Top.Mail.Ru

Bankda omonatni qanday ochish mumkin

Oldinroq yozganimizdek, bank omonati pul jamg’armalarini saqlashning va pul yig’ish eng oson yo'lidir. Siz bankka ma'lum pul miqdorini o'tkazasiz, bank esa buning evaziga pulingizni saqlash davri uchun foizlar to'laydi.

Bankda omonatni qanday ochish mumkin

Bugun biz sizga omonatni qanday ochishni, qanday qilib eng mosini tanlashni va omonatni ochgandan keyin nimalarni bilish kerakligini aytib beramiz.

Omonatlar faqat banklarda ochiladi. Boshqa barcha moliya institutlari, masalan, mikrokredit yoki mikromoliya kompaniyalari sarmoya kiritishni va evaziga daromad olishni taklif qilishlari mumkin. Ammo bunday investitsiyalarni omonat deb atash mumkin emas.

Omonatlarning daromad olish imkonini beruvchi barcha boshqa vositalardan asosiy farqi ularning ishonchliligidir. Banklardagi pullar davlat tomonidan sug'urtalangan, daromad esa kafolatlangan - siz oldindan belgilangan foizlarni olasiz.

Kimlar bankda omonat ochishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bank omonatchilari bo‘lishi mumkin. Omonatni boshqarish imkoniyati omonatchining yoshiga bog'liq. Omonatchi 14 yoshdan boshlab hisobvaraq ustidan qisman nazoratni oladi: qonun hujjatlariga muvofiq kredit tashkilotlariga omonat qo‘yadi va ularni tasarruf etadi (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-moddasi);

Omonat ochishni nimadan boshlash kerak?

Birinchi navbatda, pulni nima maqsadda jamg’arish va bank takliflarining qaysi jihatlari siz uchun muhimligini aniqlang. Buning uchun bir nechta savol bering.

  1. Pulni qachon qaytarib olishni istayman?

Omonatdagi pulni istalgan vaqtda qaytarib oladigan mijozlar uchun banklar talab qilib olinguncha omonatlarni taklif qiladi. Mijozlar istalgan vaqtda bunday omonatdan pul olishlari mumkin va bunda foizlar kuymaydi. Ammo bunday depozitlar bo'yicha stavka juda past - odatda yiliga 0,1% dan oshmaydi.

Agar siz ma'lum bir sanaga jamg'arsangiz, u holda muddatli omonat ochish maqsadga muvofiq bo'ladi. Banklar omonatlarni uch, olti, to'qqiz oy, bir, ikki yoki uch yilga taklif qiladi.

Odatda, omonat muddati qancha uzoq bo'lsa, undagi stavka shunchalik yuqori bo'ladi. Ammo ko'p hollarda, agar siz shartnoma muddati tugashidan oldin pulni olishga qaror qilsangiz, foizlar sizga pastroq stavkada qayta hisoblab chiqiladi.

  1. Omonatni to'ldirishim yoki undan qisman pul yechishim kerakmi?

Bank shartnomasi shartlari pul bilan nima qilishingiz mumkinligini aniqlaydi, masalan, daromadni yo'qotmasdan qisman yechib olish yoki omonatni to’ldirish.

Agar sizda ma’lum bir miqdorda pul bo'lsa va siz uni jamg’arishni istasangiz, unda siz " pulni qo'ying va unuting" tamoyili bo'yicha harakat qilishingiz mumkin. Bunday holda, to'ldirilmaydigan va yechib olinmaydigan omonat sizga mos keladi - banklar ko'pincha bunday omonatlar bo’yicha eng yuqori stavkalarni taklif qiladi.

Ammo, ehtimol, vaqti-vaqti bilan hisobingizga pul qo'shib borish, masalan, har bir maoshdan, asta-sekin jamg’arish sizga qulayroq bo'lsa, to'ldiriladigan omonatni tanlash yaxshidir.

Agar siz omonat bo'yicha nafaqat foizlarni, balki kerak bo'lganda dastlab qo'ygan summadan pulni qisman yechib olishni istasangiz, sizga qisman yechib olinadigan omonat kerak bo'ladi. Foizlar yo'qolmaydi, lekin bunday depozitlarda foiz pastroq bo'lishi mumkin. Odatda, banklar minimal qoldiqning hajmini ham belgilaydilar.

  1. Pulni qaysi valyutada saqlash kerak?

Odatda banklar omonat ochish mumkin bo'lgan bir necha valyutalarni taklif qiladi, bu ko'pincha AQSh dollari va yevroda, ba'zan esa rublda.

Ammo xorijiy valyutadagi depozitlar bo'yicha stavkalar odatda juda past bo'ladi, shuning uchun bunday depozitlar valyutani saqlash usuli sifatida qaralishi kerak, yuqori daromad olish usuli sifatida emas.

Depozitni qanday ochish kerak?

Agar siz qaysi omonatni va qayerda ochishni hal qilgan bo'lsangiz, shunchaki bank depoziti shartnomasini tuzishingiz kerak. Bu hujjat bilan quyidagilar belgilanadi:

  • omonat turi (nomi);
  • uning dastlabki miqdori;
  • foiz stavkasi;
  • foizlarni hisoblash tartibi (oddiy foiz yoki kapitalizatsiya bilan);
  • omonatni qaytarish muddati, qaytarish tartibi, shu jumladan muddatidan oldin (ayrim banklar omonatni yopish va undagi pulni naqd ko’rinishda olishni istasangiz, bu haqida bir necha kun oldin xabardor qilishingizni talab qiladi);
  • boshqa shartlar, masalan, omonatni to‘ldirish yoki undan pulni qisman yechib olish imkoniyati.

 

Shartnoma qog'ozda ham, elektron shaklda ham imzolanishi mumkin.

O’zingizning bankingizda siz saytdagi shaxsiy kabinetingiz yoki mobil ilova orqali omonat ochishingiz mumkin. Onlayn omonat ochishda foizlar ko'p hollarda yuqoriroq bo'ladi.

Ba'zi banklar, agar siz ilgari ularning mijozi bo'lmagan bo'lsangiz ham, masofadan turib depozit ochishni taklif qiladi. Bank siz uchun omonat hisobvarag'ini ochadi, u yerda jamg'armalaringiz saqlanadi. Bunday hisobni yuritish uchun banklar hech qachon komissiya olmaydi.

Men omonat ochdim. Bank menga omonat kitobini berishi kerakmi?

Buning zarurati yo’q. Ilgari qog'oz jamg’arma daftarchalari mijozning depozitga bo'lgan huquqini tasdiqlovchi o'ziga xos hujjat edi.

Endi hisobvaraqdagi summani tekshirish, bank filialiga pul qo‘yish yoki yechib olish uchun pasportni taqdim etish kifoya. Onlayn yoki mobil banking orqali balansni kuzatib borish va depozit operatsiyalarini amalga oshirish yanada qulayroq.

Ammo ba'zilar omonat miqdori belgilangan hujjatga ega bo'lsagina, oz’ligini xotirjamroq xis etadi. Shu sababli, ba'zi omonatlarning shartlari hali ham qog'oz jamg’arma daftarchalarini chiqarishga imkon beradi. Agar shu jihat mijoz uchun zarur bo'lsa, shartnomani imzolashdan buni aniqlab olish kerak.

Bank mening omonatimni qanday qaytaradi?

Qaysi depozitni ochsangiz ham, bank sizning talabingizga binoan pulni sizga qaytarib beradi. Ammo shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, siz to'liq yoki qisman foizlarni yo'qotishingiz mumkin.

Shunday qilib, omonat ochish uchun siz:

1. Omonatning muddati, omonatni to'ldirish, omonatdan pul mablag'larini qisman yechub olish, omonat valyutasi kabi muhim shartlarini aniqlab oling.

2. Depozitni ochish usuli haqida qaror qabul qiling - onlayn yoki bankka tashrif buyurish orqali.

3. Depozit.uz saytida eng mos shartlarga ega depozitni tanlang.

4. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatni tayyorlang, bu omonatni onlayn ro'yxatdan o'tkazish uchun ham, bankka tashrif buyurgan holda omonat ochish uchun ham zarur.

Depozit.uz moliyaviy supermarketi uyingizdan chiqmasdan ham eng yaxshi takliflarni topishga yordam beradi.

16:18 • 28 August, 2023

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish