Top.Mail.Ru

Xorijiy kredit taklif etayotganlarga ishonish kerakmi?

Firibgarlardan ehtiyot bo'ling

Xorijiy kredit taklif etayotganlarga ishonish kerakmi?

“Tekin pishloq faqatgina tuzoqda boʻladi”

Qachonki sizga “tekin pishloq”, yaʼni biron tovar yoki xizmatni bozordagi oʻrtacha narxlar va shartlardan sezilarli darajada arzonroq va qulayroq shartlarda taklif qilishayaptimi, bilingki, katta ehtimol bilan bu firibgarlik. Albatta, agar taklif qilayotganlar sizning qarindoshlaringiz, yaqinlaringiz, xayriya qilayotganlar yoki davlat boʻlmasa.

Hech kim, jumladan oʻzingiz ham, tovar va xizmatlarni begona insonga bozor narxlari va shartlaridan sezilarli darajada qulayroq shartlarda bermaysiz (xayriya amallaringiz bundan mustasno). Iqtisodiyotda bu holat nisbiy xarajat (opportunity cost) deb ataladi. Agarda siz tovar yoki xizmatni bozor narxidan ancha arzonga sotsangiz, siz katta miqdorda nisbiy xarajatga yoʻl qoʻygan bo’lasiz. Tabiyki, ongli insonlar imkon qadar bunday xarajatga yoʻl qoʻymaslikka xarakat qiladilar. Kimki, atayin bu xarajatni oʻz boʻyniga olishga tayyor ekan (xayriya va qarindoshlik amallaridan tashqari), bilingki bu inson sizdan qandaydir yoʻl bilan pul undirmoqchi.

Maʼlum boʻlishicha aksariyat hollarda xorijiy kredit quyidagi shartlar bilan va’da qilinadi:

  • Goʻyoki xorijdagi bank yoki boshqa tashkilot (ba’zi hollarda chet el fuqarosi) tomonidan ajratiladi;
  • Arzon foizlarda (goʻyoki xorijda foizlar pastligi uchun);
  • Hujjatlarsiz (faqat pasport bilan) va taʼminotsiz (baʼzi hollarda chalgʻitish maqsadida tilxat yoki shunga oʻxshash yuridik kuchi mavhum hujjat soʻraladi);
  • Kredit ajratilishidan avval komission toʻlov koʻrinishida pul talab qilinadi.

Endi nima sababdan xorijiy kredit taklif etayotganlar katta ehtimol bilan firibgar ekanligini tushuntiramiz.

Birinchidan, xorijda hattoki Afrika mamlakatlarida ham kreditlash faoliyati bilan faqatgina maxsus litsenziyaga ega banklar va nobank kredit tashkilotlari shugʻillanadi. Jismoniy shaxslar kredit berish huquqiga ega emas.

Ikkinchidan, xorijiy banklar va tashkilotlar faqatgina shu davlatning fuqarolari boʻlgan, ijobiy kredit tarixi va barqaror toʻlov qobiliyatiga ega shaxslarga kredit ajratadi. Xorijiy banklar Oʻzbekistonda yashaydigan shaxslarning kredit tarixi va daromadini tekshira olmasligi sababli ularga kredit ajratmaydi.

Uchinchidan, ba’zi xorijiy mamlakarlarda haqiqatan foizlar past. Ammo, past foizlar faqatgina shu davlatning fuqarolari boʻlgan, ijobiy kredit tarixi va barqaror toʻlov qobiliyatiga ega shaxslarga amal qiladi. Xorijiy banklar, kredit tarixi va toʻlov qobiliyati ular uchun noma’lum boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolariga “otib tashlasa ham” past foizlarda kredit bermaydi. Solishtirish uchun, bugungi kunda foizlari eng past boʻlgan Evropa banklari va investitsion fondlari ham, hattoki Oʻzbekistonning davlat banklariga oʻrtacha yillik 4.5-5% stavkasida kredit ajratishmoqda.

Toʻrtinchidan, xorijda banklar hujjatlarsiz, faqatgina pasport asosida mijozning kredit tarixi va daromadlarini toʻliq bilib olish imkoniyatiga ega boʻlgani uchun pasportni oʻzi bilan kredit ajratadi. Lekin, bu xorijiy banklar Oʻzbekistonda yashaydigan shaxslarga ham faqat pasport bilan pul beradi degani emas. Yuqorida aytilganidek, xorijiy banklar Oʻzbekiston fuqarolari kredit tarixi va toʻlov qobiliyatini tekshira olmaydi.

Beshinchidan, haqiqiy xorijiy banklar davlat kafolatisiz yoki maxsus xalqaro sugʻurta kompaniyalarining qimmatbaho sugʻurta qoplamasisiz hattoki Oʻzbekiston banklariga ham kredit ajratmaydi.

Oltinchidan, xorijiy banklar va tashkilotlar kredit ajratilishidan oldin rasmiy shartnomasiz va oddiy pul oʻtkazmalari tizimi orqali jismoniy shaxs nomiga toʻlov oʻtkazishni soʻrashmaydi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib, bunday “zoʻr” takliflarga rozi boʻlishdan avval, bu “tekin pishloq” emasligiga amin boʻlishingizni va “pulga tushib qolmaslik” maqsadida firibgarlarning bunday yolgʻon va’dalariga ishonmasligingizni soʻraymiz.

20:40 • 03 February, 2021

Depozit.uz Yangiliklari

home icon Bosh sahifa menu icon Menyu profile icon Profil
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish