Ma'lum bo'lishicha, "Shoshilmasdan" omonatiga foizlar veb-saytda ko'rsatilgandan kam.
Regulyatorning matbuot xizmati xabar berishicha, "Anorbank" Markaziy bankdan ogohlantirish olgan.
Bank veb-saytida “Shoshilmasdan” omonatiga yiliga 26% gacha foizlar hisoblanishi ko‘rsatilgan, ammo to‘liq muddat 379 kun bo'lgan holda daromadlar turli xil stavkalarda hisoblab chiqilgan oraliq davrlar mavjud.
"Bundan kelib chiqadiki, omonat bo‘yicha foizlarni tabaqalashtirilgan ravishda hisoblash natijasida ushbu omonat bo‘yicha yillik real daromadlilik 26 foizdan kamni tashkil qiladi", - deyiladi xabarda.
Markaziy bank bunday marketing odamlarni bank omonatlaridan tushadigan real daromad to‘g‘risida chalg‘itishi mumkin deb hisoblaydi. Regulyator Anorbank rahbariyatini kelajakda bunday ma‘lumotlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi to‘g‘risida ogohlantirdi.
Anorbank - bozorda 2020-yildan beri xizmat ko'rsatayotgan, mahalliy "raqamli" bank bo‘lib, masofadan turib xizmat ko‘rsatish foydasiga filiallaridan voz kechgan bankdir.