Top.Mail.Ru

Omonatlarni onlayn rasmiylashtirish: qulaylik va afzalliklari

Bugungi kunda deyarli barcha banklar mobil ilovalar yordamida istalgan vaqtda va istalgan joyda omonat ochish imkoniyatini taqdim etmoqda.

Omonatlarni onlayn rasmiylashtirish: qulaylik va afzalliklari

Onlayn omonatlarning eng asosiy afzalligi shundaki, banklar ular bo’yicha oddiy omonatlarga qaraganda 1% yuqoriroq daromad taklif qiladi, bu esa ularning jozibadorligini yanada oshiradi. Onlayn omonatlar ko’proq yosh avlod orasida mashhurlikka ega. Keksa avlod vakillari ushbu turdagi omonatga ishonchsizlik bilan qaraydilar, chunki yoshi kattaroq odamlar har qanday bank operatsiyalari bo’yicha hujjatli tasdiqni olishni afzal ko'radilar. Biroq, bunday shubha mutlaqo asossizdir.

Keling, onlayn va an'anaviy depozitlar o'rtasidagi farq nimada, ularning ishonchliligiga shubha qilish kerakmi va aholining ularga nisbatan ishonchsizligi qanchalik oqlangan kabi savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Onlayn omonat nima?

Aslida, onlayn omonatlar ham bu oddiy omonatlar, faqat elektron shaklda bo’ladi va mobil telefonlarda joylashadi. Bunday omonatlar bo‘yicha barcha operatsiyalar, jumladan, omonatni ochish, to‘ldirish, u bo‘yicha foizlarni to‘lash va uni to‘liq yopish banklarning mobil ilovalari orqali onlayn rejimda amalga oshiriladi.

Onlayn omonatlarning qanday afzalliklari bor?

Onlayn omonatlar bir qator afzalliklarga ega:

  • Omonat ochish uchun bankka tashrif buyurish shart emas;
  • Omonat bilan bog’liq har bir operatsiyani amalga oshirish uchun navbatda turish shart emas;
  • Mobil ilova orqali omonat rasmiylashtirish jarayoni bir necha daqiqa amalga oshiriladi;
  • Omonatni istalgan vaqtda va istalgan joydan boshqarish mumkin;
  • Omonat plastik kartadan naqd pulsiz shaklda to'ldirilishi mumkin;
  • Agar sizga pulning bir qismi yoki hammasi kerak bo'lsa, istalgan vaqtda omonatni yopishingiz va mablag'ingizdan foydalanishingiz mumkin.

Onlayn omonatni qanday qilib ochish mumkin?

Onlayn omonatlarni identifikatsiyadan o‘tgandan so‘ng banklarning mobil ilovalari orqali ochish mumkin. Identifikatsiya o’tish mobil ilova orqali amalga oshirilishi mumkin, buning uchun siz pasport ma'lumotlarini kiritishingiz va boshqa kerakli ma'lumotlarni to'ldirishingiz kerak. Ammo ba'zi banklar mijozning shaxsini aniqlash uchun uning bankka tashrif buyurishini talab qiladi. Bunday hollarda, albatta, bir marotaba bankka borishga to’g’ri keladi. Bundan tashqari, ayrim banklarda onlayn omonat ochish uchun shu bankning plastik kartasini rasmiylashtirish talabi mavjud. Bu holatda ham, agar ushbu bankda kartalarga onlayn buyurtma berish va yetkazib berish xizmati bo'lmasa, bankka borib, kartani ochishingiz kerak bo'ladi.

Onlayn omonatlar bo'yicha foizlar qanday to'lanadi?

Onlayn omonatlar bo‘yicha foizlar huddi oddiy omonatlar kabi hisoblab chiqiladi va muayyan turdagi omonat shartlarida belgilangan tartibda plastik karta, virtual karta yoki bank mobil ilovasining elektron hamyoniga to‘lab beriladi.

Bank tugatilgan taqdirda onlayn omonatlarni qaytarish kafolatlanadimi?

Onlayn omonatlar, har qanday omonat turi kabi, miqdori va valyutasidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi tomonidan sug‘urta qilinadi. Ular uchun boshqacha tartib belgilanmagan.

Aynan onlayn omonatlar bilan bog'liq qandaydir xavflar mavjudmi?

Onlayn omonatlarni ochish mutlaqo xavfsizdir, hatto qo'lda hujjatlar bo'lmasa ham, ushbu omonat bo'yicha mablag'lar kiritilishi va harakatlanishini hisobvaraqdan ko'chirmalar bilan tasdiqlash mumkin bo'ladi. Agar mijozda qog'oz shaklidagi shartnoma yo'qligi shubha tug’dirayotgan bo'lsa, unda bu umuman muammo emas. Mobil ilova orqali omonat ochgandan so'ng, mijoz istalgan vaqtda bank ofisiga borib, shartnoma nusxasini chop etishni so'rashi mumkin. Ko'p hollarda, onlayn omonatlar bo’yicha shartnoma vazifasini ommaviy oferta bajaradi va unda omonat bo’yicha barcha shartlar belgilangan bo’ladi.

Omonatni rasmiylashtirishda texnik muammolarga nisbatan mijozlarning shubhasi haqida gapiradigan bo’lsak, bu holda aniq bilan aytish mumkinki, texnik muammolar bank ofislarida hisob raqamlarini ochgan va buni tasdiqlovchi barcha hujjatlarga ega bo'lgan mijozlar bilan ham sodir bo’lishi mumkin. Chunki bugungi kunda barcha bank operatsiyalari avtomatlashtirilgan bank tizimida amalga oshirilib, ularning qog'oz shakli minimal darajaga tushirilmoqda. Ammo bunday holatlar juda kam uchraydi, shuning uchun bank mijozlari bu haqida o'ylamasliklari ham mumkin.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimizki, agar sizning vaqtingiz siz uchun qimmatli bo'lsa va sizning xotirjamligingiz muhim bo'lsa, siz banklarga pulingizni onlayn ko’rinishada ishonch bilan topshirishingiz va ularning xavfsizligi haqida qayg'urmasligingiz mumkin. Bundan tashqari, bu qo'shimcha daromad olish uchun ham yaxshi imkoniyatdir.

Banklarning barcha onlayn omonatlari haqida batafsil ma’lumotni Omonatlar sahifasida qo’shimcha shartlar bo’limida “Mobil ilova orqali ochish”ni belgilagan holda ko’rishingiz mumkin.

16:32 • 29 August, 2023

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish