04 Aug 2021 |  139

Asosiy stavka nima va uning bozorlarga taʼsiri qanday?

Asosiy stavka nima va uning bozorlarga taʼsiri qanday?

Markaziy bank asosiy stavkasi -  pul-kredit siyosatining asosiy vositasi bo‘lib, pul bozorida banklararo nominal foiz stavkalarini tartibga solish imkonini beradi. 2020 yilning 11 sentyabridan, bugungi kungacha Markaziy bank tomonidan asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Iqtisodiyotga bugungi kundagi moliyaviy rag‘batlantirishlarning monetar taʼsirlari, asosiy oziq-ovqat narxlari dinamikasi, inflyatsion xatarlar va kutilmalarning yuqori darajasi asosiy stavkani oshirish tomonga ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Lekin, shu bilan birga ayrim omillar, xususan, hali pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning noaniqligi sharoitida iqtisodiyotni o‘sish surʼatlarini sekinlashtirib qo‘ymaslik, yaʼni tiklanayotgan iqtisodiy aloqalarni uzib qo‘ymaslik ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

Shuningdek, 2020 yilda pandemiya davrida pul-kredit sharoitlarini yumshatish masalasiga ehtiyotkorona yondashilib, asosiy stavkani pasaytirishda uning inflyatsiyaga nisbatan 2-3 foizlik real darajasi saqlanib qolingan edi, yaʼni asosiy stavka inflyatsiya ko‘rsatkichidan past darajaga tushirib yuborilmagan edi.

Iqtisodiy va investitsion faollikni yuqori surʼatlarda oshayotganligi, yalpi talab hamda mavjud inflyatsion va devalvatsion kutilmalar inflyatsion bosimni vujudga keltirishi mumkin.

Shu bilan birga, iqtisodiy va investitsion faollikni jadal oshishi sharoitida asosiy stavkani ko‘tarilishi real foiz stavkalariga yana-da oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin. Tahlillar, kredit foizlari bo‘yicha bugungi kunda shakllangan real foiz stavkasidagi marjinallik (2-3 foiz) maqbul darajada ekanligini ko‘rsatmoqda.

Umuman olganda, joriy inflyatsion vaziyat narxlarga taʼsir etuvchi ham monetar, ham nomonetar omillarni minimallashtirish bo‘yicha tezkor choralar zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, Boshqaruv yig‘ilishida asosiy foiz stavkasini o‘zgartirmasdan pul-kredit instrumentlari to‘plamini faollashtirishga va ularga bir qator o‘zgartirishlar kiritishga qaror qilindi.

Mazkur qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgan omillar quyidagilar:

- birinchidan, yuqorida qayd etilganidek, inflyatsion kutilmalar hamon yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Har oyda o‘tkaziladigan so‘rovlar natijalari kelgusi o‘n ikki oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 16,3 foiz darajasida saqlanib qolmoqda. Ushbu kutilmalar bugungi kunda Markazyi bankni xavotirga solayotgan birinchi darajali masala bo‘lib turibdi.

Mazkur yuqori surʼatlarni doimiy xususiyat kasb etib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Narxlar borasidagi kutilmalarni pasayishiga sharoit yaratilmas ekan, barqarorlik ko‘rsatkichlariga chiqish qiyinlashib boradi. O‘rganishlar kutilmalarning kelgusi dinamikasi ko‘proq asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashuvi va so‘m almashuv kursi dinamikasiga muvofiq tarzda shakllanib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli, kutilmalar dinamikasi va ularni jilovlash Hukumat va Markaziy bankning asosiy eʼtiboridagi dolzarb masalalardan bo‘lib qoladi.

-       ikkinchidan, inflyatsiyaning joriy dinamikasi ham Markaziy bank ko‘zlagan darajada emas. Mohiyatan bugungi kundagi inflyatsion jarayonlarda ham talab, ham taklif omillari mujassamlashganligi ko‘rinmoqda.

Iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar iqtisodiy faollik darajasini qo‘llab-quvvatlab, narxlarga talab tomonidan bosim yaratayotgan bo‘lsa, xizmatlar ko‘rsatish va mahsulot ishlab chiqarish, yetkazib berish va importi bilan bog‘liq masalalardagi uzilishlar taklif tomondan narxlarni oshirmoqda. Xususan, 2021 yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, so‘nggi to‘rt-besh oy davomida deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Narxlar o‘zgarishidagi iyul oyining dastlabki uch haftasidagi natijalar joriy oyda ham inflyatsiyaning yillik 11 foiz atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda. 

2021 yilda tarkibiy jihatdan inflyatsiyaga eng katta oshiruvchi hissani oziq-ovqat mahsulotlari guruhidagi narxlarning yuqori surʼatlarda o‘sishi kutilmoqda. Iyun oyida ushbu guruh narxlari yillik hisobda qariyb 15 foizga o‘sib, umumiy inflyatsiyaga 6,2 foiz bandlik hissa qo‘shdi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarning narxlari (o‘simlik yog‘i, shakar, un) ko‘p jihatdan jahon bozorlari va tashqi savdo hamkorlardagi narxlarga bog‘liq tarzda shakllanmoqda. Joriy yilning may oyidan o‘simlik yog‘lari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi may-iyul oylarida ichki bozorlarda yog‘ mahsulotlari narxlarini barqarorlashiga xizmat qildi.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, may-iyul oylari davomida biz meva va sabzavotlar narxlarida kutilganidek mavsumiy pasayish tendensiyalarini kuzatmadik.

Mazkur holat yil boshidan ob-havo sharoitlari noqulay kelishining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va yetilish muddatlariga taʼsiri, qo‘shni mamlakatlardan meva-sabzavotlarga bo‘lgan tashqi talabning o‘sishi bilan izohlash mumkin. Nooziq-ovqat va xizmatlar narxlarida iyun oyida yillik o‘sish surʼatlari mos ravishda 8 foiz atrofida shakllanib, umumiy inflyatsiyani prognoz doirasida bo‘lishiga yordam berdi.

Ayni paytda, bu guruhda yoqilg‘i mahsulotlari narxlarida yuqori o‘sish surʼatlari kuzatilib, bir tomondan yil boshidan boshlab neft narxi oshishiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan iqtisodiy jarayonlarni faollashuvi sharoitida ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshib borishini o‘zida ifoda etadi.

-       uchinchidan, 2021 yilning ikkinchi choragida mamlakatimizda iqtisodiy faollikning birinchi chorakka nisbatan yana-da jadalroq surʼatlarda oshishi davom etib, iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlarida o‘sish ko‘rsatkichlari pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetdi.             

2021 yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hajmda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizga oshdi. Iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmlarini tiklanishi aholi daromadlarini o‘sishiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotda isteʼmol talabi (aholi daromadlari) hajmining o‘sib borishi, o‘z navbatida, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga, chakana savdo aylanmasining 9 foizga oshishida ham namoyon bo‘ldi.

Birinchi yarim yillikda investitsion talab tiklanish dinamikasi davom etib, asosiy kapitalga yo‘naltirilgan markazlashmagan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi.

Buni, bir tomondan o‘tgan yilning mos davrida pandemiya taʼsirlari, ikkinchi tomondan oxirgi 3-4 yildagi investitsion muhitni yaxshilash, bu sohaga yo‘naltirilayotgan bank kreditlari hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi sifatida baholash mumkin.

Umuman olganda, yanvar-iyun oylarida tijorat banklari tomonidan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ko‘p kreditlar (79 trln. so‘m) ajratildi. Kreditlar bo‘yicha qaytuvchanlik darajasi 2020 yil I yarim yillikdagi 56 foizdan joriy yilning mos davrida 72 foizgacha oshdi. Mazkur holatni korxona va tashkilotlarda moliyaviy mablag‘lar aylanmasining o‘z iziga tushib borayotganligi bilan izohlash mumkin.

Yil boshidan tashqi iqtisodiy sharoitlar ancha qulay shakllandi. Jahon iqtisodiyotida yalpi talab hajmining tiklanib borishi sharoitida asosiy xomashyo tovarlari narxlarida o‘suvchan dinamika saqlanib qolmoqda. Bu o‘z navbatida, eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sishiga xizmat qildi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida shakllangan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar, kelgusida kutilayotgan tendensiyalarni inobatga olib 2021 yil oxirigacha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari qayta ko‘rib chiqildi. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2021 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining real o‘sishi dastlabki (4,5-5,5 foiz) prognozlarimizdan 1,0-1,3 foiz bandga yuqori bo‘lib, 5,8-6,8 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.         

Bank tizimidagi likvidlikni qisqa muddatli tartibga solish bo‘yicha operatsiyalar hajmlari oshirilishiga qaramasdan, moliyaviy resurslarning notekis taqsimlanishi pul bozoridagi foiz stavkalarni Markaziy bank foiz koridoridan chetlashishiga olib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, pul-kredit siyosati instrumentlariga maʼlum bir o‘zgartirishlar kiritishni taqozo qildi va 2021 yilning 1 avgustidan boshlab asosiy stavka foiz koridori +/-2 foiz band etib belgilandi, bunda Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli resurslarni taqdim etish 16 foizlik stavkada, qisqa muddatli resurslarni jalb qilish 12 foizlik stavkada amalga oshiriladi.

Tijorat banklari bilan Markaziy bankning overnayt depozit operatsiyalari doimiy ravishda cheklovlarsiz o‘tkazib boriladi. Majburiy rezervlar bo‘yicha o‘rtachalash koeffitsiyenti 0,75 dan 0,8 gacha oshiriladi. Tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar normativi 14 foizdan 18 foizgacha oshiriladi.

Bu o‘zgarishlardan ko‘zlagan maqsad pul bozoridagi foiz stavkalarini asosiy stavkaga yaqin va foiz koridori doirasida shakllanishini taʼminlashdir. Xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar normativlariga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar, o‘z navbatida, depozitlarning dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning isteʼmol va investitsion (sarmoya kiritish) qarorlariga taʼsir ko‘rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o‘zgarishida ahamiyat kasb etadi.

 Manba

 Teglar

Boshqalar
depozit.uz logo
Eng yaxshi takliflar va yangiliklarni bizning telegram kanalda kuzatib boring.
Obuna bo'lish