Omonatlarning effektiv (haqiqiy) foiz stavkasi qanday?
Odatda foydalanuvchilar yuqori daromad olish uchun eng baland foizli omonatlarni tanlashga harakat qilishadi. Lekin, buni doim ham to’g’ri qaror deb bo’lmaydi.
Sababi ba’zi omonatlarda omonat muddatining turli davrlari uchun turli foiz stavkasi keltirilgan va asosiy foiz sifatida davrlardagi eng yuqori foiz ko’rsatiladi. Ammo bu omonatning to’liq muddati uchun ushbu yuqori foizda daromad olish mumkin degani emas. Bu turdagi omonatlar differensial muddatli omonatlar deyiladi.
Yoki aksincha, omonatga qo’shimcha shartlarga ko’ra daromad qo’shilishi, natijada omonat foiz stavkasi asl foiz stavkadan yuqori bo’lishi mumkin. Masalan, oylik daromad omonat summasiga qo’shib borilib, keyingi oylarda foiz shu umumiy summaga hisoblansa, daromad asl foiz stavkadan yuqori bo’ladi. Bu turdagi omonatlar kapitalizatsiyali omonatlar deyiladi.
Yana, avansli omonatlar turi ham bor. Bu turdagi omonatlarda daromad oldindan avans shaklida to’lab beriladi. Olingan daromadni boshqa omonatga qo’yish orqali esa yana qo’shimcha daromad olish mumkin. Natijada daromad asl foiz stavkadan yuqori bo’ladi.
Depozit.uz Sizga ushbu turdagi omonatlar shartlarini, va solishtirma jadvalda, haqiqiy foiz stavkasi qanday bo’lishi va bu daromadga qanday ta’sir qilishi haqida ma’lumot keltiradi.
DIFFERENSIAL
Anorbankning “Shoshilmasdan” omonati 370 kunga mo‘ljallangan. Minimal summa – 1 mln so’m. 1-3 oy - 18%, 4-6 oy - 21%, 7-9 oy - 23%, va 10-12 oy - 26% stavkasida foiz hisoblanadi. Omonat foizi 26 foizgacha deb belgilangan. Daromad har oyda to‘lab beriladi.
KAPITALIZATSIYALI
TBC Bankning “TBC Depozit” omonati cheklanmagan muddatga yillik 20 foiz stavkasida qabul qilinadi. Minimal summa – cheklanmagan. Omonat bo‘yicha foizlar kunlik hisoblanadi va har oyda to‘lab beriladi.
AVANSLI
Asakabankning “Avans” omonati 370 kun muddatga yillik 19 foizgacha bo‘lib, omonat bo‘yicha foiz to‘lovlari avans shaklida amalga oshiriladi. Minimal summa – 1 mln so’m. Omonat Asaka Mobile mobil ilovasi orqali joylashtirilganda 1 foiz qo‘shiladi hamda jami yillik umumiy miqdor 20 foizni tashkil qiladi.
Sizga tushunarli bo‘lishi uchun yuqorida nomlari tilga olingan omonatlarni solishtirma jadval ko‘rinishida hisob-kitobini keltiramiz:
“Asakabank”dan “Avans” omonati. Omonat summasi – 1 mln so’m. | ||||
Omonat foiz stavkasi - yillik 20% | Omonatga hisoblanib, oldindan beriladigan summa (avans) | Avansni qayta 20 foizlik omonatga rasmiylashtirib qo’yganda, undan olinadigan yillik daromad summasi | Jami yillik daromad summasi | Jami yillik haqiqiy foiz stavkasi |
Omonatga hisoblanadigan foizlar | 200,000 so’m | 40,000 so’m | 240,000 so’m | 24% |
“Anorbank”dan “Shoshilmasdan” omonati. Omonat summasi – 1 mln so’m. | ||||||
Omonat foiz stavkasi | 1-3 oylar – yillik 18% | 4-6 oylar – yillik 21% | 7-9 oylar – yillik 23% | 10-12 oylar – yillik 26% | Jami yillik daromad summasi | Jami yillik haqiqiy foiz stavkasi |
Omonatga hisoblanadigan foizlar | 45,000 so’m | 52,500 so’m | 57,500 so’m | 65,000 so’m | 220,000 so’m | 22% |
“TBC Bank”dan “TBC Depozit” omonati. Omonat summasi – 1 mln so’m. | ||||||||||||||
Omonat foiz stavkasi | 1-oy yillik 20% | 2-oy yillik 20%+kap* | 3-oy yillik 20%+kap* | 4-oy yillik 20%+kap* | 5-oy yillik 20%+kap* | 6-oy yillik 20%+kap* | 7-oy yillik 20%+kap* | 8-oy yillik 20%+kap* | 9-oy yillik 20%+kap* | 10-oy yillik 20%+kap* | 11-oy yillik 20%+kap* | 12-oy yillik 20%+kap* | Jami yillik daromad summasi | Jami yillik haqiqiy foiz stavkasi |
Omonatga hisoblana-digan foizlar | 16,600 so’m | 16,875 so’m | 17,145 so’m | 17,430 so’m | 17,719 so’m | 18,013 so’m | 18,312 so’m | 18,616 so’m | 18,925 so’m | 19,232 so’m | 19,559 so’m | 19,884 so’m | 218,310 so’m | 21.94% |
*kapitalizatsiya
Kapitalizatsiyali va Avansli omonatlarni “Qo’shimcha shartlar” filtrida mos variantni tanlash orqali saralab olishingiz mumkin.
Omonatlarning batafsil shartlari bilan Depozit.uz saytining Omonatlar sahifasida tanishishingiz mumkin.