori bo’ladi.

Avtokreditlar bilan bo’g’liq bu kabi nayranglarga yana ko’p misollar keltirish mumkin. Asosiysi past foizli avtokreditlar takliflariga uchmaslik kerak, agar juda ishonchli tashkilot tomonidan taklif etilayotgan bo’lsa va bunday avtokreditni olmoqchi bo’lsangiz, unday holda shartnoma shartlari bilan juda e’tiborli bo’lib tanishib chiqish zarur.

Biz mutaxassislar sifatida Sizga o’z tavsiyalarimizni berdik, tanlov qilish esa Sizdan!

Banklar, lizing kompaniyalari va rasmiy dilerlik salonlari tomonidan taklif etilayotgan  avtokreditlar, avtolizinglar va muddatli to'lov bo'yicha eng yaxshi takliflar shartlari bilan bizning saytimizda tanishishingiz mumkin.

 Teglar

Avtokreditlar

O'xshash yangiliklar

depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish